qarashlar
Nyu-Yorkda O‘zbekiston va Lixtenshteyn o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma kommyunike imzolandi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ikki mamlakat hukumatlari nomidan hujjatni O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov va Lixtenshteyn knyazligining BMTdagi doimiy vakili Kristian Venvayzer imzolagan.
Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasida qo‘shma hamkorlikni kuchaytirishga o‘zaro tayyor ekanliklarini bildirgan. Siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikning o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarini topish uchun ikki tomonlama aloqalarni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Hujjatning imzolanishi O‘zbekiston bilan Yevropa davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lgani qayd etilgan.
Lixtenshteyn O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 146-davlatga aylandi.
Avvalroq O‘zbekiston va Uganda o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgandi.
Comments
0 comment