qarashlar
Havo kemasi Airbus konsernining Tuluzadagi zavodi aerodromida barcha zarur texnik hamda parvoz sinovlaridan o‘tib, poytaxtimizga uchib keldi. An’anaga ko‘ra, yangi samolyot suv arkasi bilan kutib olindi. Ushbu tarixiy voqeani Toshkent aeroportida aviakompaniya xodimlari, havo kuzatuvchilari va poytaxtimizdagi oilalar, ommaviy axborot vositalari vakillari kutib oldi.
“Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan so‘nggi yillardagi samarali ishlar pirovardida fuqarolarimizning havo yo‘lidagi parvozini yaxshilash maqsad qilingan.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri zavoddan kelgan kema soddalashtirilgan fuzelyaj rangi – butunlay oq rangda. Yaqin kunlarda samolyot “Uzbekistan Airways Technics” angarlaridan birida milliy xon-atlas tasviridagi an’anaviy livreyani chizish rejalashtirilgan.
Avialaynerning maksimal og‘irligi 22 800 kilogramni tashkil etadi, 1528 kilometrgacha parvozni amalga oshirishi mumkin. Yangi havo kemasi allaqachon parvozlar jadvaliga kiritilgan.
– Mamlakatimiz bo‘ylab aviaqatnovlarga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Mahalliy va xalqaro yo‘nalishlarda reyslar soni ko‘payapti, - dedi "Uzbekistan Helicopters" MCHJ direktori Sardor Irmuhamedov. – Keltirilgan samolyot o‘zining ilk parvozini mahalliy yo‘nalish bo‘yicha amalga oshiradi. Yoz mavsumidan boshlab qo‘shni davlatlarga ham parvozlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Aviakompaniya o‘z oldiga ulkan maqsadlarni qo‘ygan. Mamlakatimiz ichida amalga oshiriladigan parvozlarda yetakchi bo‘lish, doimiy ravishda yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirib borish va aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish shular jumlasidan.
“Silk Avia” aviaparki 72 tagacha yo‘lovchini sig‘dira oladigan to‘rtta ATR 72-600 mintaqaviy yo‘lovchi tashuvchi havo kemalarini o‘z ichiga oladi. Kompaniya Toshkent, Buxoro, Qarshi, Navoiy, Namangan, Samarqand, Termiz, Farg‘ona va Urganch shaharlarini bir-biri bilan bog‘laydi.
– Umumiy maqsadimiz, Yangi O‘zbekistonning maqsadi – respublika bo‘ylab aviaqatnovlar sonini oshirish va ichki turizmni rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratishdir, – deydi “Uzbekistan Airways” AJ Boshqaruv raisi Shuxrat Xudoyqulov. – Bunga esa mamlakatimiz shaharlari o‘rtasidagi aviatsiya aloqalarini tiklagan holda, turbovintli ATR brendi ostidagi havo kemalari, shubhasiz katta yordam beradi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/tp70NDG_hwg?si=xqeFB9OISjBYuwgs" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
“Silk Avia” – O‘zbekistonning birinchi mintaqaviy aviakompaniyasi bo‘lib, 2021 yil 6 iyulda mamlakat ichida aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda brend O‘zbekiston Respublikasi milliy aviatashuvchisi tarkibiga kiruvchi “Uzbekistan Helicopters” boshqaruviga o‘tgandi.
Behruz Xudoyberdiyev,
Asliddin Alijonov (video), O‘zA
Comments
0 comment