menu
Maktablarga ko‘maklashayotgan Milliy gvardiya
Mamlakatimizda ta’lim islohotlariga davlat siyosati darajasida alohida e’tibor berib kelinmoqda. Ammo yechimini kutayotg

Maktablarimizda o‘quvchilarning bilim va tarbiya topishi yo‘lida amalga oshirilayotgan muhim ishlar va ba’zi islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilish holatlari xususida O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti iqtisodiyot fanlari doktori, professori Bobur Valiyevning fikrlariga qiziqdik.  

– Avvalo, maktablarimizda og‘riqli masalalardan biri, bu – tarbiya va ma’naviyat masalasidir, – deya o‘z fikrini boshlaydi Bobur Valiyev. – O‘tgan yili mamlakatimizda voyaga yetmaganlar 3,5 mingta jinoyat sodir etgan. Ulardan 2 ming 280 nafarini maktab o‘quvchilari tashkil qilgan. Buning uchun faqat maktab direktori yoki o‘qituvchilar javobgar emas albatta. Shu bois maktablardagi inspektor-psixologlar shtati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiya tizimiga o‘tkazilishi belgilandi.  

Inspektor-psixologlar va mahalla raislari ota-onalar hamda dars qoldirayotgan o‘quvchilar bilan suhbatlar olib bormoqda. Bunda bolalar va o‘qituvchilarga hech qanday bosim o‘tkazilmaydi. Davomatni nazorat qilish pedagoglarni o‘quvchilarning uyiga borish va ularni o‘qishga jalb qilish kabi ortiqcha yuk va mas’uliyatdan ozod qiladi. Bolalarga boshlang‘ich maktab ta’limi zarur va muhimligi yuzasidan ota-onalarga tushuntirish ishlari olib boriladi.  

Ammo, afsuski, ijtimoiy tarmoqlarda Milliy gvardiya xodimlarining maktablarda ijtimoiy muhitni sog‘lomlashtirish orqali jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha olib borayotgan harakatlarini noto‘g‘ri talqin qilayotganlar ham uchramoqda.  

Milliy gvardiya pedagogik sohadagi jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha maktab va o‘qituvchilarga davomat hamda o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida tartibni saqlashga ko‘maklashayotgani jamiyatimiz uchun naqadar muhim ekanini nahotki to‘g‘ri tushunish qiyin?!  

Milliy gvardiya xodimlari pedagoglarga ko‘maklashish maqsadida bolalar va ota-onalar bilan maqsadli, shu jumladan, psixologik ish olib borishga kirishmoqda.  

Bundan maqsad, "Oila – mahalla – maktab“ zanjiridagi barcha bo‘g‘inlarning sa’y-harakatini birlashtirib, bolalarning rivojlanishi va tarbiyasiga hissa qo‘shadigan tadbirlar – ot sporti, kamondan otish, psixologlarning mahorat saboqlari, harbiy texnika ko‘rgazmalari va boshqa samarali tadbirlarni tashkil etishdan iborat.  

Prezidentimiz joriy yil 1 fevral kuni 21 moddadan iborat «Pedagogning maqomi to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Bu esa aziz ustozlar, o‘qituvchilarning huquqi, sha’ni va qadr-qimmati, ishchanlik obro‘si davlat himoyasida ekanini yana bir bor isbotladi.  

Qonunga ko‘ra, pedagogni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan, shu jumladan, hududlarni obodonlashtirish va qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilish, kasbiy majburiyatlariga taalluqli bo‘lmagan va boshqa ma’lumotlarni, jumladan, bitiruvchilarning bandligi ta’minlanganligi haqidagi hisobotlarni shakllantirish va taqdim etishni talab qilish taqiqlanadi.  

Yangi qonunga ko‘ra pedagog xodimlar kasbiy faoliyatini amalga oshirish davomida o‘z sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini himoya qilish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda davlat bojidan ozod qilinadi.  

Bundan tashqari, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida olis va chekka hududlarda joylashgan 715 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasasi o‘quvchilari uchun bepul avtobuslarni yo‘lga qo‘yish, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini toza ichimlik suvi va zamonaviy sanitariya-gigiyena infratuzilmasi bilan ta’minlash vazifalari ham belgilangan. Mamlakatimizda 700 ga yaqin nomdagi yangi darsliklar, mashq daftarlari, pedagoglar uchun metodik qo‘llanmalar, mobil ilovalar yaratilishi, yangi avlod darsliklari asosida planshetlar uchun 1 000 ta multimedia dasturlarining ishlab chiqilishi, ta’lim tashkilotlariga har yili 500 nafar «til egalari» bo‘lgan xorijiy mutaxassislarning jalb etilishi kutilmoqda.  

Barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida kasb-hunarlarga o‘rgatish kurslarini joriy etish, Prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablarning ta’lim metodikasini umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘quv jarayonlariga joriy qilish ham muhim ahamiyatga ega.  

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, bularning barchasi yurtimizda pedagog xodimlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning maqomini oshirish, maktab o‘quvchilari o‘rtasida sog‘lom muhitni shakllantirish, ota-onalarning o‘z farzandlarini maktablarda o‘qitishdagi mas’uliyatini oshirish bo‘yicha islohotlar davomidir. Bu yo‘ldan hech qanday mafkuraviy xurujlarga e’tibor qilmay olg‘a borish esa shu jamiyatning barcha fuqarolari uchun muhimdir.  

Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!