menu
Bundan 84 yil oldin sirli ravishda cho‘kib ketgan kema Superior ko‘li tubidan topildi
“Arlington” kemasi 1940-yilning bahorida Ontarioga ketayotganda cho‘kib ketgandi

Kema dengiz tubini masofadan turib zondlash vaqtida aniqlangan. Uskunalar Kivino yarimorolidan taxminan 56 km shimolda “chuqur anomaliya” borligini ko‘rsatdi.

Kemalar halokatini tadqiq qiluvchi jamiyat mutaxassislari anomaliyani gidrolokator yordamida tekshirib, Superior ko‘lida 180 metrdan ortiq suv ostida yotgan “Arlington” kemasini aniqladi.

Mutaxassislarning fikricha, kema halokati sirli voqea bilan bog‘liq. “Arlington” 1940-yilning bahorida Ontarioga ketayotganda cho‘kib ketgan. Sayohat chog‘ida Superior ko‘li qalin tuman bilan qoplangan va kechasi bo‘ron ko‘tarilgan.

“Arlington” va yana bir yirik yuk kemasi “Kollingvud” noqulay ob-havo tufayli yo‘ldan adashgan va to‘qnashgan. “Arlington” suvga to‘la boshlaganida, kapitan yordamchisi kemani Kanadaning shimoliy qirg‘oqlariga yaqinroq yerga yo‘naltirishga uringan, ammo kapitan Frederik Berk bunga rozi bo‘lmay, yana ochiq ko‘lga qaytishni buyurgan.

1-may erta tongda “Arlington” cho‘kishni boshlagan. Ekipaj evakuatsiya qilinadi va “Kollingvud” tomon yo‘l oladi. Ammo “Arlington” kapitani qochib qutula olmaydi va kema bilan cho‘kib ketadi.

Kapitan nima uchun o‘zini shunday g‘alati tutgani va cho‘kayotgan kemada qolgani sirligicha qolmoqda. Omon qolganlarning aytishicha, ular oxirgi marta Berkni kemaning shturvali yonida ko‘rgan. “Arlington” cho‘kib ketishidan oldin u “Kollingvud” tomon qo‘l silkitgan.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!