menu
Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punktlari o‘tkazish qobiliyati oshiriladi .
Nazorat-o‘tkazish punktlarini rekonstruksiya qilish Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasidagi o‘tkazuvchanlikni uch barobarga oshiradi. 

Qozog‘iston va O‘zbekiston bojxona va chegara xizmati vakillaridan tuzilgan maxsus ishchi guruh «Jibek jo‘li–G‘ishtko‘prik» va «Qoplonbek–Navoiy» bojxona postlarida olib borilayotgan ta’mirlash ishlari bilan tanishdi. Bu haqda Kazinform xabar berdi. 

«Hozir rekonstruksiya ishlari olib borilayotgan «Qoplonbek-Navoiy» nazorat-o‘tkazish punkti 2024 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. O‘zbekiston iyunda, Qozog‘iston esa avgustda tugatishi kerak. Bu punktlar ishga tushirilsa, bu yerdan o‘tadigan yuk tashish hajmi 3 barobar ortadi», dedi O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasining strategik rejalashtirish va bojxona tartib-taomillarini optimallashtirish boshqarmasi boshlig‘i Farhod Allamjonov. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, «Qoplonbek» nazorat-o‘tkazish punkti asosan yuk tashish uchun mo‘ljallangan, biroq jismoniy shaxslar ham qabul qilinadi. Bundan tashqari, O‘zbekiston tomoni joriy yilda Qozog‘istonning «Jibek jo‘li» posti bilan birlashtirilgan «G‘ishtko‘prik» nazorat-o‘tkazish punktida ta’mirlash ishlarini yakunlash niyatida. 

«G‘ishtko‘prik» nazorat-o‘tkazish punkti rekonstruksiyasi 2023 yil yozida boshlangan edi. Uni joriy yilning avgust oyida yakunlash rejalashtirilgan. Ushbu bojxona posti kuniga 30 minggacha yo‘lovchi va 1 mingtagacha avtomobilni qabul qilish imkoniyatiga ega. Modernizatsiya natijasida u kuniga 50 ming kishi va 3 mingga yaqin avtomashinani qabul qiladi», dedi Farhod Allamjonov. 

«G‘ishtko‘prik» punktining modernizatsiya qilinishi 12 ta yengil avtomobil va 9 ta avtobusni bir vaqtning o‘zida bojxona ko‘rigidan o‘tkazish imkonini beradi. 

Qozog‘iston tomoni, «Jibek jo‘li» nazorat-o‘tkazish punktini rekonstruksiya qilishni 2025 yilga mo‘ljallagan. 

«2023 yilda «Jibek jo‘li» nazorat-o‘tkazish punkti orqali 9 millionga yaqin yo‘lovchi o‘tdi. Bu odamlarning asosiy oqimi o‘tadigan nazorat punkti. Rejaga ko‘ra, u 2025 yilda ta’mirlanadi. Qayta qurishdan so‘ng uning quvvati kuniga 35 ming kishigacha ko‘tariladi», dedi Qozog‘iston Moliya vazirligi Davlat daromadlari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Baqitjan Slyamov. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, Qozog‘iston tomoni hozir «Qazig‘urt», «Atameken», «Qoplonbek» bojxona postlarini ta’mirlamoqda. Har uchala nazorat-o‘tkazish punkti ham joriy yilda qaytadan ishga tushiriladi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!