menu
WSJ: Chexiya Ukraina uchun 800 ming artilleriya snaryadi xarid qildi.
Chexiyalik mulozimlarga ko‘ra, yetkazib beruvchi mamlakatlar orasida Rossiya ittifoqchilari ham bor.

Chexiya sovuq urush davridagi aloqalarni tiklab, butun dunyo bo‘ylab turli yetkazib beruvchi mamlakatlardan Ukraina uchun 800 mingta artilleriya snaryadlari sotib oldi va qo‘shimcha sifatida yetkazib berilishi mumkin bo‘lgan yana 700 ming snaryad topdi. Bu haqda The Wall Street Journal nashrining Praganing Kiyevni urushni davom ettirish uchun zarur bo‘lgan o‘q-dorilar bilan ta’minlash rejalariga bag‘ishlangan maqolasida keltirilgan.

Gap sovetlar namunasidagi 300 mingta snaryad hamda g‘arb qurollaridan otishga mo‘ljallangan 500 mingta o‘q-dori haqida ketmoqda, bu o‘q-dorilar Ukrainaga 2024 yil oxiriga qadar bir necha partiyada yetkazib beriladi. Chexiya hukumati tasdiqlashicha, mablag‘lar kelib tushishi bilan boshqa snaryadlar ham paydo bo‘ladi. Chexiya hukumatiga ko‘ra, topilgan bir yarim million snaryad taxminan uch milliard yevroga (3,3 milliard dollar) tushadi. Ularni Ukrainaga yetkazib berish yaqin haftalar ichida boshlanishi kutilmoqda.

Xarid jarayoni bilan shug‘ullanayotgan chexiyalik mulozimlar The Wall Street Journal nashriga aytishicha, Ukraina uchun o‘q-dori izlash Rossiya bosqinidan oldinroq boshlangandi. Nashr suhbatdoshlari sobiq sharqiy blok a’zosi sifatida Chexiyada butun dunyo bo‘ylab aloqalarga ega bo‘lgan harbiy ishlab chiqarish sanoati hamda sovet qurollari zaxiralari mavjud bo‘lgan va ularni ishlab chiqara oladigan Global Janubning ko‘plab mamlakatlari bilan yaxshi munosabatlar saqlanib qolgan.

Urush boshlangach, chexiyalik mulozimlar butun dunyo mamlakatlarini aylanib, o‘nlab ishlab chiqaruvchilar bilan o‘q-dori yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuza boshlagan, deyiladi maqolada. The Wall Street Journal manbalari Ukraina uchun snaryadlar qaysi mamlakatlardan kelishini ochiqlamagan, ammo yetkazib beruvchilar qatorida «Rossiyaning ayrim ittifoqchilari» ham borligini qayd etgan. G‘arb rasmiylariga ko‘ra, AQSh va G‘arbiy Yevropa mamlakatlarining Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasidagi ehtimoliy yetkazib beruvchilariga yo‘llagan shu kabi so‘rovlari rad etilgandi.

Fevral oyida Myunxendagi xavfsizlik bo‘yicha konferensiyada Chexiya prezidenti Petr Pavel uning mamlakati Ukrainaga agar ittifoqchilar tomonidan ushbu tashabbus moliyalashtirilsa, uchinchi dunyo davlatlaridan 155 millimetr kalibrli 500 mingta artilleriya snaryadlari hamda 122 millimetr kalibrli 300 mingta snaryad yetkazib berishga tayyorligini aytgandi. Mart oyida Pavel barcha 800 mingta snaryad uchun pullar topilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tashabbusga 18 mamlakat qo‘shilgan.

Chexiyaning taklifini NATO va Yevroittifoq vakillari qo‘llab-quvvatlagan. Xususan, The Wall Street Journal maqolasida aytilishicha, Germaniya Ukrainaga o‘q-dorilar sotib olish uchun 500 million yevrodan ortiq mablag‘ ajratishga va’da bergan, bu esa dastur ishtirokchilari orasidagi eng yirik majburiyat sanaladi. Ayni vaqtda Chexiya taxminan 300 ming snaryaddan iborat ilk transhni moliyalashtirishga muvaffaq bo‘lgan. Buning uchun mablag‘lar Germaniya, Kanada, Niderlandiya va Daniya tomonidan taqdim etilgan.

The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, Chexiya tomonidan tuzilgan shartnomalar yetkazib berish Moskvaning javob reaksiyasini keltirib chiqarmaslik uchun yetkazib beruvchi va Ukraina o‘rtasidagi bog‘lamni yashirish maqsadida Chexiya yoki boshqa uchinchi mamlakat orqali amalga oshiriladi.

Yetkazib berish Ukraina qurolli kuchlarida o‘q-dorilarning keskin taqchilligi fonida boshlanmoqda. The Wall Street Journal g‘arb razvedkasi ma’lumotlariga asoslanib yozishicha, hozirda ukrain armiyasi Rossiya armiyasi bir kunda uchirayotgan har 10 ta snaryadga faqat ikkita snaryad bilan javob qaytara oladi.

Harbiy tahlilchilar taxmin qilishicha, Rossiya qo‘shinlari yurishiga qarshi turishi uchun Ukrainaga oyiga turli kalibrdagi 200 mingtagacha snaryad kerak bo‘ladi. G‘arb mamlakatlari o‘z qurol ishlab chiqarish hajmini asta-sekinlik bilan oshirayotgani tufayli Chexiya tomonidan tashkillashtirilgan ta’minot Ukraina qurolli kuchlariga Rossiya yurishini to‘xtatishda yordam berishi mumkin.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!