qarashlar
Irlandiya bosh vaziri Leo Varadkar kutilmaganda o‘z lavozimini tark etishini ma’lum qildi. 20 mart, chorshanba kuni bergan bayonotida Varadkar qarorni «ham shaxsiy, ham siyosiy» sabablar bilan izohladi. Bundan tashqari, 45 yoshli siyosatchi hukmron liberal-konservativ «Fine gel» partiyasi raisi lavozimini tark etdi.
Varadkarning hukumat rahbari sifatidagi vorisi shu yilning 31 martida katolik va protestant cherkovlari nishonlaydigan Pasxadan keyin aniqlanishi kutilmoqda. Davlat xarajatlari vaziri Paskal Donoxyu va ta’lim vaziri Saymon Xerris bu lavozimga nomzodlar qatorida ko‘rilmoqda. O‘z navbatida, Irlandiyaning savdo vaziri va sobiq tashqi ishlar vaziri Saymon Kouveni allaqachon RTÉ telekanalida bosh vazir lavozimiga da’vogarlik qilmoqchi emasligini ma’lum qilgan.
Ta’kidlanganidek, Leo Varadkarning iste’foga chiqish qarori asli kelib chiqishi irlandiyalik bo‘lgan AQSh prezidenti Jo Bayden bilan Vashingtondagi an’anaviy uchrashuvidan ko‘p o‘tmay e’lon qilindi. Bu hukmron koalitsiya bo‘yicha Varadkar sheriklari uchun kutilmagan hodisaga aylandi. Liberal-konservativ «Fianna foyl» partiyasidan Irlandiya bosh vazir o‘rinbosari va tashqi ishlar vaziri Mixol Martin esa, uning partiyasi, «Fine gel» va «yashillar» tomonidan tuzilgan mamlakat hukumati ishlashda davom etishiga ishontirdi.
Leo Varadkar so‘nggi yetti yil davomida Irlandiya bosh vaziri lavozimida ishlagan. Mamlakatda navbatdagi parlament saylovlari 2025 yil bahorining boshidan kechiktirmay o‘tkazilishi kerak. O‘zining iste’foga chiqish maktubida Varadkar Irlandiyani yanada zamonaviy va tengroq qilishda o‘z rolini o‘ynaganidan faxrlanishini aytdi.
Irlandiyada ayollar va oila roli bo‘yicha referendumlar muvaffaqiyatsizligi
Irlandiyada 8 mart kuni Varadkar hukumati tashabbusi bilan ayollarning jamiyatdagi o‘rni, uy xo‘jaligi va oilaga g‘amxo‘rlik qilish bo‘yicha o‘tkazilgan qo‘shaloq referendum muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
1937 yilda qabul qilingan Irlandiya konstitutsiyasi 41-moddasiga ko‘ra, oila «jamiyatning tabiiy va asosiy bo‘g‘inidir». Ushbu formulani quyidagi so‘zlar bilan to‘ldirish taklif qilindi: «Oila - u nikoh yoki boshqa uzoq muddatli munosabatlarga asoslangan bo‘lishidan qat’i nazar». Ushbu tuzatishning tanqidchilari bunday so‘zlar noaniqligini ta’kidladi. Ba’zilar, hattoki, bu ko‘pxotinlilikni konstitutsiyaviy darajada qonuniylashtirishi va Irlandiyaga o‘z «oilasi» bilan birlashishga intilayotgan migrantlar oqimini rag‘batlantirishi haqida ta’kidladi. Natijada plebissit ishtirokchilarining 67,7 foizi tashabbusga qarshi ovoz berdi.
Xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni bo‘yicha, ishtirokchilarning 73,9 foizi konstitutsiyadan «ayol o‘z uy xo‘jaligidagi hayoti orqali davlatning tayanchi, usiz umumiy farovonlikni ta’minlay bo‘lmaydi» degan qoidani olib tashlash taklifini rad etdi.
Comments
0 comment