qarashlar
Yevrokomissiya 5 mart, seshanba kuni Yevropa Ittifoqi tarixida mudofaa sanoati sohasida birinchi strategiya va bu sohadagi 1,5 milliard yevrolik yangi qo‘llab-quvvatlash dasturini taqdim etdi. Ushbu mablag‘lar YeI budjetidan 2025 yildan 2027 yilgacha bo‘lgan davrda ajratilishi kutilmoqda.
YeK matbuot xizmatining xabar berishicha, dastur maqsadlaridan biri Yevropa Ittifoqi doirasida mudofaa sanoati sohasida hamkorlik doirasini mustahkamlashdan iborat.
Bundan tashqari, YeI qurol ishlab chiqarishni ko‘paytirish va AQSh yoki Janubiy Koreya kabi xorijiy ishlab chiqaruvchilarga qaramlikni kamaytirmoqchi, deb yozadi AFP.
«Biz noyabr oyida AQShda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari natijalaridan qat’i nazar, o‘z xavfsizligimiz uchun ko‘proq mas’uliyatni zimmamizga olishimiz kerak», dedi Yevrokomissiya vitse-prezidenti Margrete Vestager dasturni tanishtirar ekan.
Birgalikda qurol sotib olishni rag‘batlantirish
Xususan, Yevropa mudofaa sanoati dasturini (European Defense Industry Programme, EDIP) ishga tushirish to‘g‘risidagi qonun loyihasida Yevropa Ittifoqi davlatlari 2030 yilga borib «o‘z mudofaa budjetining kamida 50 foizini Yevropa Ittifoqi ichidagi xaridlarga sarflashi» taklif qilinadi. 2035 yilga borib bu ulush 60 foizga oshishi kerak.
AFP eslatganidek, 2007 yildan beri YeI a’zo davlatlar uchun mudofaa budjetlarining 35 foizini Yevropa Ittifoqi ichidagi xaridlarga sarflashni indikativ maqsad qilib qo‘ygan. Ushbu maqsad ixtiyoriydir va Yevropa Ittifoqining barcha davlatlari ham bunga erisha olmadi, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, 2 mart kuni Bryusselda taqdim etilgan dastur Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarni 2030 yilga borib mudofaa xaridlarining kamida 40 foizini jamoaviy asosda amalga oshirishga chaqiradi. Qolaversa, mudofaa mahsulotlarini birgalikda xarid qilishda mamlakatlar qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash zaruratidan ozod etilishi kutilmoqda.
«Yevropa mudofaa sanoatining tayyorgarligini oshirish uchun a’zo davlatlar ko‘proq, yaxshiroq, birgalikda va yevropacha tarzda sarmoya kiritishi kerak», deyiladi Yevropa komissiyasi bayonotida.
NATO ittifoqchilari sifatida harakat qilish qobiliyati yaxshilanadi
Boshqa narsalar qatorida, Yevropa komissiyasi Yevropa mudofaa sanoatiga katta hajmdagi artilleriya o‘q-dorilariga talabning keskin ortishi kabi mavjud va potensial muammolarga yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rishda yordam bermoqchi.
Shu bilan birga, Margrete Vestagerning so‘zlariga ko‘ra, ko‘rilgan choralarga qaramay, Yevropa Ittifoqi davlatlari «NATOga to‘liq sodiq qoladi». «Bizning harakat qilish qobiliyatimiz yanada kuchli ittifoqchiga aylantiradi», deya qo‘shimcha qildi u.
Comments
0 comment