menu
Otasidan erta ayrilgan, sevgan qiziga uylanolmagan va farzandli bo‘lishni 15 yil kutgan Samandar Hamroqulov 46 yoshda (foto, video)
Samandar Hamroqulov aktyor va xonanda sifatida tanilgan bo‘lsa-da, u keyingi paytlarda asosan boshlovchi sifatida faoliyat yuritmoqda

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Samandar Hamroqulov muxlislarga xonanda, rejissyor va aktyor sifatida yaxshi tanish. Bu yil 46 yoshni qarshilagan ijodkor, shu kungacha ko‘plab qiyinchiliklarni boshdan kechirgan. Unga sanʼatda o‘z o‘rnini topish oson kechgan emas. Quyidagi maqolani o‘qib, buning sabablarini bilishingiz mumkin.

“Dadang avariyada o‘ldi...”

Samandar Hamroqulov 1978-yilning 23-dekabr kuni mashhur qiziqchi Rustam Hamroqulov oilasida dunyoga kelgan. Uning Iskandar ismli akasi va Sevara ismli singlisi bor. Otasi mashhur qiziqchi, onasi esa filolog bo‘lgan. Farzandlarning bari bolalikdan sanʼatga mehr qo‘ygan. Ammo otasining erta vafoti sabab, oila ko‘plab qiyin kunlarni boshdan kechirgan.

— Rustam aka avliyosifat, ertangi kunini oldindan ko‘ra biladigan inson bo‘lgan ekan. Farzandlarimiz ulg‘ayib qolgach, Namanganda qurilish ishlarini boshlagandik. Rustam aka o‘limidan bir hafta oldin rosa shoshib qolgani, hazil tariqasida vasiyat qilganini eslasam... “Xotin, orqamda qol, mendan keyin turmush qurmagin, farzandlarimizning kelajagi yorug‘, agar ularga eʼtibor bersang, seni yuzaga olib chiqishadi!” deb bir necha bor takrorladi. Bor sarmoyasini to‘plab, Namanganga qurilish mollarini olib ketayotganda yo‘lini to‘xtatdim. “Uyni tezroq bitirish kerak, hademay qish boshlanadi, bolalar ham ulg‘ayib qoldi” deya qo‘yarda-qo‘ymay 30-sentyabr kuni yo‘lga otlandi. Bu turmush o‘rtog‘im bilan so‘nggi uchrashuvimiz bo‘ldi. Qaytishiga tayyorlab qo‘ygan ko‘k loviyali oshni yeyish ham u kishiga nasib etmadi. 1-oktyabr kuni tun yarmida qo‘ng‘iroq qilib, yuk mashinasi halokatga uchragani va Rustam Hamroqulov olamdan o‘tganini aytishdi, deydi marhum qiziqchining ayoli Mavluda Hamroqulova.

“Otang o‘lib kunlaring buxankaga qoldimi?”

Rustam Hamroqulovning fojiali o‘limi tillarda doston bo‘ldi. Uch bola bilan beva qolgan Mavluda Hamroqulovaga farzandlarini tarbiyalash bilan birga, ro‘zg‘or yukini ham tortish oson emasdi.Samandar Hamroqulov otasining dushmanlari qo‘ng‘iroq qilgach, onasining ko‘zyosh to‘kkani haqida gapirdi.

— 1989-yili do‘konlarda mahsulotlar kam, odamlar nonni ham navbat turib oladigan paytlar edi. Moddiy jihatdan qiynalib qolganmiz, onam bildirmaslikka harakat qilsa-da, uning ezilayotganini his qilardim. Bir kuni non olib kelish uchun do‘konda ketganman. Bir necha soat navbatda turib qolib ketganman. Singlim uyda edi, telefon jiringlabdi. “Gadoning dushmani gado bo‘ladi”, deyishganidek dadamni yoqtirmaydiganlar ham bor edi. Bir kishi qo‘ng‘iroq qilgan, singlim go‘shakni ko‘tarib “Hech kim yo‘q, akam buxanka olgani ketdi”, degan. U odam kulib “Otang o‘lib, kunlarining buxankaga qoldimi?” deb go‘shakni qo‘yib qo‘yibdi. Shu orada oyim kelgan, singlim qo‘ng‘iroq qilgan odamning gaplarini aytib bergan. Nonni olib uyga kelsam, onam yig‘lab o‘tiribdi. Chunki biz farzandlar muhabbatdan tug‘ilgan edi. Dadam va onamning munosabatlari hamisha iliq bo‘lgan. Onam yig‘lab “Bevaning ustidan kulishmasin, Xudoyim ularni ham shu bilan sinamasin”, degandim. Mana shu manzara haligacha ko‘z oldimdan ketmaydi, deydi Samandar Hamroqulov.

“Onamni yig‘latganman...”

Samandar Hamroqulov ilk bor to‘yga chiqqani va daromadidan onasini quvontirgani haqida gapirdi.

— Otamning o‘limidan keyin muxlislari Alisher amakimni to‘ylariga aytishni boshlashgan. Onam ikkimiz buvimning uyiga kelganmiz. Shunda kelinoyim xitoy xalatini olib chiqib, egniga ilib ko‘rsatgandi. Onam quvonib qarab turdi, uning ko‘zlaridan “Qaniydi mening ham turmush o‘rtog‘im hayot bo‘lganida menga ham olib berardi”, degan maʼnoni uqdim. To‘g‘ri yosh bolaman, ammo ammo albatta, shunday xalatdan olib beraman deb niyat qildim. Shu orada amakim kelib “Yur seni ham to‘yga olib boraymi?” dedi. Jon deb rozi bo‘ldim. Amakim to‘yda boshlovchilik qilar, men esa chetda uni kuzatardim. Bir kishi amakimdan “Kim bu bola?” deb so‘radi. Rustam Hamroqulovning o‘g‘li ekanligimni eshitganida quvonib, bag‘riga bosdi “Sen ham qiziqchilikka qiziqasanmi? U bu narsa aytib berasanmi?” dedi. Men juda ko‘p sheʼr bilardim, qiziqchilarning ham kassetasini ko‘p eshitardim. Sahnaga chiqib, bor mahoratimni ko‘rsatdim, menga 50 rublcha pul qistirishdi. Quvonib to‘ydan keyin kelinoyimdan xitoy xalatini sotishni so‘raganman va o‘sha kuni uni onamga olib berganman. Onamning o‘sha paytdagi quvonchini so‘z bilan ifodalay olmayman, deydi Samandar Hamroqulov.

“Sevgi fazosi”ga ulangan “Muhabbat sinovlari”...

Samandar Hamroqulov Farobiy nomidagi 2-maktabda o‘qib yurgan kezlarida, ustoz sanʼatkorlarning qo‘shiqlarini xirgoya qilishni boshlaydi. Maktabdan so‘ng Toshkent Davlat Sanʼat institutining “Musiqali drama” fakultetini tamomlaydi. Samandarning ilk ijodidagi “Sevgi fazosi” qo‘shig‘i xit darajasiga yetdi. So‘ng “Asalim go‘zal”, “Samandar tangosi” hamda 2002-yilda suratga olingan Rustam Saʼdiyevning “Muhabbat sinovlari” filmiga ishlangan “Sen o‘zing” soundtrekni juda ham ommalashib, xit tarona darajasiga yetdi.

— Rustam Saʼdiyev talabalik paytlarimizda Yulduz Usmonovaning ʼMuhabbatjonʼ qo‘shig‘iga klip suratga olmoqchi bo‘lib, institutga keldi. Bosh rollarga meni, Ilmira Rahimjonova va Dilshodbek Kattabekovni tanlab oldi. Ssenariy tayyor bo‘lganidan keyin Yulduz Usmonovaga ko‘rsatishga olib bordik. Ssenariyni o‘qigan Yulduz Usmonova “Rustam buni kino qilib qo‘yibsizku! Siz buni kino qilib oling”, dedilar. Rustam aka “Men hech qachon kino olmaganmanku”, dedilar. “Rustam qachongacha klip ishlab yurasiz, kino ham oling, harakat qiling”, dedi Yulduz Usmonova. Shu bilan ʼMuhabbatjonʼ klipiga yozilgan ssenariy asosida “Muhabbat sinovlari” filmi suratga olindi, — deydi Samandar Hamroqulov.

“Onamga sevganim maʼqul kelmagan”

Samandar Hamroqulov marhum aktrisa Gavhar Sharipova bilan sevgisi, onasi rozi bo‘lmagani uchun unga uylana olmagani, uni hozirgacha namozlarida duo qilishi haqida gapirgan.

— U paytda juda yosh bo‘lganman, oxirini o‘ylamay ish qilardim. Yashirmayman, u yoshda inson aqlga emas, nafsga quloq solarkan. Uni yaxshi ko‘rardim, ko‘nglim bor edi. U rus maktabida o‘qigan zamonaviy kiyinadigan qiz edi. Ko‘ngil berganim uchun uni onamga ko‘rsatdim. Onamga maʼqul kelmagan bo‘lsa ham u bilan ajralishimiz juda qiyin bo‘ldi. Keyinchalik men juda asabiy bo‘lib qoldim, u bilan juda ko‘p urishardik. Uning ham o‘ziga yarasha feʼl-atvori bor edi, uncha-muncha narsadan qaytmasdi. Lekin men ko‘p kechirim so‘rardim, chunki uni men ko‘proq xafa qilardim. Keyinchalik u ham, men ham oila qurdim. Shundan so‘ng konsert yoki to‘y xizmatlariga borsam, u boshlovchi bo‘lib ishlayotganini ko‘rib qolardim. Meni ko‘rsa, bekinib olardi. Bilardimki, u mendan qattiq xafa. Ali (Niyozimbetov) ham menga aytdi: “Bir joyda ko‘rdim, sal boshqacharoq bo‘lib qolibdi. Shu qizdan uzringni so‘rab, orani ochiq qilib olgin”. U qiz bilan hammasini gaplashib olganman.

Baribir o‘zimni aybdor his qilaman. U olamdan o‘tganda men juda qiynaldim. Namozlarimda uning haqiga duo qilaman. Yaxshi qiz edi. O‘z xarakteriga ega bo‘lgan chiroyli, aqlli qiz edi. Yozadigan sheʼrlari odamni yig‘latardi. Dunyoqarashi keng edi. Har qancha sevishga arziydigan qiz edi.

Ikkalamizning ham o‘zimizga yarasha xatolarimiz bo‘ldi. Lekin aksariyat xato menda bo‘ldi deyman. Kurashishim kerak bo‘ladigan narsalar bor edi, ammo men kurashmadim. Menimcha, qo‘rqoqlik qildim. Xatom shu deb bilaman, degandi Samandar Hamroqulov.

“Ikki ayolni sevolmayman”

Samandar Hamroqulov 2007-yilning 10-avgust sanasida Dilnozaxon bilan turmush qurgan. Ammo er-xotinni hayot uzoq vaqt sinadi, ular farzandli bo‘lishni 15-yil kutishdi.

— Farzand asrab olish haqida har doim o‘ylaymiz. Haligacha bor bu fikr. Lekin uning ham o‘ziga yarasha qonun-qoidalari bor ekan. Asrab olgan farzandingiz o‘g‘il, o‘zingizniki qiz bo‘lsa, deylik, ular boshqa-boshqa xonalarda uxlashi kerak ekan. Chunki asrab olgan farzandingiz o‘zingiznikiga nomahram hisoblanar ekan. Bu haqda shayx hazratlarining kitoblarida keltirilgan. Boshqa ayol bilan ham oila qurish haqida aytishgan. Ammo men mehrimni ikkiga bo‘lolmayman, ayolimni yaxshi ko‘raman. Ikkinchi ayolga uylanganida nafaqat uni moddiy tomondan taʼminlash kerak, balki unga ham mehr berish kerak. Adolatni taʼminlash qiyin bo‘ladi. Men ikki ayolni birdek yaxshi ko‘ra olmayman, degandi Samandar Hamroqulov.

“Ko‘z tegdimikan?”

Samandar va Dilnoza Hamroqulova 15 degandi farzandli bo‘lishdi. Ammo xonanda ancha vaqtgacha bu xabarni ommadan yashirdi.

— Alloh Taolo bizga qiz farzand berdi. Ismlarini Maryam deb qo‘ydik. Alloh sabr qilgan odamning duosini ijobatsiz qoldirmas ekan. Inson sabrli bo‘lishi kerak ekan. Hamma yaxshiliklar sabr qilgan insonga berilar ekan. Bu yangilikni hech qayerda ovoza qilishni istamadim. Ko‘z, nazar degan narsa bor. 15-yil avval farzand bo‘lib, oxirigacha rivojlanmay nobud bo‘lib qolgan paytda ham ichimdan “Ertaroq xursand bo‘lib qo‘ydimmikan”, degan o‘y o‘tgan. “Yangilik bormi?”, deb so‘ragan tanishlarga xursand bo‘lib, “Ha, mana buncha haftalik bo‘ldi, bunchalik bo‘ldi”, deb aytganman. Shuning uchun ko‘z tegdimikan, deb o‘ylab qolganman, degandi xonanda.

Samandar Hamroqulov aktyor va xonanda sifatida tanilgan bo‘lsa-da, u keyingi paytlarda asosan boshlovchi sifatida faoliyat yuritmoqda. U Instagram tarmog‘iga qizi Maryamxon bilan sayr qilgani haqidagi videolarni joylaydi. Ishdan bo‘sh vaqtlarida esa yoshlarga shoumenlik bo‘yicha ustozlik ham qiladi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!