menu
Telegram foydalanuvchilar ma’lumotlarini AQSHga ommaviy tarzda bera boshladi 
G‘arb bosimiga qadar Telegram foydalanuvchilarning IP-manzillari va telefon raqamlarini faqatgina terrorizm holatlarida oshkor qilgan

2024-yilda Telegram messenjeri AQSH hukumatiga 2253 nafar foydalanuvchi haqidagi ma’lumotlarni taqdim etib, 900 ta so‘rovni bajardi. Bu haqda 404 Media sayti Telegram Transparency Reports boti ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

The Moscow Times nashri va kompaniya hisobotiga ko‘ra, Rossiyadan kelgan so‘rovlar bo‘yicha bot 30-sentyabrdan keyin ma’lumot bermagan, 2024-yilning dastlabki to‘qqiz oyida ham Telegram Rossiyadan hech qanday so‘rovni bajarmagan.

Telegram maxfiylik siyosatining o‘zgarishi

Bleeping Computer manbasining ta’kidlashicha, G‘arb davlatlari messenjerga foydalanuvchi ma’lumotlariga oid siyosatni o‘zgartirish uchun bosim o‘tkazgunga qadar Telegram foydalanuvchilarning IP manzillari va telefon raqamlarini faqat terrorizm holatlarida oshkor qilgan.

Biroq keyinchalik Telegram’ning maxfiylik siyosati o‘zgartirildi va Durov foydalanuvchilarning ma’lumotlarini kiberjinoyatchilik, noqonuniy tovarlarni sotish va onlayn firibgarlik kabi jinoyatlar uchun ham huquqni muhofaza qilish organlariga berishga va’da berdi.

Durovning hibsga olinishi

Telegram asoschisi 24-avgust kuni Ozarbayjondan Parijga shaxsiy samolyotida borganda Le Burje aeroportida qo‘lga olindi. U fransuz huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan Telegram’da kiber va moliyaviy jinoyatlar masalalarida hamkorlik qilishdan bosh tortganlikda ayblandi. 

Parij sudi uni platformaga aloqador avval e’lon qilingan 12 ta huquqbuzarlikdan 6 tasida, jumladan, hukumat bilan hamkorlik qilishdan bosh tortishda, bolalar pornografiyasini tarqatishda, narkotrafikda ishtirok etishda, shuningdek, uyushgan guruh tarkibidagi firibgarlikda aybladi. 29-avgust kuni u 5 million yevro miqdorida garov to‘lash, haftada ikki marta politsiya uchastkasiga kelish, Fransiyani tark etmaslik sharti bilan ozod qilindi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!