menu
Moskvaning noroziligi, dars qoldirgan 1 mln o‘quvchi va $200 ming so‘ragan prokuror - hafta dayjesti.
Buxoroda tuman prokurori 90 ming dollar pora bilan ushlandi, prezident jinoyatning ayrim tafsilotlarini ochiqladi. Maktablarda kuniga 1 milliongacha o‘quvchi darsga kelmayotgani ma’lum bo‘ldi, ularning ota-onalari bilan Milliy gvardiya shug‘ullana boshladi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi o‘zbek elchisini chaqirib, norozilik bildirdi. O‘tgan haftaning shu va boshqa muhim xabarlari – Kun.uz dayjestida.

Buxoroda tuman prokurori 90 ming dollar pora bilan ushlandi, prezident jinoyatning ayrim tafsilotlarini ochiqladi. Maktablarda kuniga 1 milliongacha o‘quvchi darsga kelmayotgani ma’lum bo‘ldi, ularning ota-onalari bilan Milliy gvardiya shug‘ullana boshladi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi o‘zbek elchisini chaqirib, norozilik bildirdi. O‘tgan haftaning shu va boshqa muhim xabarlari – Kun.uz dayjestida.

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov 14 fevral kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi. Vazirlik xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘janing O‘zbekistonda yashab, o‘zbek tilini bilmaydiganlar haqidagi gaplari Rossiya hukumatiga tegib ketgan. Rasmiy Moskva bu masalada O‘zbekistondan rasmiy izoh berishni talab qilyapti.

Faol jamoatchilik buni Rossiya tomonidan ochiqchasiga O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashish deb baholadi. Chunki Qudratxo‘ja davlat tilini bilmaydiganlar haqida fikr bildirganida O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sib, O‘zbekistonda yashayotgan O‘zbekiston fuqarolari haqida gapirgan, hech qaysi xorijiy davlat yoki millatni alohida ajratib ko‘rsatmagan. Shu jihatdan, uning “odam o‘zi yashayotgan davlat tilini bilishi kerak”, degan ma’nodagi gaplarida hech qanday davlatlararo, transchegaraviy ma’no-mazmun yo‘q. RF TIV O‘zbekiston elchisini chaqirib norozilik bildirgach, ko‘plab o‘zbekistonliklar ijtimoiy tarmoqlarda Sherzodxon Qudratxo‘jani qo‘llab-quvvatlab chiqdi.

Siyosiy fanlar nomzodi 2 soatlik intervyu davomida ko‘p mavzular qatori Rossiya haqida ham gapirgan bo‘lsa-da, bu umuman boshqa kontekstda va boshqacha mazmunda bo‘lgan. U harbiy siyosatchi Zaxar Prilepin, tarixchi Mixail Smolin, propagandachi Sergey Mixeyev kabilarning O‘zbekistonni Rossiya tarkibiga qo‘shib olish kerakligi, o‘zbek millatini go‘yoki ruslar yaratgani, agar Rossiya bo‘lmaganida, o‘zbeklar ishtonsiz yurgan bo‘lardi degan gaplarini javobsiz qoldirib bo‘lmasligini aytgan.

Intervyuda Qudratxo‘ja rusofob emasligi, rus adabiyoti bilan yaqindan tanish ekanini alohida ta’kidlab, O‘zbekiston va Rossiya strategik hamkorlar ekaniga urg‘u bergan, shundan kelib chiqib, Rossiyada bunday haqoratli va tahdidli bayonotlar qanday oqibatlarga olib kelishini tushunadigan aqlli doiralar borligiga ishonch bildirgan. “Ular mana shunday insonlarning efirga chiqib, do‘stona davlatlarga qarata akillashiga yo‘l qo‘ymasligi kerak”, – degan u.

Korrupsion jinoyatlar

Buxoro viloyati Kogon tumani prokurori 91 ming dollar pora bilan ushlandi. Kun.uz manbasiga ko‘ra, prokuror lavozimida salkam 2 yildan beri ishlab kelgan Bahodir G‘ulomov qidiruvdagi shaxsga qo‘llangan qamoq ehtiyot chorasini bekor qilish va jinoyat ishi bo‘yicha yengillik qilib berish evaziga shuncha pulni 13 fevral kuni kechqurun Buxoro shahrida olayotgan vaqtida DXX xodimlari tomonidan ushlangan. Qidiruvdagi shaxs Kogon yog‘-ekstraksiya zavodi ta’sischilaridan biri ekani aytilyapti.

Prezident Shavkat Mirziyoyev juma kuni Andijonga tashrifi vaqtida o‘tkazgan yig‘ilishda aytishicha, prokuror bu holatda jami 200 ming dollar pora olmoqchi bo‘lgan.

3 kun oldin menga aytdi. Men: “Indamanglar, ertaga suddan qaytmasligi kerak bu narsa”, dedim. Sekin-sekin 200 ming dollarni gaplashgan. 91 mingni olib kelyapti, “yo‘q, narigisini ham olib kelasan”, deyapti. “Uni ham indamanglar”, dedim.

Uchinchi kuni 91 mingni olib keldi-da, 101 mingni olib kelinglar, deyapti. Endi yana mayda-chuyda bo‘lmasin-ku, 10 mingni o‘rtadagi vositachilar olib qo‘yyapti. “Yo‘q, 10 mingni ham menga olib kel”, dedi noinsof prokuror. Bosh prokurorimiz shu yerda o‘tiribdilar, Buxoroga borib ishdan oladi”, – dedi davlat rahbari.

Pora bilan qo‘lga tushayotgan huquq himoyachilari orasida sud xodimlari ham bor. O‘tgan hafta Namanganda jinoyat ishlari bo‘yicha Mingbuloq tuman sudi raisi 2 ming dollar olgan paytida ushlangan edi. Rasmiy xabarga ko‘ra, u sudlanuvchiga yengilroq jazo berish evaziga 20 ming dollar so‘ragan. Shuningdek, kuni kecha fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘qon tumanlararo sudi xodimi ming dollar bilan ushlandi. Ma’lum qilinishicha, sudda arxivarius lavozimida ishlagan xodim fuqaroni turmush o‘rtog‘i bilan nikohdan ajratib berish evaziga pora olgan.

Bu holatlar ma’lum bo‘lishi ortidan, Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev jinoyat qonunchiligiga o‘zgartirish kiritish taklifi bilan chiqdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, pora bilan qo‘lga tushgan sudyalar va prokurorlar ko‘rgan ishlarni arxivdan ko‘tarib, boshqatdan ko‘rib chiqish kerak. “Bu kabi noloyiq shaxslarning harakatlari oqibatida qanchadan qancha fuqarolar nohaq ayblanib, nohaq sudlanib ketgan bo‘lishi mumkin”, dedi Tojiyev.

Yuqorida aytib o‘tilganlaridan tashqari, Navoiyda hakamlik sudi sudyasi fuqaroning muammosini hal qilib berish evaziga ming dollar olgan paytda ushlandi. Shuningdek, Sirdaryoda Milliy gvardiyaning viloyat qo‘riqlash boshqarmasi bosh inspektori qo‘lga olindi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, u qo‘riqlash boshqarmasiga ishga kiritib qo‘yish evaziga fuqarodan 3 ming dollar olgan. Yana bir holatda sobiq sudyaning o‘g‘li ekani aytilayotgan shaxs ming dollar bilan ushlangan. U Namangan shahridagi davlat xizmatlari markazida katta mutaxassis lavozimida ishlab, fuqaroga uy-joy subsidiyasini olishda yordam berishi evaziga 1500 dollar so‘ragan, shundan 1000 dollarini olayotganda qo‘lga tushgan.

Toshkentda esa “Toshshahartransxizmat” ishi doirasida qamoqqa olingan faqatgina kompaniya raisi emasligi ma’lum bo‘ldi. Anvar Jo‘rayev bilan birga, kompaniya bosh muhandisi hamda 1- va 8-avtobus saroylari rahbarlari ham hibsga olingan. Ular o‘zaro til biriktirib, avtobus saroylaridagi ehtiyot qismlar va yoqilg‘i mahsulotlarini talon-toroj qilganlikda gumonlanyapti.

So‘nggi kunlarda ochiqlangan korrupsion jinoyatlar ro‘yxati shu bilan tugamaydi. Ma’lum bo‘lishicha, Jizzax viloyati “Toza hudud” korxonasi bosh hisobchisi 5 ming dollar, “Hududiy elektr tarmoqlari” Qashqadaryo filiali bosh muhandisi o‘rinbosari esa 7 ming dollar bilan hibsga olingan. E’tiborlisi, ularning ikkalasi ham muqaddam iqtisodiy jinoyatlarda sudlanganiga qaramay, viloyat darajasidagi lavozimga tayinlangan. Ya’ni, jinoyatlar aniqlanayotgani yaxshi albatta, lekin qanday qilib avval korrupsion jinoyatda ayblangan shaxs yana yuqori lavozimli amaldorga aylanib qolgani haqida ham gapirilishi kerak. Umuman, korrupsiyaga qarshi samarali kurash – bu avvalo o‘g‘rilashga imkon qoldirmaslik, aktivlar va daromadlarni deklaratsiyalash, ochiqlikni kengaytirish va eng muhimi, jazo muqarrarligini ta’minlashni taqozo qiladi.

Maktablardagi davomat masalasi – kun tartibida

Mahallalarda madhiya aytish topshirig‘ini yangi tashkil etilgan O‘zbekiston mahallalar uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev bergani ma’lum bo‘ldi. Quronboyevning internetda audiosi tarqalgan topshirig‘iga ko‘ra, mahalla xodimlari ertalab 7:00 da madhiya aytib, keyin o‘z hududidagi maktablarga borishi, maktab eshigi oldida o‘quvchilarni kutib olib, darslar boshlangach, o‘qishga kelmagan o‘quvchilarning ota-onalari bilan shug‘ullanishi kerak.

“Hammaga topshiriq, kechqurun soat 9 larda men Zoom o‘tkazaman sizlar bilan, kim qanaqa tushunganini menga aytib beradi har bittasi. Demak, maktabdagi davomat masalasiga alohida e’tibor beriladi”, – dedi u.

12 fevral, dushanbadan boshlab, dars qoldirayotgan o‘quvchilarning ota-onalariga ogohlantirish xatlari yuborilyapti. Xatda ota-ona o‘z farzandining ta’lim olishi uchun javobgar ekani, bu majburiyatini bajarmasa, jarimaga tortilishi haqida so‘z boradi. Chorshanba kungi matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha, 13 fevral kuni O‘zbekistondagi 6,5 mln nafar maktab o‘quvchisidan salkam 1 mln nafari darsga kelmagan. Sinf rahbarlaridan yig‘ilgan ma’lumotlarga ko‘ra, shundan 835 mingta bola sababli, 95 mingta bola esa sababsiz dars qoldirgan.

O‘tgan hafta maktablardagi inspektor-psixologlar shtati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiyaga o‘tkazilgan edi. Milliy gvardiya markaziy devoni boshqarma boshlig‘i Zafar Alimovning aytishicha, idoraning zimmasiga muntazam ravishda maktabga kelmayotgan bolalar bilan ishlab, shart-sharoitini o‘rganib, ularni maktabga qaytarish vazifasi yuklatilgan. U maktab ta’limidan norozi bo‘lib, bolalariga noqonuniy diniy ta’lim berayotganlarga ham alohida e’tibor qaratilishini qo‘shimcha qildi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining aniqlik kiritishicha, Milliy gvardiya xodimlari ta’lim jarayoniga aralashmaydi. Vazirlik xodimi Azamat Kamolov organ xodimlari pedagoglarning faoliyatiga aralashayotgan holatlar ham yo‘q emasligini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu borada tegishli tartib ishlab chiqilib, inspektor-psixologdan boshqa gvardiya xodimlarining maktabga kirishi cheklanadi.

Qolgan jalb qilingan xodimlar bundan buyon maktabga kirmaydi va yagona tartib sifatida ular tomonidan me’yoriy hujjat ishlab chiqilib, maktab rahbariyati davomat ko‘rsatish uchun qo‘liga beradi, u borib ota-ona bilan ishlaydi. Ularning chegarasi shu yerda. Milliy gvardiya xodimlari dars jarayoniga kirishga yoki o‘qituvchining nega kech kelayotgani, formada kelmayotgani bo‘yicha so‘roq qilolmaydi. O‘zim guvoh bo‘lgan vaziyat ham bo‘ldi, oddiy qo‘riqlash xizmati xodimi maktab bolalarini dars jarayonida turg‘izib qo‘yib forma talab qilayotgan ekan, bu uning vakolati emasligini aytdim. Mana shunday noto‘g‘ri yondashuvlarning oldini olish uchun yagona tartib ishlab chiqilyapti”, – dedi vazirlik rasmiysi.

Jamoatchilik faoli, iqtisodchi Botir Qobilov bu holatga munosabat bildirib, davomatni ko‘tarish uchun ta’lim sifatini oshirishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, avvalo darslar o‘quvchilarning bir qismi uchun nega qiziq bo‘lmayotgani, o‘qituvchilarga samarali dars o‘tishga nima xalal berayotgani, ota-onalar farzandlarini nima sababdan repetitorga berayotgani kabi fundamental omillarga ko‘proq e’tibor qaratish kerak. Ta’limda hozirgi ahvolimizdan bir kalla emas, o‘n kalla yuqoriroq sakrashimiz kerak, dedi Botir Qobilov.

Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi sud yakunlanish arafasida

Dushanba kungi sud majlisida prokuror Farmatsevtika agentligining sobiq rahbari Sardor Kariyev va uning ikki o‘rinbosariga 18 yildan, Quramax rahbariga esa 20 yil qamoq jazosi berishni so‘radi. Davlat ayblovchisining pozitsiyasiga ko‘ra, sudlanuvchilar vafot etgan 68 nafar va nogiron bo‘lib qolgan 16 nafar bola uchun 100 mln so‘mdan, yengil jarohat olgan yana 2 bola uchun esa 20 mln so‘mdan tovon puli to‘lashi kerak.

O‘z navbatida, Kariyevning advokatlari suddan uni aybsiz deb topishni so‘radi. Himoyachilarga ko‘ra, qo‘yilgan ayblovlar o‘z isbotini topmagan, tegishli dorilar uchun guvohnomalar esa Kariyev lavozimga o‘tirishidan oldin berilgan. Advokatlar tergov bir tomonlama, tirnoq tagidan kir qidirish zaylida, faqat ayblov yo‘nalishida olib borilgan deb hisoblamoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili 11 avgusda boshlangan sud jarayoniga 23 nafar shaxs ayblanuvchi tariqasida jalb etilgan. Ularning 9 nafariga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Energetika vazirligi Toshkentda havo ifloslanishiga mazut “aybdor” ekanini rad etdi. Gap shundaki, 13 fevral kuni O‘zbekiston poytaxti havosi eng iflos dunyo shaharlari reytingida 3-o‘ringa chiqib qoldi. Shu kuni Energetika vazirligi bayonot chiqarib, kun davomida stansiyalarda mazut ancha kam yoqilganiga qaramay, shaharda havo iflos bo‘lgani, bundan bir necha barobar ko‘p mazut yoqilgan kunlarda esa bunday ifloslanish bo‘lmaganini ma’lum qildi. “Bu esa poytaxt havosining ifloslanishida mazutning zarracha ham hissasi yo‘qligini isbotlaydi”, – deyiladi bayonotda.

O‘zbekistonda ayollarga avtobus va og‘ir yuk mashinalarini haydashga ruxsat berildi. Ko‘pchilik uchun yangilik bo‘lgan avvalgi tartibga ko‘ra, ayollar yo‘lovchi sig‘imi 14 kishidan, yuk ko‘tarishi 2,5 tonnadan ortiq avtomobillarni boshqarishi mumkin bo‘lmagan. Endilikda hukumat qarori bilan bu taqiq bekor qilindi. Transport vazirligining izohlashicha, hozirgi zamonaviy yuk mashinalari va avtobuslarni boshqarish ayollar sog‘ligi uchun xavf tug‘dirmaydi. Endi ular, masalan, elektrobus haydovchisi bo‘lib ishga kirishi mumkin.

Shavkat Mirziyoyev fermerlar oldidagi qarzdorligini haligacha to‘liq to‘lamagan klasterlarni tanqid qildi. Yangi tizimga ko‘ra, avvalgi qarzini 1 aprelgacha yopmagan klaster bilan fyuchers shartnomasi bekor qilinadi va fermerga paxtani o‘zi birjada sotishiga ruxsat beriladi. Elektron platformaga tegishli ma’lumotlarni to‘liq kiritgan va fyuchers shartnoma imzolagan fermerga kredit ko‘pi bilan uch kun ichida ajratilishi shart, dedi prezident.

O‘zbekiston fuqarolarining Ozarboyjonda ro‘yxatdan o‘tmasdan yashash muddati 10 kundan 15 kungacha uzaytirildi. Amaldagi tartibga ko‘ra, o‘zbekistonliklar Ozarboyjonga borib 90 kungacha vizasiz yurishi mumkin. Faqat, bir borganda qolish muddati 15 kundan oshsa, ro‘yxatdan o‘tishi kerak bo‘ladi. Yana bir ma’lumot: avvalroq e’lon qilinganidek, 16 fevraldan e’tiboran O‘zbekiston fuqarolari uchun Birlashgan Arab Amirliklariga kirishda vizasiz rejim amal qila boshladi.

Xorazmdagi pedofil amaldorlarning yana “boshi silandi”. Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan jinsiy aloqa qilib kelgan viloyat adliya boshqarmasi sobiq boshlig‘i Oybek Masharipov va Yangiariq tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi sobiq boshlig‘i Anvar Kuryazov, 3 noyabrdagi sud hukmiga ko‘ra, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, ular umumiy tartibdagi qamoqxonaga emas, manzil-koloniyaga yuborilgan. Qolaversa, ikki sobiq mansabdorga tayinlangan 3 yillik muddatdan ular avval o‘tagan ozodlikni cheklash jazosi muddati chegirib tashlangan. E’tiborlisi, bunda kechasi uydan chiqmasdan o‘tkazilgan 1 kun koloniyadagi 1 kunga tenglashtirilgan. Natijada koloniyadagi jazo muddati bir necha oyga kamaygan.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!