menu
Suv osti internet-kabellari: ular qanday qurilgan va zarar yetkazish qanday oqibatlarga olib keladi?.
Dengizlar ostidan o‘tgan kabellar Yer yuzidagi asosiy internet trafikni ta’minlaydi va bu infratuzilmani ma’lumotlar oqimi hamda xavfsizlikka tahdid oshib borgani sayin doimiy rivojlantirib borish kerak.

5 mart kuni internet foydalanuvchilari butun dunyodagi ijtimoiy tarmoqlar va boshqa internet servislar faoliyatida uzilishlar kuzatilayotganini xabar qilishdi. Muammolar Facebook va Instagram’da, X (sobiq Twitter), Gmail, «Google xaritalar», Google Play, YouTube, TikTok, WhatsApp, Discord va boshqa servislarda ro‘y berdi.

Hongkongning HGC provayderi Qizil dengizda husiychilarning hujumi tufayli Asia–Africa–Europe 1, Seacom, TGN va EIG kabelllariga zarar yetkazilganini xabar qildi. Kompaniyaning baholashicha, bu internet trafigining 25 foizini qamrab oladi.

«RBK Trendi» suv osti kabellari qanday ishlashi va ularga zarar yetkazish qanday oqibatlarga olib kelishi haqida hikoya qildi.

* * *

Bugungi kunga kelib, qit’alar suv osti internet magistrallari bilan bog‘langan. Ular katta ma’lumotlar massivi soniyalarda yetkazilishini ta’minlaydi. Biroq bu kabellar alohida himoyaga muhtoj, chunki tashqi kuchlar ta’sirida ular zararlanishi mumkin, infratuzilmadagi tuynuklar esa ma’lumotlarni o‘g‘irlash imkoniyatini ham yaratadi.

Suv osti kabellari nima uchun kerak va ular qanday ishlaydi?

Zamonaviy suv osti kabellari — bular okeanlar tubidan o‘tuvchi optik tolali tizim bo‘lib, fotonlar yordamida signallarni shifrlangan holatda uzatishga moslashgan. Ayni paytda bunday kabellar dunyodagi barcha axborotlarning 95 foizini uzatishni ta’minlaydi.

Sun’iy yo‘ldoshli aloqa rivojlanganiga qaramasdan, kabellar infratuzilmasi ham rivojlanishda davom etmoqda, chunki ular juda yuqori o‘tkazish qobiliyatiga ega. Yer yuzida 550 dan ortiq suv osti internet kabellari bor, ularning umumiy uzunligi 1,3 mln kilometr. Zamonaviy kabellar bir soniya ichida AQSh Kongressi kutubxonasidagi barcha ma’lumotlarni Avstraliyaga uzatish imkoniyatiga ega.

AQSh va Buyuk Britaniyani bog‘lagan ilk transatlantika telegraf kabeli 1858 yilda yotqizilgan. O‘shanda qirolicha Viktoriya AQSh prezidenti Jyeyms Byukenenga telegramma jo‘natgan, uni yetkazish uchun 17 soat sarflangan.

Ilk qit’alararo optik tolali kabel 1988 yilda Atlantika okeani tubiga yotqizilgan. TAT-8 deb ataluvchi bu kabel AT&T, France Telecom va British Telecom kompaniyalariga tegishli bo‘lgan.

Suv osti kabellari infratuzilmasining rivojlanishi to‘g‘risida interaktiv xarita

Suv osti kabellarining nozik joylari

Suv osti kabellari informatsion infratuzilmaning asosiy elementi hisoblanadi va shu bois ularning nozik joylari bilan bog‘liq muammolar dam-badam bo‘y ko‘rsatadi. Bunday muammolar bir nechta.

Mexanik shikastlar oldida zaiflik. Oddiy optik tolali kabel mis va po‘latdan iborat o‘tkazgichli ichki optik yadro va qobiqdan iborat. Izolyatsiya uchun polietilendan foydalaniladi. Bunday kabelning diametri 17–21 mm. Kabellar maxsus kemalar yordamida yotqiziladi, yotqizish davomida suv osti plugidan foydalaniladi va uncha chuqur bo‘lmagan tubga ko‘miladi. Bu esa inson va hayvon tomonidan oson zarar yetkazish mumkinligiga yo‘l ochadi. Shuningdek, infratuzilma butunligiga zilzila, vulqon otilishi, dengizda dovul turishi kabi tabiiy ofatlar ham ta’sir o‘tkazadi. Har yili kabellarga zarar yetishi bilan bog‘liq 100 dan ortiq holatlar ro‘y beradi.

Maxfiy eshitish uchun ulanish oson. 1970-yillar boshida, sovuq urush boshlanishida amerikalik harbiylar Oxota dengizida sovetlarning suv osti kabeli orqali uzatilgan ma’lumotlarni muvaffaqiyatli tutib olishgan. Ma’lumotlar shifrlanishga o‘tgan bizning kunlarimizda ham maxsus xizmatlar kabellar ustidan nazoratni qo‘lga kiritishi mumkin. 2013 yilda AQSh milliy xavfsizlik agentligi (MXA)ning sobiq xodimi Edvard Snouden Amerikaning AT&T telekommunikatsiya giganti bilan kelishuv asosida amerikalik maxsus xizmatlar 200 dan ortiq kabelga ulanib «eshitib» o‘tirishini so‘zlab bergan edi.

Kabellar ayrim hududlarda to‘planib qolgan. Garchi hamon kabellarning katta qismi AQSh orqali o‘tsa-da, MXA bilan bog‘liq josuslik mojarosidan keyin ayrim davlatlar yangi yo‘nalish bo‘yicha kabel tortish uchun birlashishgan. Yana jahon internet trafigining 17 foizi Misr orqali o‘tadi. Mamlakatning bosh internet provayderi Telecom Egypt mamlakat bo‘ylab tortilgan kabellar egalaridan pul oladi. Ayrim tashabbuslar Xitoyning texnologik giganti Huawei’ning monopoliyasini chetlab o‘tishga qaratilgan: uni josuslar uchun atay tuynuklar qoldirayotganlikda gumon qilishgan. Huawei Marine butun dunyo bo‘ylab 100 ga yaqin kabellarni tortgan va ta’mirlagan.

Ta’mirlash uchun infratuzilmaning yetarli rivojlanmaganligi. Butun dunyoda 60 tacha kabel ta’mirlovchi kemalar bor, ulardan juda kamdan kam foydalaniladi. Boz ustiga, kemalarning aksariyatining yoshi 20 yildan oshgan.

Pierre de Fermat kemasida kabel ta’mirlanishi.

Yirik avariyalar va ularning oqibatlari

Internetsiz qolgan davlat. Tinch okeanidagi, 100 ming aholi istiqomat qiladigan Tonga orol davlati ikki marta – 2019 va 2022 yillari internetsiz qoib ketgan. Har ikki safar ham orolni qo‘shni davlat Fiji bilan bog‘lovchi suv osti kabeli uzilishi bunga sabab bo‘lgan. Birinchi holatda kema langarini kabel tortilgan joyga tashlab, uni ilib olib, tortib uzib yuborgan. Tonga zudlik bilan sun’iy yo‘ldosh internetiga o‘tishiga to‘g‘ri kelgan, oradan kunlar o‘tib muammo sababi topilib, bartaraf etilgan. Ikkinchi marta kabel uzilishiga vulqon otilishi sabab bo‘lgan. O‘shanda qirollik bir necha haftaga tashqi dunyodan uzilib qolgan, chunki kabel ta’mirlovchi eng yaqin kema 4700 km narida bo‘lgan.

Eng yirik kabeldagi avariya. 2022 yil iyunida uzunligi 25 ming km bo‘lgan, Hongkong va Fransiyani bog‘lovchi Asia–Africa–Europe 1 (AAE-1) kabelida uzilish sodir bo‘ldi. Kabel Hindistondan Gretsiya va Italiyagacha 20 dan ortiq davlatni bog‘laydi. Avariya tufayli 100 milliondan ortiq kishi internetsiz qolgan. Efiopiyada internet qamrovi 90 foizga tushib ketgan. Google, Amazon va Microsoft bulutli servislari ishlamay qolgan.

AAE-1dagi uzilish Misrdagi quruqlik qismida sodir bo‘lgan. Ehtimolli sabab sifatida qo‘poruvchilik tilga olingan. Bir necha soatdan so‘ng ulanish tiklangan. Yevroparlament o‘z hisobotida bu hududda jumladan dengiz terrorizmi tufayli internet faoliyatida keng ko‘lamli uzilishlar xavfi yuqori ekanini ta’kidlagan. Ayni paytda Misr orqali 16 ta kabel o‘tadi va jahon trafigining 17 foizi ehromlar yurti hissasiga to‘g‘ri keladi.

2013 yilda Misr hukumati butun mamlakatni internet bilan ta’minlovchi SMW-4 kabelini kesgan uchta g‘avvosni hibsga olgan. Ular kabelning bir qismini o‘g‘irlab ketish istagida bo‘lganini tan olishgan.

Sharqdagi avariya. 2008 yilda suv osti kabeliga zarar yetishi natijasida Yaqin Sharq va Hindistonning 75 mln aholisi internetsiz qolgan. Avariyaga sabab qilib langar muvaffaqiyatsiz tashlangani aytilgan. Voqea tarmoq infratuzilmasiga yuklama ortishiga ham olib kelgan, chunki juda katta trafik aylanib o‘ta boshlagan. Natijada ko‘plab saytlar va servislar ishlamay qolgan.

Kompaniyalar kollapsi. 2006 yilda Osiyo sharqidagi 6,7 balli kuchli zilzila tufayli Tayvan va Hongkong internetsiz qolib ketgan. Tabiiy ofat Osiyo-Tinch okeani kabel tarmog‘ining 80 foiz suvosti kabellarini ishdan chiqargan. Bu kabellar Janubiy Koreyadan Niderlandiyaga tortilgan SEA-ME-WE-2 liniyasi bo‘lib, Shimoliy va Janubiy-Sharqiy Osiyoni Yevropa bilan bog‘lagan. Uzilish tufayli ko‘plab tijoriy kompaniyalar zarar ko‘rgan. Hongkong va Singapurdagi ko‘plab qimmatbaho qog‘ozlar bilan savdo qiluvchilar kotirovkalardan bexabar qolib ketib, buyurtmalarni bajara olmagan, dilerlar esa axborot olish uchun xalqaro yetkazib beruvchilarga ulana olmay qolishgan.

Muammoni bartaraf qilish yo‘llari

Yangi magistrallar. Sun’iy yo‘ldoshli internet rivojlanishi hozircha kabellar o‘rnini to‘liq bosa olmaydi. Shu sababli davlatlar va kompaniyalar yangi hududlarni bog‘laydigan, infratuzilma to‘plangan markazlar ko‘proq bo‘lishi uchun yanada tarvaqaylagan kabellar tarmog‘ini yaratish ustida bosh qotirishmoqda.

2022 yil kuzida Google kompaniyasi G‘arbiy Yevropani Janubiy Afrika bilan bog‘lagan Equiano suv osti kabelini yotqizdi. 15 ming km uzunlikka ega kabel Afrika qit’asiga tortilgan kabellar ichida eng yuqori o‘tkazish qobiliyatiga ega — 150 Tbit/s. U Portugaliyadan Afrikaning g‘arbiy qirg‘oqlari bo‘ylab JARning Melkbosstrand shahrigacha tortilgan. Equiano yo‘l-yo‘lakay boshqa davlatlarga ham ulangan bir nechta tarmoqlarga ega. Kelgusi kabelga yana boshqa davlatlarni ulash ko‘zda tutilgan. Shunday qilib, bu Misrni chetlab o‘tgan Afrikadagi ilk kabel bo‘lib turibdi. Shuningdek, Google Qizil dengiz orqali Hindiston va Fransiyani bog‘lovchi Blue va Raman kabellarini yotqizishni mo‘ljallamoqda.

2022 yil kuzida Google AQSh, Buyuk Britaniya va Ispaniyaning tarmoq infratuzilmasini bog‘lagan Grace Hopper kabelini ham yotqizdi. Kabel Nyu-Yorkdan Britaniyaning Kornuoll grafligidagi Byud shahrigacha tortilgan, uning bir tarmog‘i Ispaniyaning Bilbao shahriga yo‘nalgan.

Shuningdek, Google Kanadaning Vankuver shahridan Tinch okeani tubidan Yaponiyaning Mie va Ibaraki shaharlarigacha Topaz kabelini tortmoqda.

Topaz loyihasi (Video: YouTube)

Meta ham 2Africa Pearls kabeli loyihasini amalga oshirmoqda. U Yevropa, Osiyo va Afrikani bog‘laydi. Kabelning umumiy uzunligi 45 ming kilometrdan ortiq bo‘ladi va bu jahon rekordiga yaqin. Kabelga ulanish nuqtalari O‘mon, BAA, Qatar, Bahrayn, Kuvayt, Iroq, Pokiston, Hindiston va Saudiya Arabistonida bo‘ladi. Afrika davlatlari esa ko‘ndalang ulanish bilan bog‘lanadi.

AzerTelecom va «Qazaqtelekom» telekommunikatsiya kompaniyalari Digital Silk Way loyihasi doirasida Kaspiy dengizi ostidan o‘tuvchi Transkaspiy optik tolali kabelni tortish bo‘yicha kelishuv imzolashgan. Uning maqsadi Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasida ishonchli aloqa yaratishdan iborat.

Far North Fiber konsorsiumi uzunligi 17 ming km bo‘lgan jahondagi ilk Arktika kabelini tortish uchun dastlabki investitsiyalarni olgan. Far North Fiber’da AQShning Far North Digital, Yaponiyaning Arteria Networks va Finlandiyaning Cinia kompaniyalari ishtirok etmoqda. Yangi liniya Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerikani bog‘laydi. Kabel Grenlandiya, Kanada va Alyaska orqali Yevropa va Yaponiyani bog‘laydi, Norvegiya, Finlandiya va Irlandiyani qamrab oladi. Loyiha 2026 yil so‘ngiga qadar yakunlanishi kutilmoqda.

Avariyalarning oldini olish va ta’mirlash tizimlari

Kemalar bilan bog‘liq avariyalar sonini kamaytirish uchun ularga kabellarga xavfli masofada yaqin kelinganini bildiruvchi sensorlar o‘rnatiladi. Ta’mirlovchi kemalar esa eng so‘nggi uskunalar bilan jihozlanadi. Kabellarga xizmat ko‘rsatuvchi Fransiyaning Optic Marine kompaniyasi 2022 yilda CS Cable Vigilance kemasini ishga tushirdi. Uning sahnida suv osti pilotsiz boshqariluvchi qurilmasi bor.

Bir vaqtning o‘zida uzilishlardan ogohlantiruvchi tizimlar ham modernizatsiya qilinadi. Masalan, Avstraliyaning Telstra kompaniyasi Always On tizimidan foydalanmoqda, u muammo paydo bo‘lishi bilan internet trafikni bir kabeldan ikkinchisiga o‘tkazib yuboradi. Bu esa internet aloqasini tiklash vaqtini 8 soatdan yarim soatgacha qisqartiradi.

Buyuk Britaniya esa ko‘pmaqsadli razvedka kemasi ishlab chiqayotganini e’lon qildi, u harbiy-dengiz kuchlari va mudofaa vazirligiga suv osti telekommunkatsion infratuzilmasi xavfsizligini ta’minlashda yordam beradi. Kema eng ilg‘or datchliklar ham masofadan turib boshqariladigan avtonom suvosti dronlari bilan jihozlanadi. U shu yil ichida suvga tushiriladi.

Qonunchilikdagi o‘zgarishlar

Boshqa mamlakatlar tomonidan josuslik yo‘lga qo‘yilishidan cho‘chigan ayrim davlatlar kemalarni nazorat qilishning yangi qoidalarini joriy etmoqda. 2020 yilda AQShning aloqa bo‘yicha federal komissiyasi eng muhim internet kabellarni raqobatlashilayotgan davlatlardagi xizmat ko‘rsatish stansiyalari bilan tekshirib ko‘rishni taklif etdi. Bu AQSh va Xitoyni bog‘lovchi to‘rtta kabeldir. Nazorat idorasining fikricha, tekshiruvlar boshqa davlatlar trafikni bloklashi yoki tutib ololmasligini kafolatlaydi.

2021 yilda Avstraliya, Buyuk Britaniya va AQSh uch tomonlama AUKUS mudofaa alyansi tuzdi. Alyans Janubiy Xitoy dengizining bahsli havzasida Xitoyning ta’siriga qarshi, shuningdek mintaqadagi suv osti infratuzilmasini himoyalashga qaratilgan. Endi bu mamlakatlar «kiberimkoniyatlar, sun’iy intellekt, kvant texnologiyalari va qo‘shimcha suv osti imkoniyatlari» sohasida hamkorlik qilishmoqda.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!