qarashlar
Iqboljon Sobirov – “Oksford” universiteti ilmiy izlanuvchisi. Bakalavrni Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida, biznes axborot texnologiyalari tizimlari yo‘nalishida o‘qigan. Magistraturani esa 100 foiz grant bilan Abu Dabidagi Muhammad bin Zayid universitetida kompyuter ko‘rishi – sun’iy intellektning bir yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan. 2022 yil yozida Oksford universitetiga ilmiy ish bo‘yicha yozgi amaliyotga borib, kardiologiya bo‘yicha ishlaydigan jamoa bilan ilmiy ish qilgan. Undan keyin Abu Dabiga qaytib, magistraturani tugatib, Oksfordda doktoranturani boshladi.
“Kardiologiya bo‘yicha sun’iy intelellektdan foydalangan holda ilmiy ishlar qilyapman”
“Oksford qayerdan stipendiya olayotganingiz, kim pul berayotganiga qaraydi. Yiliga doktorantlarga 16 ming funt sterlingdan 20 minggacha stipendiya beradi.
Menga universitetning o‘qish pullari kardiologiya bo‘limidan, stipendiyam esa kompaniya tomonidan beriladi. Hozir industrial doktorantura qilyapman, ya’ni hozir qilayotgan ilmiy ishlarimiz sanoatga o‘tadi va amalda qo‘llanadi. Shuning uchun bir ma’noda kompaniyaga ishlayman deb aytsam ham bo‘ladi va kompaniya oyligi stipendiya sifatida o‘tadi. Bu Caristo Diagnostics degan kompaniya, Oksfordning o‘zida joylashgan, yurak-qon tomir kasalliklari bo‘yicha ishlaydi. Jamoa qilayotgan barcha ilmiy ishlar amalda qo‘llanishi kerak. Bu yerda ko‘p holatlarda ilmiy ishlar ilmiy ish bo‘lib qolib ketgan va hayotga tatbiq qilinmagan. Kompaniyani ochishdan asosiy maqsad ilmiy ishlarning qiymatini ommaga olib chiqish va shifoxonalar bilan ishlagan holda bemorlarning ma’lumotlarini olib, ilmiy ishlarni amalga oshirish bo‘lgan.
Yurak qon-tomir kasalliklari eng ko‘p o‘limga olib boruvchi kasallik hisoblanadi. Covid-19 bo‘lib o‘tdi, bu koronavirusdan ham ko‘proq o‘limga olib boradigan kasallikdir. Bu kasallikni davolashda birinchi o‘rinda tashxis qo‘yiladi, shu kasallik odamda bormi-yo‘qmi, aniqlanadi. Undan keyin u prognoz qilinadi, ya’ni shu kasallik yillar davomida qanday rivojlanishi aniqlanadi hamda uchinchi bosqichda prognozlarga qarab davolash usullari taqdim etiladi.
Bizning hozirgi qilayotgan ishimiz sun’iy intellektdan foydalangan holda yurak-qon tomir kasalliklari bor insonlarga avtomatik tarzda tashxis qo‘yish va 5-8 yil oldindan bu kasallik unda qanchalik rivojlanishi ehtimolini aniqlashga oid. Agar tashxis qo‘yayotgan paytda insonda yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanmagan bo‘lsa, qandaydir rivojlanish potensiali bo‘lsa ham, unda shunday risk borligini dastur aytib bera oladi.
“Kardiologlarning 5-8 soat vaqtini oladigan ishni sun’iy intellekt bilan soniyalar ichida qilish mumkin”
Bizda ayti jamoa bor, ular dasturning interfeysini, tashqi tarafini sun’iy intellekt tomonidan ko‘rish va qilayotgan ishlarni avtomatlashtirish bilan shug‘ullanadi. Aytaylik, yurakni oladigan bo‘lsak, yurak atrofida koronar arteriyalar joylashgan va bizning ilmiy ishimizda ularni ajratib chiqish kerak, keyin ajratilgan arteriyalarni tahlil qilamiz. Ularni birma-bir ajratib chiqish uchun har bir bemorga bitta kardiolog o‘rtacha 5-8 soat vaqt sarflaydi. Biz esa bitta bemorni soniyalar ichida segmentatsiya qilishimiz mumkin, bu loyihaning bir qismi. Bizda bor genetik ma’lumotlarni sun’iy intellektdan foydalangan holda tahlil qilish hamda tomografiya va genetik ma’lumotlarni analiz qilgan holda prognoz qilish asosiy vazifamiz.
Prognoz qilinayotganda bioindekatorlardan foydalanib, insonni tahlil qilishadi. Yurakda yig‘ilgan kalsiyni hisoblash yurak-qon tomir kasalliklari borligining asosiy indikatori sifatida ko‘rsatiladi, lekin uning juda ko‘p kamchiliklari bor. Kalsiyning bor yoki yo‘qligi yurak kasalligini rivojlantiradimi yoki yo‘qmi, aniq aytib bera olmaydi. Jamoamiz bilan qilayotgan ishlarimiz turli xil bioindikatorlarni yaratish, hozir ikkita katta bioindikator yaratilgan, ayni damda 250 ming bemor ustida test qilib, dastur qanchalik ishlashini tekshirmoqchimiz. Mening vazifam rasm va genetik ma’lumotlardan foydalanib, yangi turdagi indikatorlarni yaratish.
O‘zbekistondagi eng oldi muammo ham yurak-qon tomir kasalliklari hisoblanadi. Ko‘p odam qon bosimi yuqori ekanini aytadi.
O‘zbekistonda tibbiyot sohasida qaysi muammolarni ayti nuqtayi nazaridan hal qilish mumkin?
Birinchi bo‘lib to‘plangan ma’lumotingiz bormi deb so‘ragan bo‘lardim. Agar yo‘q bo‘ladigan bo‘lsa, shu narsadan boshlashimiz kerak, tartiblangan holda ma’lumotlarni yig‘ish va strukturaga solish kerak. Sistemalashtirilgan ma’lumotlardan foydalanib, turli xulosalar olish mumkin bo‘ladi. O‘zbekistonda shunaqa bir umumiy tizim yaratsa bo‘ladi. Xuddi One ID bilan juda ko‘p tashkilotlarni bog‘lashgani kabi sog‘likni saqlashni ham bog‘lab qo‘ysa bo‘ladi. Bunda siz qaysi shifoxonaga borishingizdan qat’i nazar, One ID orqali barcha oldingi ma’lumotlaringizni ko‘rish imkoningiz bo‘ladi. Agar shunaqa birlashgan tizim bo‘lsa, har safar qaysidir kasallik bilan shifoxonaga borsangiz, shifokor oldin qanday kasal bo‘lgansiz, qanaqa davo berilganini ko‘rgan holatda yaxshiroq xulosa berishi mumkin. Buni O‘zbekistonda qilish imkoniyati bor.
Buyuk Britaniyadagi hayot...
Hayot yaxshi, qiziq. Atrof-muhit yashasa bo‘ladigan, tabiati chiroyli. Oxirgi 3 yilda Abu Dabida yashaganman, cho‘l zona bo‘lgani uchun yashil tabiat yo‘qligi odamni ezadi. Bu yerda tabiat bor, O‘zbekistonga o‘xshagan chiroyli joylari ko‘p. Yashash jihatidan O‘zbekistondan ko‘p farq qilmaydi. Lekin ilm olmoqchi bo‘lganlarga juda ko‘p imkoniyatlar bor.
Bu yerga kelganimda meni hayratga solgan narsa – barcha binolar o‘ta eski va bu eskilikda go‘zallik borligi bo‘ldi. Binolar 1800 yillarda va undan ham oldinroq qurilgan. Ularda xristianlik dini yuzaga kelgan, shuncha yillardan beri ularda bu go‘zallik saqlanib qolgani odamni ajablantiradi.
“Yoshlarga o‘zingizni cheklab qo‘ymang, degan bo‘lardim”
Maqsadni kattaroq qo‘ysa bo‘ladi, maqsad qo‘yishdan qo‘rqmaslik kerak. Orzu va maqsadning farqi bor, maqsad qo‘ygandan keyin obektivalar yaratib olgach, harakat qilish kerak. Katta maqsadlar qo‘yib, uni kichik qismlarga bo‘lib, bosqichma-bosqich yurib chiqish kerak. O‘zini cheklab qo‘yish kerak emas. Ilmiy ma’noda kelajak bir soha bo‘yicha ketmaydi, barcha sohalar allaqachon bir biriga bog‘lanib ketyapti. Bir sohani emas, bir necha sohalarni tushunish kerak. Aytini emas, aytining qaysidir sohada qo‘llanishini o‘rganish mumkin. Kommunikatsiyalarni kuchaytirish, soft skillarni o‘rganish kerak. Odamlar bilan muloqotda o‘z fikrini yetkazib bera olish juda muhim.
Madina Ochilova suhbatlashdi.
Operator – Mirvohid Mirrahimov,
Montajchi – Muhiddin Qurbonov.
Comments
0 comment