menu
Putin Rossiya hududlariga hujumlarni UQKning frontdagi muvaffaqiyatsizliklari bilan izohladi.
Bu hujumlar Ukrainaning frontdagi muvaffaqiyatsizliklarini yashirish, Rossiya Federatsiyasidagi prezidentlik saylovlariga xalaqit berish va bo‘lajak tinchlik muzokaralarida o‘z so‘zini o‘tkazish uchun mo‘ljallangan, dedi prezident Vladimir Putin Dmitriy Kiselevga bergan intervyusida.

Ukraina hududidan Belgorod va Kursk viloyatlariga hujumlar Ukraina qurolli kuchlari «o‘tgan yili o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlaridan birortasiga ham erisha olmagani» sababli amalga oshirildi, dedi Rossiya prezidenti Vladimir Putin Dmitriy Kiselevga bergan intervyusida. U «Rossiya» telekanalida 13 mart, chorshanba kuni efirga uzatildi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, «endi tashabbus butunlay Rossiya armiyasiga o‘tdi».

Rossiya Federatsiyasi prezidentining so‘zlariga ko‘ra, axborot ta’siridan tashqari, bu harakat Rossiyada bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlariga aralashish va «kelajakda ehtimoliy muzokaralar jarayonida qandaydir so‘zini o‘tkazishga» qaratilgan.

Putin tinchlik muzokaralari haqida

Ehtimoliy tinchlik muzokaralari haqida gapirar ekan, Putin Rossiya «hech qachon ularni rad etmagan», ular uchun «tayyor», ammo ular «yuzaga kelgan voqeliklarga asoslangan bo‘lishi» kerakligini ta’kidladi. «Rossiya mos keladigan va biz ishonadigan xavfsizlik kafolatlarini olishi lozim», dedi u. 

Shu bilan birga, Putin «hech kimga ishonmasligini» aytdi va G‘arb qanday qilib «Rossiyani ko‘p marta aldaganini» yana bir bor eslatdi - NATOni Sharqqa kengaytirmaslik, siyosiy muammolarni tinch yo‘l bilan hal qilish, 2014 yilda Ukrainadagi mojaro va Minsk kelishuvlariga rioya qilish masalasida. 

Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning Ukrainaga G‘arb qo‘shinlarini yuborish ehtimoli haqidagi so‘zlariga izoh berar ekan, Putin «G‘arb davlatlarining harbiylari hatto Yanukovich davrida ham Ukrainada bo‘lgan», 2014 yildan keyin esa ular soni bir necha barobarga oshganini aytdi. Shu bilan birga, Putin «xorijiy davlatlarning rasmiy harbiy kontingentini Ukrainaga yuborish jang maydonidagi vaziyatni o‘zgartirmasligi, G‘arb davlatlari tomonidan Ukraina qurolli kuchlariga qurol yetkazib berish ham hech narsani o‘zgartira olmagani»ni aytdi.

Putin: TAURUS raketalari yetkazib berilishi frontdagi vaziyatni o‘zgartirmaydi

Germaniya Ukrainaga uzoq masofaga uchuvchi TAURUS raketalarini yetkazib berish mumkinligi haqidagi munozaralarga ishora qilib, Putin nemislar «xayol qilayotgani, o‘zini o‘zi ruhlantirayotgani», shuningdek, Rossiyani «qo‘rqitishga» harakat qilayotganini aytdi.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, TAURUS raketalari yetkazib berilsa, bu Ukraina qurolli kuchlariga yordam bermaydi, chunki ular allaqachon «Britaniya va Amerika raketalaridan foydalanmoqda», ammo «bu jang maydonidagi vaziyatni o‘zgartirmayapti».

«AQSh ertagayoq yadroviy urushni boshlashga tayyor emas» 

Yadro urushi xavfi haqida so‘ralganda, Putin Rossiya «harbiy-texnik nuqtayi nazardan bunga tayyor», bu «qo‘shinning turi, tarmog‘i doimiy jangovar shay holatda» ekanligini aytdi. Uning fikricha, Rossiya yadroviy triadasi Qo‘shma Shtatlarnikiga qaraganda «zamonaviyroq». Amerikaliklar endi yadro qurollarini modernizatsiya qilishga, «barcha tarkibiy qismlarini ishlab chiqishga» harakat qilmoqda, ammo «bu ular ertagayoq yadro urushini boshlashga tayyor degani emas», dedi Rossiya prezidenti. 

Putinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya yadroviy sinovlarni taqiqlash to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilishdan qaytgan, chunki AQSh uni ratifikatsiya qilmadi, biroq Moskva bu kelishuvlarga amal qiladi. «Agar amerikaliklar bunday sinovlarni o‘tkazsa, biz ham shunday qilishimiz mumkinligini istisno etib bo‘lmaydi», dedi u.

Putin, shuningdek, shu paytgacha Ukrainada taktik yadro qurolini qo‘llash zarurati yo‘qligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qurollardan Rossiya davlati mavjudligi haqida gap ketganda foydalanish mumkin.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!