qarashlar
To‘qqizta jinoiy guruh konglomerati (birlashmasi) rahbari, sobiq politsiyachi, Barbekyu laqabli Jimmi Sherize seshanba kuni jurnalistlarni yig‘gan va ularga agar bosh vazir lavozimini tark etmasa, mamlakatda urush boshlanishini ma’lum qilgan.
«Agar Ariel Anri iste’foga chiqmasa, agar xalqaro hamjamiyat uni qo‘llashda davom etsa, unda biz to‘g‘ridan to‘g‘ri fuqarolik urushi tomon harakatlanamiz, bu esa genotsidga olib keladi», — degan inson huquqlari buzilishi tufayli BMT sanksiyalari ostida bo‘lgan Barbekyu.
Seshanba kuni ertalab jinoiy to‘dalar Haiti poytaxti Port-o-Prensdagi 800 nafardan ortiq kadetlar tahsil oladigan politsiya akademiyasiga hujum qilgan. Politsiya shturm qaytarilganini ma’lum qilgan.
Xalqaro agentliklar bilan gaplashgan guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning bosh aeroporti, Port-o-Prensedagi Tussen Luvertyur nomidagi xalqaro aeroport atrofida ham o‘q ovozlari eshitilgan.
250 nafar kubalik aeroportdan uchib ketishga uringan, ammo buning imkoni bo‘lmagan. «Biz samolyotga chiqishimiz kerak edi, ammo ular samolyotda o‘qdan hosil bo‘lgan teshikni topishdi», — degan kubaliklardan biri AFP agentligiga.
Ayni vaqtda Haitidagi aeroportlar askarlar tomonidan qo‘riqlanmoqda.
Haiti bosh vaziri Ariel Anri o‘tgan haftada avvaliga Janubiy Amerikadagi Gayanada o‘tkazilgan mintaqaviy forumga jo‘nab ketgandi, u yerdan esa Haitiga xalqaro politsiyachi-harbiylar kontingenti yuborish bo‘yicha kelishuvga erishish uchun Keniyaga uchdi, bu kontingent anchadan buyon deyarli butun poytaxtni nazorat qilayotgan jinoiy to‘dalarga qarshi kurashishni boshlashi ko‘zda tutilgan.
Bosh vazir yo‘qligida Barbekyu unga urush e’lon qildi. Shanba kuni jinoiy to‘dalar bir qancha politsiya uchastkalariga hujum qildi, shuningdek Port-o-Prensdagi qamoqxonalardan bir necha ming mahbus ozodlikka chiqarib yuborildi.
Shundan keyin hukumat favqulodda holat e’lon qildi va komendantlik soati joriy etildi.
Bir necha kun mobaynida Ariel Anrining qayerdaligi ma’lum emasdi, ammo seshanba kuni AQSh tarkibidagi Puerto-Riko oroli hukumati Anrining samolyoti shu yerga qo‘nganini ma’lum qildi.
OAV ma’lumotiga ko‘ra, bundan oldinroq Nyu-Jyersidan uchgan bosh vazirga Dominikan Respublikasiga qo‘nishga ruxsat berilmagan — bu mamlakat g‘arbiy qismida Haiti ham joylashgan Espanol orolining katta qismini egallagan.
Comments
0 comment