qarashlar
Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida tepasiga og‘ir avtotransport chiqqan ko‘prik qulab tushgan. Tuman hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, hodisa bugun, 16 fevral kuni sodir bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, Muborak tumani hududidan o‘tuvchi “Muborak – Pomuq – Alang – Nishon” avtomobil yo‘lining 17-kilometrida, 1982 yilda (zovur ustida) qurilgan ko‘prik og‘ir yuk muntazam harakatlanishi natijasida nosoz holatga kelib qolgan.
Hozirda ko‘prikdan harakatlanish to‘liq cheklangan, axborot beruvchi yo‘l belgilari o‘rnatilgan va avtotransport harakati uchun vaqtinchalik aylanma yo‘l tashkil qilingan.
Biroq 2024 yil 16 fevral kuni og‘ir avtotransport vositasi aylanma yo‘ldan emas, nosoz ko‘prikdan harakatlanishi oqibatida uning temir-beton plitalari singan va qulab tushgan. Sodir bo‘lgan hodisada salbiy holat kuzatilmagan.
Qayd etilishicha, 2024 yilda mazkur ko‘prikni qayta qurish belgilangan bo‘lib, yilning 2-choragida to‘liq qayta qurilib foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmoqda.
Comments
0 comment