menu
BAA Qoraqalpog‘istonda barqaror qishloq xo‘jaligi tizimini rivojlantirishda yordam beradi 
Qiymati bir mln dollardan ortiq bo‘lgan loyiha Orol dengizi halokati oqibatlarini yumshatish va mintaqada barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan

BAA Qoraqalpog‘istonda yer degradatsiyasiga qarshi kurashda va barqaror qishloq xo‘jaligi tizimini rivojlantirishda yordam beradi, deb xabar bermoqda Ekologiya vazirligi. 

Maʼlum qilinishicha, 21-fevral kuni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va BAA Xalqaro biosho‘rlangan qishloq xo‘jaligi markazi (ICBA) bosh direktori doktor Tarifa Al Zaabi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Aziz Abduhakimov ICBA bilan uzoq muddatli hamkorlik istiqbollarini qayd etdi va vazirlik qoshida Iqlim markazini tashkil etish haqida gapirdi.

Uchrashuvda tomonlar Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi va ICBAning Qoraqalpog‘istonda fermerlarning yer degradatsiyasi bilan bog‘liq iqtisodiy yo‘qotishlarning oldini olish borasidagi imkoniyatlarini yaxshilashga qaratilgan “Qoraqalpog‘istonning degradatsiyaga uchragan hududlarida barqaror qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish tizimlarini rivojlantirish” qo‘shma loyihasini muhokama qildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston tomoni loyiha doirasida GEN bankini yaratish, qishloq xo‘jaligi ekinlarining qurg‘oqchilik va suvga chidamli turlarini yaratish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, mahalliy IICAS xodimlari uchun treninglar olib borish, laboratoriyalarni zamonaviy asbob-uskunalar va texnologiyalar bilan jihozlashga eʼtibor qaratdi. 

Maʼlumot uchun: Umumiy qiymati 1,09 million dollardan ortiq bo‘lgan ushbu loyiha Orol dengizi halokati oqibatlarini yumshatish va mintaqada barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan qadamdir. Uni amalga oshirish natijasida Qoraqalpog‘istonda iqlimga chidamli, biosho‘r va integratsiyalashgan modulli dehqonchilik tizimini joriy etiladi. Bu esa qishloq xo‘jaligi mahsuldorligini oshirish, agrobiznesda qo‘shilgan qiymat zanjirini rivojlantirish hisobidan 5 ming fermer va dehqon xo‘jaliklarini ko‘paytirish, iqlimga chidamli ekinlarni yaratish va fermerlar ehtiyojlarini qondirish uchun ilg‘or boshqaruv tajribasi va kompleks ishlab chiqarish modellarini o‘rgatish, dehqon dala maktablarini yaratish imkonini yaratadi.

Uchrashuvda tomonlar BMTning Dubaydagi COP28 va Samarqanddagi COP14 global tadbirlarini muhokama qildilar. Vazir, shuningdek, ICBA bosh direktorini joriy yilning aprel oyida bo‘lib o‘tadigan birinchi Samarqand iqlim forumida ishtirok etishga taklif qildi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!