menu
Masofaviy xizmatlar ko‘rsatish markazi yoshlar bandligini ta’minlashga xizmat qilmoqda
Prezident tashrifidan so‘ng...

Keyingi yillarda Andijon viloyatida boshqa sohalar qatori tadbirkorlik, turizm va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari ancha rivojlandi. Lekin tahlillar hali foydalanilmagan imkoniyatlar ko‘pligini ko‘rsatmoqda.  

Bu masalaga 16 fevral kuni Xonobod shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish masalalari muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ham alohida e’tibor qaratildi. Mavjud imkoniyatlar ko‘rsatilib, ularni ishga solish bo‘yicha choralar belgilandi.  

Statistikaga ko‘ra, viloyatda ishsizlik darajasi yetti foizga tushgan. Aholining tadbirkorlikdan olayotgan daromadi bir yarim baravarga oshgan. O‘zgarishlar qayd etilishida esa hududlarda tadbirkorlik muhitining yaxshilanayotgani asosiy omillardan sanaladi.  

Aholini kambag‘allikdan olib chiqish, bitiruvchi yoshlar bandligini ta’minlashda zamonaviy kasblarga ham e’tibor qaratilmoqda. Yoshlar axborot texnologiyalari va xorijiy tillarga qo‘shimcha o‘qitilayotir.  

Marhamat tumanidagi istiqbolli loyiha – “Ershi Logistics” korxonasining masofaviy xizmatlar ko‘rsatish markazi yoshlar bandligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.  

Markaz Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi kompaniyalarga tashqi xizmat ko‘rsatuvchi provayder sanaladi. Bu yerda logistika, buxgalteriya va yuridik maslahat yo‘nalishlarida masofadan xizmat ko‘rsatiladi.  

– Bugungi kunda markazimizda 150 nafarga yaqin IT mutaxassisi, iqtisodchi va boshqa soha vakillari doimiy ish bilan band, – deydi korxona rahbari Ibrohimjon Erkaboyev. – Bu yerda 2022 yil 300 ming dollar, 2023 yil 2 million dollardan ziyod xizmatlar eksport qilingan. Ayni paytda ijarada faoliyat olib borayotgan markazimiz joriy yil yakuniga qadar o‘zining zamonaviy binosiga ega bo‘ladi. Markazni rivojlantirishga doir ushbu loyiha yakuniga yetsa doimiy ish o‘rinlari soni 450 taga yetadi. Xizmatlar eksporti bilan bog‘liq summa 4 million dollarga oshadi.  

Birgina marhamat tumanida bunday markazlar soni ikkita. Ularda o‘tgan yil 250 nafar yosh internet orqali xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida o‘qitilib, bandligi ta’minlangan.  

Ikrom AVVALBOEV,

Nosirjon HAYDAROV(surat), O‘zA

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!