menu
AQSh tarixida sobiq prezident ustidan birinchi sud sanasi ma’lum bo‘ldi.
Donald Tramp ustidan birinchi sud mart oyi oxirida boshlanadi. 

Nyu-Yorkdagi Manhetten jinoiy sudi Donald Trampning porno aktrisa Stormi Denielsga to‘lovlarda moliyaviy firibgarlik qilgani bo‘yicha ochilgan ishni tugatish haqidagi iltimosini rad etdi. 

Sudya Xuan Merchanning aytishicha, sobiq prezident ustidan birinchi marta jinoiy sud jarayoni 25 mart kuni boshlanadi. Unda hakamlar hay’ati tanlanadi. 

Trampning advokatlari suddan ishni to‘xtatish yoki kechiktirishni talab qilishga urindi. Ularning fikriga ko‘ra, sud jarayoni saylovoldi tadbirlariga halal berishi mumkin, bu esa prezidentlik sayloviga aralashishni anglatadi. Biroq, sudya bu da’volarning barchasini rad etdi. 

Nyu-Yorkdagi sud jarayoni sobiq prezidentga qarshi ochilgan to‘rtta jinoiy ishning birinchisi bo‘ladi. Avvalroq, Tramp maxfiy hujjatlarni noqonuniy saqlaganlik, Jorjiya shtatida prezidentlik saylovi natijalarini o‘zgartirishga urinish, saylov natijalarini bekor qilish uchun fitna uyushtirish va Kapitoliyga bostirib kirish ishi bo‘yicha ayblangan edi. 

Tramp barcha ayblovlarni rad qilib, ular siyosiy tusga ega ekanini ta’kidlab kelmoqda. 

Nyu-Yorkdagi sud jarayoni Trampning porno yulduz Stormi Denielsga «munosabatlarini oshkor qilmaslik uchun pul to‘lagani» bilan bog‘liq. 

Ish materiallariga ko‘ra, 2016 yilgi saylovdan oldin Tramp advokat orqali Stormi Denielsga «jim bo‘lishi» uchun 130 ming dollar to‘lagan. 

Ushbu to‘lovning o‘zi noqonuniy emas, lekin Tramp uni advokatga yuridik xizmatlar uchun to‘lov sifatida rasmiylashtirgan. Bu esa Nyu-York shtatida hisobotni soxtalashtirish sifatida baholanadi va jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!