qarashlar
Yevropa Rossiya bilan urushayotgan Ukrainani har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotganiga qaramay, yevropaliklarning atigi 10 foizi bu mamlakat Rossiyani mag‘lub etishiga ishonmoqda. Bu haqda Britaniyaning The Guardian gazetasi so‘rovnoma natijalariga tayanib xabar qildi.
Nashrning yozishicha, so‘rovnomada qatnashganlarning aksariyati ikki tomon “murosaga kelish”iga ishonch bildirmoqda.
So‘rov Yevropa Ittifoqiga a’zo 12 davlatda, jumladan, Fransiya, Germaniya, Vengriya, Italiya, Niderlandiya, Polsha, Ispaniya va Shvetsiyada o‘tkazildi. Natijalar Ukrainaning qarshi hujumida boshi berk ko‘chaga kirib qolganini, shuningdek, AQSH siyosatidagi o‘zgarishlar urush natijalariga nisbatan pessimizmni uyg‘otgani, xususan, Donald Trampning ikkinchi muddatga saylanishi ehtimolidan xavotirlar kuchayganini ko‘rsatdi.
So‘rovda qatnashgan har 10 yevropalikdan faqat bittasi Ukraina jang maydonida g‘alaba qozonishiga ishongan, 20 foiz aholi esa Rossiya g‘alaba qozonadi, deb hisoblaydi.
Polsha, Shvetsiya va Portugaliya aholisining har beshinchidan bittasi (17%) Kiyev g‘alaba qozonishiga ishonch bildirgan.
So‘rov natijalariga ko‘ra, barcha mamlakatlar bo‘ylab respondentlarning o‘rtacha 37 foizi urush murosa bilan yakunlanadi, degan fikrda.
Comments
0 comment