qarashlar
Toshkentda Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Marosimda Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, ayollarga samimiy mehri va hurmatini izhor etdi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.
“Biz har yili bu kunni intiqlik, qalbimizda ajib iliqlik bilan kutamiz. Ushbu shukuhli ayyomda hammamiz bizni dunyoga keltirgan, oq sut berib, mehr va tarbiya berib voyaga yetkazgan buyuk ona siymosiga, mo‘tabar ayol zotiga ta’zim qilamiz. Zero, inson qadrini ulug‘lash avvalo aziz-u mukarrama ayollarimizni ulug‘lashdan boshlanadi, — dedi davlat rahbari.
Prezident O‘zbekistonda bu maqsad yo‘lida ko‘p ishlar qilinayotganini aytdi. Jumladan, “O‘zbekiston–2030” strategiyasi doirasida xotin-qizlarning faolligini oshirish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglikni qaror toptirish, ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, ular o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ham salmoqli natijalarga erishilmoqda. So‘nggi 5 yil ichida O‘zbekistonda ishbilarmon ayollar safi ikki baravar kengayib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan tadbirkor xotin-qizlar soni 205 mingdan oshdi. Shuningdek, 200 mingga yaqin ayollar kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi. 400 mingdan ko‘pi ish bilan ta’minlandi.
Hozirgi kunda oliygohlarda ta’lim olayotgan 1 million 300 ming nafarga yaqin talabaning yarmidan ko‘pini qizlar tashkil etmoqda. Ehtiyojmand oilalarga mansub xotin-qizlar qo‘shimcha davlat granti bo‘yicha o‘qishga qabul qilinmoqda. Ular uchun imtiyozli ta’lim kreditlari ajratish, ijtimoiy himoyaga muhtojlarning kontrakt pulini qoplab berish yo‘lga qo‘yilgan.
Prezident ayol zoti uchun eng ulug‘i onalik baxti ekanini ta’kidladi. O‘zbekiston aholisi har yili qariyb 900 mingga ko‘payayotganini, ularni jismoniy va ma’naviy barkamol etib, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash muqaddas burch ekanini qayd etdi. Shu ma’noda, davlati rahbari barcha ayollarga murojaat qildi.
Prezident bayram tadbirida qatnashayotgan xorijiy davlatlarning elchilari va xalqaro tashkilotlar vakilalarini ham tabrikladi.
Prezidentning 4-martdagi qaroriga binoan 28 nafar qiz “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti bilan, 5-martdagi farmonga muvofiq turli sohalarda faol bo‘lgan ayollar orden va medallar bilan taqdirlangan edi. Tadbirda ana shu mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
Tantanali marosimdan lavhalar
Comments
0 comment