qarashlar
Rossiya poytaxti Moskvada ko‘cha tozalovchi ishchilar o‘rniga robotlardan foydalanish boshlandi. 12 ta haydovchisiz tozalash mashinasi ko‘cha supurish uchun ishga chiqdi. Qurilmalar deyarli bir yil davomida sinab ko‘rilgan. Bu haqda «Kommersant» yozdi.
Mini traktor «Piksel» deb nomlangan. U Moskvaning «Avtonomika» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan.
«Piksel», xususan, Wi-Fi modullari, GPS va GLONASS navigatsiya tizimlari, ultratovush sensorlari va kameralar bilan jihozlangan. U avtonom harakatlanishi yoki Microsoft Xbox konsolidagi joystik yordamida masofadan boshqarilishi mumkin.
Uskuna cho‘tka, maysa o‘rgich, suv purkagich, qor tozalagich va muzga qarshi reagent purkagich bilan jihozlangan. «Piksel» ko‘cha tozalovchi ishchilarni almashtirishga qodirligi ta’kidlanmoqda.
«Piksel» juda qimmat, taxminan 15 million rubl (≈2 mlrd so‘m) turadi. Qayd qilinishicha, robotlar bir necha parklarda ish boshlagan. Ular odam va jonivorlar uchun xavfsiz, ularga yaqinlashganida to‘xtab qolishi aytilmoqda.
Robot-supuruvchi inson o‘rnini bosishi ta’kidlansa-da, ba’zi mutaxassilar bunga shubha bilan qaramoqda. Chunki, farroshlik kasbi murakkab, hududni tozalash, qorni qayerga tashlash va hokazolar haqida tushuncha va bilimga ega bo‘lishni talab qiladi. Tor joylarda esa mashina odamning o‘rnini bosa olmaydi.
«Piksel» roboti ikkita elektromotor bilan jihozlangan. Litiy-ion batareyalar bilan quvvatlanadi, u kuniga 16 soatgacha harakatlana olishi mumkin.
Ko‘cha tozalovchi robotlar allaqachon yirik shaharlarda sinovdan o‘tkazilgan. 2023 yilda Pekin maxsus avtonom zonasida avtobus asosida yaratilgan maxsus robot sinovdan o‘tkazildi. Ammo u hech qachon ommaviy foydalanishgacha yetib bormadi.
Comments
0 comment