menu
Azerbaijan Airlines Oqtovdagi aviahalokat sababini ma’lum qildi
Avvalroq Rossiya aviatsiyasi rahbari bergan bayonotida halokatga Ukraina dronlari va quyuq tumanni sabab qilib ko‘rsatgandi

Azerbaijan Airlines (AZAL) kompaniyasi Qozog‘istonning Oqtov shahri yaqinida qulagan samolyotning halokatiga “tashqi jismoniy va texnik ta’sir” sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

“Ozarbayjon fuqaro aviatsiyasi davlat agentligi bilan kelishilgan holda Rossiyaning bir qator shaharlariga Bokudan parvozlarni bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bunga Embraer 190 samolyoti halokati bo‘yicha tergovning dastlabki natijalari asos bo‘ldi. Unga ko‘ra Boku—Grozniy reysini amalga oshirayotgan, Oqtov shahri yaqinida qulagan samolyot halokatiga jismoniy va texnik tashqi ta'sir sabab bo‘lgani aniqlandi”, deyiladi aviakompaniya bayonotida.

Avvalroq AZAL kompaniyasi halokat bo‘yicha tergov tugaguniga qadar Rossiyaning yettita shahriga parvozlarni to‘xtatayotganini ma’lum qilgandi.

Kecha Euronews telekanali Ozarbayjon samolyotining halokatiga Rossiya raketasi sabab bo‘lganini xabar qilgan. Reuters agentligi esa Ozarbayjon samolyotini Rossiyaning “Pantsir-S” mudofaa tizimi qulatgani haqida maqola e’lon qilgan.

Rossiya aviatsiyasi rahbari bergan bayonotida halokatga Ukraina dronlari va quyuq tumanni sabab qilib ko‘rsatgan.

“AZAL samolyoti ob-havo sharoiti (500 metr balandlikda ko‘rinishni yomonlashtirgan tuman) va “Ukrainaning hujumlari” tufayli joriy etilgan reja sababli Grozniyga qo‘na olmagan. Samolyotni qo‘ndirishga ikki marta urinishdan so‘ng, havo kemasi komandiri, unga boshqa variantlar taklif qilinishiga qaramay, Qozog‘istonga uchishga qaror qilgan”, deyiladi  Dmitriy Yadrov bayonotida.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!