menu
BYD avtomobillarining importi cheklanishi mumkin.
“O‘zavtosanoat” bilan birga Jizzaxda zavod qurayotgan Xitoy brendi o‘z mahsulotlarining O‘zbekistonga importini “tartibga solish”ni so‘rayapti. Bu olib kirilayotgan modellarning mahalliy iqlim va yo‘l sharoitlariga moslashmagani bilan izohlangan. 1 iyulgacha bu borada raqobat qonunchiligi va Jahon savdo tashkiloti prinsiplaridan kelib chiqqan holda takliflar ishlab chiqiladigan bo‘ldi.

“O‘zavtosanoat” bilan hamkorlikda Jizzaxda avtomobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan BYD kompaniyasi o‘z elektromobillarining O‘zbekistonga “tartibsiz importi”ni cheklash bo‘yicha hukumatga murojaat bilan chiqqan.

Kompaniya buni O‘zbekistonga olib kirilayotgan avtomobillari mahalliy iqlim va yo‘l sharoitlariga moslashtirilmagani hamda rasmiy kafolatga ega emasligi bilan izohlagan.

Shu munosabat bilan 18 mart kuni imzolangan prezident qaroriga asosan, 2024 yil 1 iyulga qadar “O‘zavtosanoat” va mas’ul vazirliklar tomonidan BYD brendi ostidagi elektromobil va gibrid avtomobillari importini tartibga solish bo‘yicha takliflar Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

Takliflarni tayyorlashda raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari va Jahon savdo tashkiloti prinsiplaridan kelib chiqilishi belgilangan.

Qarorda barcha avtomobil ishlab chiqaruvchi korxonalarga, shu jumladan BYD kompaniyasiga qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalarni berishda teng shartlar va sharoitlar yaratiladi.

“O‘zbekiston Respublikasida elektromobil va gibrid avtomobillar hamda ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni tashkil etish” investitsiya loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi investitsiya shartnomasini tasdiqlash haqida”gi qarorda, shuningdek, quyidagilar bo‘yicha BYD kompaniyasi bilan muzokaralar o‘tkazilishi ham belgilangan:

2024 yil yanvar oyida prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga tashrifi vaqtida BYD kompaniyasi tomonidan Jizzax shahrida elektromobil va gibrid avtomobillar ishlab chiqarilishiga start berilgan edi.

Loyihani amalga oshiruvchi “BYD Uzbekistan Factory” MChJ qo‘shma korxonasi “O‘zavtosanoat” (60 foiz) va BYD Europe B.V. (Niderlandiya, 40 foiz) ta’sischiligida 2023 yil yanvarida tashkil etilgan.

Birinchi bosqichda zavodda yiliga 50 mingta gibrid va elektr avtomobillari yig‘iladi. Loyihaning umumiy qiymati 122,6 mln dollarga baholangan.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!