qarashlar
Perfectum uyali aloqa operatori xususiylashtirilgan. Bunga “Pik skartarisa” Telegram-kanali muallifi Timurmalik Elmurodov e’tibor qaratdi.
Korxona va tashkilotlar reyestriga ko‘ra, bugun, 15 mart holatiga (9 yanvar holatida ham shunday bo‘lgan), Perfectum operatorining yuridik shaxsi – “Rubicon Wireless Communication” MChJning 100 foiz ulushi Abdumalik Valijonovich Iminovga o‘tgan. Kompaniya rahbari – Dmitriy Shukov.
Perfectum kompaniyasi xususiylashtirilishi 2020 yil 27 oktyabrdagi prezident qarorida belgilangan, kompaniya avvaliga investitsiyaviy jozibadorligini oshirib, keyin sotiladigan davlat aktivlari ro‘yxatiga kiritilgandi. O‘sha vaqtda kompaniyaning 65 foiz ulushi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, 35 foizi esa AQShda ro‘yxatdan o‘tgan “Amis Protrade International” kompaniyasiga qarashli edi.
Shundan keyin o‘tgan davr mobaynida Perfectum'dagi davlat ulushlarini sotish bo‘yicha ochiq tanlov e’lon qilinmadi, kompaniya xususiylashtirilgani haqida ham xabar berilmadi. Kun.uz bu borada Davaktivga so‘rov yubordi.
Perfectum rasmiy saytida kompaniya nomi 2023 yil 12 dekabrdan “RWC” MChJga o‘zgartirilgani ma’lum qilingan. 2023 yil kuzida oktyabrida kompaniya keng ko‘lamli transformatsiyani e’lon qilgan, rahbarlik lavozimiga Dmitriy Shukov tayinlangan edi, u muqaddam O‘zbekistonda Ms va Beeline aloqa operatorlarini ham boshqargan.
RWC'ning egasiga aylangan Abdumalik Iminov 2023 yil iyul oyi holatiga ikkita MChJda – “Ravnaq-Omad-Biznes” (savdoni tashkil qilish uchun maydonlarni ijaraga berish va boshqarish) va “Sirdaryo Ko`mir Invest”da (ixtisoslashmagan ulgurji savdo) ulushlarga ega bo‘lgan, keyinchalik ta’sischilar tarkibidan chiqqan.
Perfectum – oxirgi haftalarda noshaffof tarzda sotilgani ma’lum bo‘lgan yirik davlat aktivlaridan uchinchisi bo‘ldi.
Avvalroq “O‘zbekneftgaz”ga tegishli benzin shoxobchalari va Chinoz neftni qayta ishlash zavodi ham yopiq tarzda xususiylashtirilgani ma’lum bo‘lgandi. Bu aktivlarning yangi benefitsiari – sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘li Doniyor Komilov.
Davaktiv bu xususiylashtirish jarayonlari borasida hozirga qadar ma’lumot bermadi, agentlikka yuborilgan OAV savollarini javobsiz qolmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va boshqa organlardan ham izoh bo‘lmadi.
Comments
0 comment