menu
Haitidagi jinoiy guruhlar hukumatga urush ochdi.
Qamoqxonalardan biri shturm qilingan va 4000 ga yaqin mahbus chiqarib yuborilgan.

Karib dengizidagi Haiti orol davlati poytaxtidagi qamoqxonalardan biri jinoiy guruhlar tomonidan shturm qilingan va qariyb 4000 nafar mahbus ozodlikka chiqarilgan.

Milliy qamoqxona shanbaga o‘tar kechasi shturm qilingan, bu mamlakat bosh vaziri Haitiga banditizmga qarshi kurashishga xalqaro kontingent joylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishish maqsadida Keniyaga uchib ketishi ortidan ro‘y berdi, jinoiy to‘dalardan birining Barbekyu laqabli yetakchisi bosh vazirga urush e’lon qilgan.

Yakshanba kuni, qamoqxona shturm qilingani ma’lum bo‘lgach, u yerga xalqaro agentliklarning mahalliy muxbirlari yetib borishgan. AFP agentligi muxbiri qamoqxona darvozasi ochiq turgani va uning atrofida o‘ndan ortiq jasadlar yotganiga guvoh bo‘lgan. Reuters agentligi ichkari hovlida ham uch mahbus jasadi yotgani haqida yozgan.

Haiti hukumati politsiyachilar xuddi shu vaqtda Krua-de-Bukedagi boshqa bir qamoqxonaga qilingan hujumni ham qaytarishga harakat qilgani haqida xabar bergan. Ikkinchi qamoqxonadan qancha odam qochib ketgani xabar qilinmagan, birinchisida esa ro‘yxat bo‘yicha 3800 kishi saqlangan va Reuters ma’lumotiga ko‘ra, kameralarda jami 99 nafar mahbus qolgan. Agentlikning qamoqxona nazoratchilari orasidagi manbasi xabar berishicha, ular o‘qqa uchmaslik uchun xonalardan chiqmaslikka qaror qilishgan.

Ichkarida qolganlar orasida — 2021 yil iyulida Haitining o‘sha vaqtdagi prezidenti Jovenel Moizni o‘ldirishda ishtirok etishda ayblanib qamalgan kolumbiyalik sobiq askarlar ham bor.

O‘sha qotillikdan keyin shusiz ham Amerika qit’asining eng qashshoq mamlakati bo‘lgan Haitini anarxiya va banditizm to‘lqinini qamrab oldi. Jinoiy guruhlar poytaxt Port-o-Prensning 80 foiz hududini nazorat qiladi, 11 million kishi yashaydigan ushbu mamlakatda o‘tgan yili qariyb 8,5 ming kishi qotillik qurboniga aylangan.

O‘tgan yili Keniya ixtiyoriy ravishda mahalliy jinoiy to‘dalarni bostirish uchun xalqaro qurolli kontingentga rahbarlik qilib, bu yerga ming nafar politsiyachi yuborgandi. Yaqinda Afrikaning boshqa bir davlati Benin ham ikki ming askar yuborishni va’da qilgandi, AQSh esa bu amaliyotni moliyalashtirishga tayyor.

Keniya oliy sudi ijro hokimiyatining Haiti bo‘yicha qarorini to‘xtatib qo‘ydi va haitiliklar bosh vaziri Ariel Anri o‘tgan haftaning payshanba kuni ushbu kelishuvni saqlab qolish maqsadida Nayrobiga uchgandi.

Xuddi o‘sha kuni jinoiy guruhlardan birining rahbari, sobiq politsiyachi, Barbekyu laqabli Jimmi Sherize poytaxtdagi va provinsiyalardagi barcha guruhlar Anrini hokimiyatdan ag‘darish uchun birlashishini e’lon qilgandi.

«Mamlakatni hech kim boshqarmayapti, yetakchi yo‘q, aholi esa och qolmoqda, odamlar ko‘chaga chiqishga qo‘rqadi. Xalq charchadi va boshqa toqat qila olmaydi», — degan Barbekyu.

U qamoqxonalardan ozod etilgan mahbuslar politsiya boshliqlari va bosh vazirni mamlakatga qaytishi bilanoq qo‘lga olishga ahd qilishganini qo‘shimcha qilgan.

Shundan buyon qamoqxonalar shturmiga qadar bir necha otishmalar bo‘lib o‘tdi, bu otishmalarda to‘rt politsiyachi halok bo‘lib, besh nafari jarohatlangan, banditlar aeroportga ham hujum qilishgan, natijada ko‘plab reyslar bekor qilingan, bir necha talaba qisqa muddatga garovga olingan, ulardan biri yaralangan.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!