menu
“Hukumat Toshkentda portlash bo‘lishini bir oy oldin bilgan” — siyosatshunos 16-fevral voqealari haqida
Bundan 25 yil avval O‘zbekiston poytaxtida kuchli portlashlar sodir etilgandi. O‘shanda 13 kishi halok bo‘lgan, 100 dan ortiq odam jarohatlangan. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov voqea bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazganini aytib, mavzuni tahlil qildi

1999-yil 16-fevral kuni Toshkent shahrida portlashlar sodir bo‘lishini O‘zbekiston hukumati oldindan bilgan, lekin uni to‘xtatishga urinmagan. Bu haqda siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov “Lolazor” podkastidagi chiqishida aytib o‘tdi.

Kamoliddin Rabbimov fikriga ko‘ra, hukumat teraktni uyushtirmagan, biroq portlashlardan siyosiy texnologiya sifatida foydalangan.

Suhbat davomida Kamoliddin Rabbimov 16-fevralda terakt uyushtirishdan jinoyatchilar ko‘zlagan maqsad to‘g‘risida ham o‘rganish o‘tkazganini aytdi.

Kamoliddin Rabbimov vaziyatni sharhlar ekan, teraktlar yuzasidan inkor qilib bo‘lmaydigan bir qancha faktlar mavjudligini aytadi.

“Birinchi maʼmuriyat davrida bir nechta teraktlar sodir bo‘ldi. Ularning hammasi O‘zbekistonda parlament saylovlari bo‘ladigan yilning birinchi yarmida sodir etilgan. 1999-yilda fevral voqealari – portlash bo‘lyapti, yilning oxirida parlament va prezidentlik saylovlari o‘tkazilyapti. 2004-yilda parlament va prezidentlik saylovlari bor edi. O‘sha yilning aprel va may oylarida Toshkentda Isroil va Amerika elchixonasi hamda Buxoroda portlash bo‘lgan. 2005-yilda Andijon voqealari bo‘ldi. Bir qancha nuqtalar bor. Bular O‘zbekistonda shakllangan siyosiy tafakkur o‘sha teraktlarni siyosiy texnologiya sifatida qabul qildi, talqin etdi va unga imkoniyat berdi, degan xulosani beradi.

Siyosiy tafakkur juda muhim narsa. Hozirgi kunda dunyo davlatlari bunaqa primitiv, qo‘pol o‘yin qilishmaydi. Bir vaqtlar shunday qilindi va bu nimalarga olib kelganini ko‘rdik. Yaʼni O‘zbekiston mintaqada geosiyosiy maqomini yo‘qotdi. Chunki tashqi dunyo Markaziy Osiyoda O‘zbekistonni emas, Qozog‘istonni asosiy lider sifatida ko‘ra boshladi. Bu jarayon aynan fevral portlashlaridan boshlandi va Andijon voqeasi bilan to‘liq nuqta qo‘yildi. Xalqaro hamjamiyat Markaziy Osiyoning lideri sifatida O‘zbekistonni ko‘rishdan to‘xtadi”, — deydi mutaxassis.

Maʼlumot uchun, bundan 25 yil avval — 1999-yil 16-fevralda Toshkent shahrida, jumladan Mustaqillik maydonidagi hukumat binosida qator kuchli portlashlar sodir bo‘lgan. Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, portlashlar oqibatida 13 kishi olamdan o‘tgan, 100 dan ortiq odam jarohatlangan.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!