qarashlar
Seshanba kuni kechqurun Litva poytaxti Vilnyusda Aleksey Navalniyning safdoshi bo‘lgan Leonid Volkovga hujum uyushtirildi. Hamkasblarining so‘zlariga ko‘ra, Volkovga uning uyi yaqinida hujum qilingan va u ma’lum vaqtni shifoxonada o‘tkazishiga to‘g‘ri kelgan.
Navalniyning matbuot kotibi bo‘lgan Kira Yarmish tvitterdagi sahifasida Volkovning «mashinasi oynasi sindirilgani va ko‘ziga yosh sizdiruvchi gaz sepilgani, shundan keyin Leonidni bolg‘a bilan ura boshlashgani» haqida yozgan.
Yarmish shuningdek «Agenstvo» bilan suhbatda Volkov hujum qilgan shaxsdan mashina eshigi va oyoqlari bilan himoyalangani haqida aytib bergan. «Shuning uchun duch kelgan joyga — oyoqlariga urilgan», — deydi Yarmish.
Korrupsiyaga qarshi kurashish fondi direktori Ivan Jdanov Volkovning hujumdan keyingi fotosuratlarini namoyish etgan: uning yuzi shikastlangan va oyog‘i qonga belangan.
Voqea joyiga politsiyachilar va tibbiyot xodimlari yetib kelgan, Volkovni shifoxonaga olib ketishgan.
Keyinroq muxolifatchining o‘zi shifoxonadan uyga qaytganini ma’lum qildi. U tomonidan e’lon qilingan videomurojaatda qo‘li bog‘lab qo‘yilganini ko‘rish mumkin.
Bo‘lib o‘tgan hodisani u shunday tasvirlagan: «Ular meni to‘qmoqlab ezib tashlamoqchi bo‘lishdi. Chindan ham. Uy hovlisida menga go‘sht maydalash uchun mo‘ljallangan bolg‘a ko‘targan odam hujum qildi. Oyog‘imga o‘n besh marta zarba berdi. Oyoq negadir butun qolgan. Yurganda og‘riydi, ammo sinmaganini aytishdi. Lekin qo‘lim singan».
U «hech qanday izoh berishga tayyor emasligi»ni bildirgan. «Ko‘rinib turgan narsalardan tashqari, bu Putindan, Peterburg banditidan shunday yaqqol, tipik, odatiy salomi edi. Vladimir Vladimirovichga ham salom!» — degan Volkov.
Delfi portali qayd etishicha, Litva politsiyasi 12 mart kuni Vilnyusda «Rossiya fuqarosi» o‘z uyi atrofida kaltaklanganini tasdiqlagan. Xabarga ko‘ra, hujum mahalliy vaqt bilan soat 22:06 da ro‘y bergan.
Jurnalist Sergey Parxomenko o‘z telegramida Volkov «shahar tashqarisida, osuda dala hovlilar posyolkasi»da yashashini yozgan. «Ya’ni bu tasodifiy ko‘cha bezorisi yoki talonchi bo‘lmagan. Bu odam Volkovga hujum qilish uchun ataylab o‘sha yerga borgan», — deb hisoblaydi Parxomenko.
Litva TIV rahbari Gabrielyus Landsbergis ham hodisaga munosabat bildirdi. «Leonidga hujum qilingan haqidagi xabar shokka tushirdi. Tegishli organlar ishga kirishgan. Aybdorlar o‘z jinoyati uchun javob berishi lozim», — deb yozgan u tvitter sahifasida.
«Vajniye istorii» nashri yozishicha, Rossiya hukumati tomonidan taqiqlangan «Mujskoye gosudarstvo» tashkiloti sobiq rahbari, ayollarga zo‘ravonlikni targ‘ib etishi bilan tanilgan Vyacheslav Pozdnyakovning tarafdorlari hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan.
Bu haqda Pozdnyakovning o‘zi telegramida xabar bergan, u o‘z kanali o‘quvchisi bilan yozishmasi skrinlarini keltirgan, unda Volkovning kuzatuv vaqtidagi fotosuratlari va uning mashinasi raqami aks etgan.
Hozircha sodir bo‘lgan voqeaning boshqa versiyalari, shuningdek Pozdnyakovning so‘zlarini tasdiqlovchi mustaqil dalillar yo‘q.
Litva politsiyasi vakili AFP agentligi bilan suhbatda voqea joyida politsiya xodimlari ishlayotgani va hozircha hujumda gumonlanayotgan shaxs aniqlanmaganini bildirgan.
Volkov 2023 yil martiga qadar Navalniy tomonidan asos solingan Korrupsiyaga qarshi fondga rahbarlik qilgan.
Rossiyada unga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilgan: rasmiylar uni «voyaga yetmaganlarni noqonuniy xatti-harakatlarga undash»da, ya’ni norozilik aksiyalarida ishtirok etishga jalb etganlikda ayblagan.
Litva hukumati Volkovni Rossiya hukumatiga topshirishdan bosh tortgan va unga qo‘yilgan ayblovlar siyosiy motivlarga ega deb atagan.
Comments
0 comment