menu
G‘azoda navbatdagi qirg‘in, rus neftiga muqobil izlayotgan hindlar va yagona vaqtga o‘tgan Qozog‘iston - kun dayjesti.
Dunyoda sodir bo‘layotgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning muxtasar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtirishda davom etamiz. 

G‘azodagi navbatdagi qirg‘in

Jazosizlik tufayli hech narsadan tap tortmayotgan Isroil G‘azoda yana bir yirik qirg‘inni amalga oshirdi.

Isroillik fashistlar G‘azo shahrining janubidagi Nablusi chorrahasida insonparvarlik yordamini kutayotgan ochlikdan sillasi qurigan tinch aholi vakillari ustiga bomba tashlab yubordi.

G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi vakili Ashraf al-Qudrat tomonidan berilgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, qirg‘in tufayli 104 kishi halok bo‘lgan, yarador bo‘lganlar soni 760 nafarga yetgan.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, o‘lganlar va yaradorlar tibbiyot brigadalari va fuqarolar tomonidan G‘azoda omon qolgan kasalxonalarga yetkazilgan. Kasallarni tashiyotgan tibbiyot brigadalari ham isroilliklarning nishoniga aylangan.

G‘azo shimolida birgina shifoxona omon qolgan. «Kamol Advan» shifoxonasi ham yoqilg‘i yetishmoqchiligidan to‘laqonli faoliyat ko‘rsata olmayati.

G‘azo hukumati Isroilni insonparvarlik yordamini kutayotgan falastinliklarga qasddan hujum qilganlikda aybladi.

G‘azo hukumatiga ko‘ra, Isroil «qasddan, avvaldan rejalashtirib, sovuqqonlik bilan» ushbu qotillikni amalga oshirgan.

HAMAS esa Arab davlatlari ligasi va BMT Xavfsizlik kengashini «G‘azodagi ommaviy qirg‘inlar va etnik tozalashlar»ni to‘xtatishga chaqirgan.

Oq uy humanitar yordam kutayotgan G‘azo tinch aholi vakillarining o‘ldirilishini «jiddiy voqea» deb atagan.

«Bu jiddiy voqea va biz barcha detallarni o‘rganamiz. Biz aybsiz insonlarning o‘limidan qayg‘udamiz va G‘azodagi o‘tkir humanitar vaziyatni, biror aybi bo‘lmagan insonlar o‘z oilalarini boqish uchun kurashayotganini tan olamiz. Bu vaziyat G‘azoga insonparvarlik yordamlarini saqlab qolish va oshirish, jumladan o‘t ochishni vaqtinchalik to‘xtatish naqadar muhimligini ko‘rsatadi», — deyiladi Oq uy bayonotida.

BMT Bosh kotibi Isroilning G‘azoda 100 dan ortiq tinch aholi vakillarini o‘ldirganini qoraladi va zudlik bilan humanitar otashkesimga chaqirdi.

Nablusi maydonida falastinliklarni o‘ldirgan Isroil o‘zining insoniyatga qarshi davomli jinoyatlari qatoriga yana bitta dog‘ tushirdi, degan Turkiya Tashqi ishlar vazirligi.

Kolumbiya ushbu qirg‘indan so‘ng Isroildan qurol-yarog‘ xarid qilishni to‘xtatishini e’lon qildi

«Netanyahu yeyishga ovqat so‘ragan 100 dan ortiq falastinliklarni o‘ldirdi. Bu genotsid deyiladi va garchi buni jahondagi qudratli davlatlar tan olishni istamayotgan bo‘lsa-da, vaziyat Holokostni eslatadi. Jahon Netanyahuni ihotalashi kerak. Kolumbiya Isroildan barcha qurol -yarog‘lar xaridini to‘xtatdi», — deb yozgan Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida. 

Ukrainadagi urush

Pentagon rahbari Lloyd Ostin agar Ukraina urushda yengilsa, Putin «to‘xtamasligi»ni ta’kidlagan. AQSh mudofaa vaziri bunday ssenariyda Rossiya va NATOning to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvi ham yuz berishi mumkinligini inobatdan soqit etmaslik kerakligini aytdi.

«Agar Ukraina yutqazsa, Putin keyin aslo to‘xtamaydi, u o‘z qo‘shnilariga hujum qiladi va ularning suveren hududlarini egallashda davom etadi. Agar siz Botiqbo‘yi davlatlari bo‘lsangiz, keyingisi siz bo‘lishingiz mumkinligidan qattiq tashvishlanishingiz kerak. Ochig‘ini aytaman, agar Ukraina yutqazsa, NATO Rossiya bilan urushga kirishadi deb o‘ylayman», degan Lloyd Ostin.

AQSh mudofaa vazirining so‘zlarini Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova sharhlagan.

«Bu Rossiyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdidmi yoki Zelenskiyga bahona topishda yordam berishmi? Har ikkisi bo‘lishi mumkin va bu telbalik. Lekin endi haqiqiy agressor kimligini hamma bilib bo‘ldi. Bu — Vashington», — deb yozgan u Zaxarova o‘z Telegram-kanalida.

Ukraina Rossiya qo‘shinlari yozga borib ularning mudofaa chizig‘ini yorib o‘tishi mumkinligidan cho‘chimoqda, deb yozadi Bloomberg.

Nashr manbalariga ko‘ra, agar G‘arb Kiyevga o‘q-dorilar yetkazishni ko‘paytirmasa, Rossiya armiyasi Ukraina qurolli kuchlarining mudofaasini yozgacha yorib o‘tishi mumkin.

Bloomberg’ning qayd etishicha, Rossiya frontda tashabbusni o‘z qo‘liga olgani sayin Kiyevning pessimizmi ortib bormoqda. Avdiyivkaning va unga yaqin qishloqlarning yo‘qotilishi Ukraina ittifoqchilari uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lib yangrashi kerak, degan jurnalistlarga yevropalik mulozim.

Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin hamon Ukrainaning yirik shaharlari, jumladan Kiyev va Odessani egallash kabi o‘zining dastlabki maqsadlaridan voz kechmagan.

Agar Odessa ishg‘ol qilinsa, Rossiya Ukrainani Qora dengizdan uzib qo‘yadi va Rossiyadan Moldova hokimiyatiga qarshi siyosiy qo‘llov so‘ragan Dnestrbo‘yiga chiqib oladi. 

Hindiston rus neftidan voz kechmoqda

Hindiston sanksiyalar tahdidi tufayli, shuningdek, Rossiya tomoni xarid qilingan neft uchun yuanda to‘lov qilishni talab etayotgani bois Rossiya neftiga muqobil axtarmoqda, deb xabar beradi Bloomberg.

Garchi Rossiya hamon Hindistonga asosiy neft yetkazib beruvchi davlatligicha qolayotgan bo‘lsa-da, mamlakatda boshqa davlatlardan neft import qilish tendensiyasi shakllanmoqda.

Xususan, fevral oyida Saudiya Arabistonidan neft import qilish miqdori 22 foizga ortgan. Masalan, Hindistondagi eng yirik Reliance Industries Ltd. neftni qayta ishlash zavodi Kpler monitoring saytiga ko‘ra, 2020 yilning may oyidan buyon eng katta hajmdagi Saudiya neftini xarid qilgan.

Qayd etilishicha, hindlar Rossiya neftini ko‘proq xarid qilishga qarshi emas, biroq xarid hajmini yanada oshirish uchun AQShning ruxsati talab etiladi.

Rossiya nefti narxi hozir barreliga bor-yo‘g‘i 2–4 dollar arzonroq. Avvalroq Rossiya neftiga chegirmalar 30 dollarga yetardi, biroq Xitoy tomonidan raqobat tufayli ikki xonali sonlardan iborat chegirmalar ortiq berilmasa kerak.

Hindiston tomonidan Rossiya neftining xaridi Ukrainada urush boshlanganidan so‘ng keskin oshgan. Chunki boshqa davlatlardagi neftni qayta ishlovchilar rad etgan neftni hindlar arzon-garovga xarid qila boshlashgan.

Bundan tashqari Moskva hisob-kitob uchun ishlatilib kelingan BAA dirhami ustidan ayrim banklar nazoratni qat’iylashtirgani uchun Xitoy yuanida to‘lov talab qila boshlagan. Bu esa Xitoyni asosiy raqobatchisi deb biladigan Hindistonga u qadar yoqmayapti. Hindistonning o‘z valutasi rupiya esa erkin konvertlanmaydi.

 

Global erkinlik darajasi

Saylovlardagi manipulyatsiyalar va qurolli mojarolar global erkinlik darajasining pasayishiga olib keladi, deb yozadi Freedom House.

Global erkinlik darajasi 18 yildan buyon pasayib kelmoqda, deyiladi Freedom House huquqbonlik tashkilotining har yilgi «Jahondagi erkinlik – 2024» hisobotida.

Unga ko‘ra, jahondagi insonlarning 38 foizi «erkin bo‘lmagan davlatlar»da yashashadi. Siyosiy huquqlari va fuqarolik erkinliklarining susaytirilishi 52 ta davlatda qayd etilgan. Bularning ichida biz ham bormiz.

«Avtoritar yetakchilar va qurolli guruhlar tomonidan plyuralizmdan voz kechilishi 2023 yilda qatag‘on va zulmga hamda erkinlik umumiy darajasining keskin pasayishiga olib kelgan. Faol qurolli mojarolar va avtoritar agressiyaning tahdidlari dunyoni yanada xavfli va yanada demokratiyadan uzoqroq qilgan», — deyiladi hisobotda.

Hisobot mualliflarining qayd etishicha, demokratik davlatlar zulmga qarshi old safda turganlarni qo‘llab-quvvatlab moliyalashtirishi, bahsli hududlarda yashovchi insonlar huquqlarini hamda quvg‘inda bo‘lgan huquqbonlarni himoya qilishi kerak. Bunisi endi ko‘proq Rossiyaga taalluqli bo‘lsa kerak. 

Qozog‘iston yagona vaqt mintaqasiga o‘tdi

Qozog‘iston rasman yagona vaqt mintaqasiga o‘tdi. 1 martdan boshlab butun Qozog‘istonda yagona vaqt — UTC+5 o‘rnatildi. Endi mamlakatning sharqiy qismi Yevropaga bir soat yaqinroq bo‘ladi.

Mamlakat hukumati qaroriga ko‘ra Ostona, Olmaota va Chimkent shaharlarida, shuningdek, Oqmo‘la, Olmaota, Jambil, Qarag‘anda, Qo‘stanay, Pavlodar, Shimoliy Qozog‘iston, Turkiston, Sharqiy Qozog‘iston, Abay, Jyetisu va Ulitau viloyatlarida soat millari bir soat ortga surildi.

Ilgari Qozog‘istonda ikkita vaqt zonasi mavjud edi — UTC+5 va UTC+6, hududining katta qismi UTC+6 zonasida joylashgan. Soat o‘zgargandan so‘ng butun Qozog‘iston O‘zbekiston bilan bir xil vaqt zonasiga o‘tdi..

2020 yilda Qozog‘istonning yagona vaqt mintaqasiga o‘tishi tashabbuskori Olmaotada joylashgan Vasiliy Fesenkov nomidagi Astrofizika instituti bo‘lgan. Astrofiziklar o‘z takliflarini mamlakatning aksariyat qismi o‘z tabiiy vaqtiga qarab yashamasligi bilan asosladi. 

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!