menu
AQShda «Superseshanba»: bu nima, ovoz berish qayerlarda bo‘ladi va bu nima uchun muhim?.
5 mart kuni AQShda «Superseshanba», bu Oq uy uchun 2024 yilgi kurashdagi eng muhim kunlardan biri.

Shu kuni Amerikaning 15 shtatidagi saylovchilar ikki yirik partiyadan prezidentlikka saylovlardagi nomzodlarini tanlaydi. Yana bir shtatda Demokratik partiyaning praymerizi natijalari ma’lum bo‘ladi.

«Superseshanba» Oq uy uchun kurashdagi ikki asosiy raqib — demokratlar vakili Jo Bayden hamda respublikachilarning asosiy nomzodi Donald Trampning hozirgi holati haqida tushuncha hosil qilishda qo‘l keladi.

2024 yilgi saylovlar Trampning to‘rt yil oldingi mag‘lubiyat uchun revansh jangi bo‘lishi kutilmoqda.

«Superseshanba» nima degani?

Shu kuni ko‘pchilik shtatlarda prezidentlik praymerizi taqvimi doirasida ovoz berish jarayoni o‘tkaziladi.

Alabama, Alyaska, Arkanzas, Kaliforniya, Kolorado, Men, Massachusets, Minnesota, Shimoliy Karolina, Oklahoma, Tennessi, Texas, Yuta, Vermont, Virjiniya va Amerika Samoasida (formal jihatdan bu shtat yoki shtatning bir qismi emas, AQShning Tinch okeani janubiy qismidagi uyushmagan hududdir — ya’ni Qo‘shma Shtatlarning Amerika hukumati boshqaruvi ostidagi hududi) saylovchilar ovoz berishga chiqadi.

Respublikachilar bu 15 shtatning barchasida ovoz berishadi. Demokratlar — ham shu shtatlarda, faqat Alyaska bundan mustasno, ular Amerika Samoasida ham dastlabki ovoz berishni o‘tkazadi.

Shu kuni demokratlarning Ayovadagi praymerizi yakunlari ma’lum bo‘ladi, bu yerda bir necha haftadan buyon pochta orqali ovozlar yo‘llanmoqda.

Qancha delegat qanday qilib tanlanadi?

Har bir ovoz berish natijalariga ko‘ra, delegatlarning ovozlari birinchi o‘rinni egallagan nomzodlarga o‘tadi, ular keyinroq ikki partiyaning shu yil yozida o‘tadigan qurultoylarida partiya nomzodini ilgari surish uchun rasman ovoz berishadi.

«Superseshanba»da barcha delegatlar ovozlarining uchdan bir qismi taqsimlanadi — respublikachilarda 865 va demokratlarda kamida 1420.

Tramp shtabining prognozlariga ko‘ra, «Superseshanba»da u kamida 773 delegat ovozini qo‘lga kiritishi va mart oyidayoq nomzodini ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan ovozlarga ega bo‘lishi kerak. Ayni vaqtda unda 244 delegat ovozi bor, uning yagona raqibi Nikki Heylida — 43.

Respublikachilar nomzodi tasdiqlanishi uchun kamida 1215 delegat ovozi kerak. Demokratlarda — 1968.

Tramp uchun nima o‘rtaga tikilgan?

Barcha so‘rovlarga ko‘ra Tramp Heylidan sezilarli ustunlikka ega. U praymerizda qolgan so‘nggi raqibini ham poygadan chiqarib yuborishga umid qilmoqda.

Ammo AQShning BMTdagi sobiq maxsus vakili hisoblangan Nikki Heyli shu vaqtga qadar faqat Vashington shtatidagi praymerizda birgina g‘alabaga erishganiga qaramay, kurashni davom ettirmoqchi. Shu bilan birga, yaqin vaqtgacha uni faol va saxiylik bilan moliyalashtirib kelgan homiyalari asta-sekin undan yuz o‘gira boshlagan.

Shunday ekan, Heylida g‘alaba qozonish rejasi ko‘rib chiqilmayapti. «Superseshanba» — uning Trampga ustunligini mustahkamlashga xalaqit qilish yoki umummilliy saylovlardan oldin uning zaif nuqtalarini fosh etish uchun so‘nggi imkoniyatdir.

Ayrim praymerizlarda Trampda Amerika shaharlarining chekka qismlarida yashovchi oliy ma’lumotli aholi vakillarini o‘z tomoniga og‘dirishda muammolar yuzaga keldi — bu demografik guruh yakunda uning Oq uyga qaytishiga xalaqit berishi mumkin.

Baydenda nima gaplar?

Katta ehtimol bilan kongressmen Din Fillips hamda o‘zini takomillashtirish bo‘yicha kitoblar muallifi Marianna Uilyamson ham o‘z nomzodini ilgari surishiga qaramay, Jo Bayden Demokratik partiyadan nomzod bo‘lishi deyarli aniq.

Baydenning saylovoldi kampaniyasi 27 fevral kuni Michiganda muammoga duch keldi, bu yerda saylovchilarning 13 foiziga yaqini G‘azodagi vaziyat hamda prezident Isroilni qo‘llayotgani tufayli uyushtirilgan norozilik aksiyasi doirasida o‘zini «ikkilanayotgan saylovchi» deb e’lon qildi.

Faollar «Superseshanba»da Kaliforniya, Kolorado, Shimoliy Karolina, Minnesota va Vermont shtatlarida ham shunday kampaniya o‘tkazmoqchi.

Kengroq qilib aytganda, butun mamlakat bo‘ylab saylov uchastkalaridan chiqishda o‘tkaziladigan so‘rovlar asosida, muhim elektoral guruhlar, jumladan yosh saylovchilar o‘rtasida prezident nomzodini qo‘llab-quvvatlashdagi farqlar Baydenning imkoniyatlariga qanday ta’sir qilishi mumkinligi borasida  xulosa qilish mumkin.

Natijalar qachon ma’lum bo‘ladi?

AQShning sharqiy sohili va Amerika Samoasini olti soatlik vaqt zonasi ajratib turishi hisobga olinsa, yakuniy natijalar darhol ma’lum bo‘lmaydi.

Dastlabki ma’lumotlar Amerika vaqti bilan seshanba kuni kechqurun sharqiy sohildagi saylov uchastkalari yopilganidan keyin kela boshlaydi.

Amerika telekanallari shtatlarga taxminan sharqiy vaqt bilan soat 20:00 da (Grinvich bo‘yicha 01:00) qo‘ng‘iroq qilishni boshlashni rejalashtirgan.

Nimani kuzatish kerak?

Barcha e’tibor Shimoliy Karolinaga qaratiladi, bu «Superseshanba»da ovoz berish o‘tkaziladigan yagona ikkilanuvchi shtat. 2020 yilda Tramp bu yerda Baydenni bir foizdan ortiqroq punkt farqi bilan ortda qoldirgandi.

Oliy sud qaroridan keyin, Kolorado va Men shtatlarida ham Trampning familiyasi saylov byulletenlarida qoldiriladigan bo‘ldi, bu ikki shtat uni 2020 yil 6 yanvarida Kapitoliy voqealari tufayli diskvalifikatsiya qilishga uringandi.

«Superseshanba»dagi ovoz berishning yana bir xususiyati shundaki, bir qancha shtatlarda qaysi partiyaga mansubligidan qat’i nazar barcha saylovchilar praymerizda ovoz berishi mumkin.

Shunday shtatlardan biri — Virjiniya, bu yerda respublikachilar tarafdorlari bo‘lgan saylovchilar nisbatan mo‘’tadilligi bilan nom qozongan. Heyli aynan shu yerda g‘alaba qozonish uchun nisbatan yaxshiroq imkoniyatga ega, lekin shuning o‘zi bilan umumiy kartina o‘zgarishi dargumon.

BBC’ning Shimoliy Amerikadagi muxbiri Entoni Zurker e’tibor qaratish zarur bo‘lgan to‘rt jihatni qayd etgan.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!