menu
Uch viloyatda gaz va tokdan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi.
Samarqandda oilaviy korxona salkam 900 mln so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi.

Samarqand, Andijon va Surxondaryo viloyatlarida tabiiy gaz hamda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.

Qayd etilishicha, departamentning Past Darg‘om tuman bo‘limi tomonidan «O‘zenergoinspeksiya» boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruv davomida «Furqat» MFY hududida faoliyat yurituvchi «N.P.» oilaviy korxonasi rahbari I.E. umumiy ovqatlanish shoxobchasini va novvoyxonasida hech qanday hujjatsiz umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘idan gaz hisoblagichdan tashqari tijorat maqsadida quvur tortib jami 897,5 million so‘mlik tabiiy gazni o‘g‘irlagani aniqlangan.

Departamentning Andijon shahar bo‘limi tomonidan «O‘zenergoinspeksiya» va ETK xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda «G.N.» va «M.g.» MChJ mas’ul shaxslari oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sexi hamda umumiy ovqatlanish shoxobchasini hech qanday hujjatsiz tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘g‘rilik yo‘li bilan ulab, jami 164,2 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

Departamentning Paxtachi tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro Z.E. 7 sotix yer maydonida issiqxona tashkil etib, ushbu issiqxonani hech qanday hujjatsiz umumiy foydalanishdagi tabiiy gaz va elektr tarmoqlariga tijorat maqsadida ulab, jami 150,4 million so‘mlik tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

Departamentning Termiz tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda «S.B.» xususiy korxonasi rahbari Sh.P. «Bunyodkor» MFY hududidagi ishlab chiqarish sexini hisoblagichdan tashqari tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga ulab, jami 106,4 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!