menu
Xonanda Teylor Svift og‘ir kasal muxlisasiga 5 ming dollarlik ko‘ylak sovg‘a qildi (video)
Mashhur qo‘shiqchida ham xuddi shunday ko‘rinishdagi libosi bor

Zamonamizning eng mashhur xonandalaridan biri Teylor Svift AQSHning Missuri shtati, Kanzas Sitida joylashgan bolalar va o‘smirlar kasalxonasidagi bemorlar holidan xabar oldi va ularga qimmatbaho sovg‘alarni ulashdi, deb yozmoqda “Pravila jizni”.

Yangi yil arafasida xonanda va uning qallig‘i, Kanzas City Chiefs futbolchisi Trevis Kelsi “Mehr-shafqat” bolalar kasalxonasiga tashrif buyurdi. U yerda juftlik og‘ir kasallikka chalingan Naya ismli bemor bilan suhbatlashdi va unga Teylorning o‘zi uchrashuv paytida kiyib olgan ko‘ylagini sovg‘a qildi. Italiyaning Miu Miu brendiga tegishli libosning narxi besh ming dollarni tashkil etadi. Bundan tashqari, xonanda muxlisiga qora jemfer ham hadya qildi.

Naya ismli qizaloq sovg‘alarni ochayotgan vaqtini videoga oldi va TikTok tarmog‘iga joylashtirdi. Videoda u “Men hozir o‘zimni Teylor Svift kabi his qilyapman!”, dedi.

Svift shifoxonadagi boshqa bemorga 600 dollarlik Dyson Airwrap soch fenini sovg‘a qildi.

Avvalroq 2023-yilni o‘zining Eras nomli dunyo gastrollari bilan o‘tkazgan Teylor Svift ilk bor Forbes’ning milliarder insonlar ro‘yxatiga kiritilgani xabar berilgan edi. U bu maqomga da’vogar Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Xitoy rahbari Si Szinpinni ortda qoldirdi. Bugungi kunda xonanda Amerikaning Billboard jurnaliga ko‘ra 21-asrning eng buyuk pop yulduzlari reytingida 2-o‘rinda turibdi.

Bloomberg nashriga ko‘ra, uning musiqiy albom, konsertlar, gastrol va turli reklamalar orqali orttirgan boyligi 1,1 mlrd dollarni tashkil qiladi. Teylor tarixda musiqasidan milliard dollardan ko‘proq daromad olgan birinchi xonanda hisoblanadi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!