menu
“Urushda 31 ming ukrainalik askar halok bo‘ldi” — Zelenskiy
Ukraina prezidenti ilk bor armiya safidagi yo‘qotishlar sonini ochiqladi. Zelenskiy Rossiyaning yo‘qotishlarini ham ma’lum qildi

Rossiya bosqinining boshidan beri 31 ming ukrainalik askar halok bo‘ldi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ilk bor qurolli kuchlar safidagi yo‘qotishlar sonini ochiqladi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.

Prezident yarador ukrainalik askarlarning sonini ayta olmasligini, chunki Rossiya bu orqali qancha odam “jang maydonini tark etganini” bilishini qo‘shimcha qildi. Shuningdek, Zelenskiy bedarak yo‘qolgan harbiylar sonini ham aytmadi, biroq rus harbiylarining yo‘qotishlari 180 ming ekanini ta’kidladi.

Ukraina rasmiylari harbiy sirlarga asoslanib, urush boshlanganidan beri hech qachon qurbonlar sonini oshkor qilmagan. Rossiya ham bu ma’lumot bilan bo‘lishmagan.

Urushdagi yo‘qotishlar bo‘yicha uchinchi tomon hisob-kitoblari

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan beri qancha harbiy xizmatchi halok bo‘lgani ma’lum emas. AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi boshlig‘i Uilyam Berns 30-yanvar kuni Rossiya armiyasining umumiy yo‘qotishlarini 315 ming kishiga baholagandi. Bu raqamga yaralangan askarlar ham kiradi. 

Economist jurnali Amerika rasmiylarining hisob-kitoblariga tayanib, urush paytida kamida 70 ming ukrainalik askar halok bo‘lgani va 120 mingga yaqini yaralanganini yozgan.

The New York Times 2023-yil avgust oyida AQSH ma’muriyatiga tayanib, Rossiyaning 120 ming harbiysi o‘lgani, 170-180 mingi yaralanganini ma’lum qilgandi. Ukraina yo‘qotishlari 70 mingni va yaradorlar esa 120 mingni tashkil etishi xabar qilingan.

BBCga ko‘ra, Rossiya armiyasi safida halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar soni 47 kishini tashkil qiladi. Aksar migrantlarni “maxsus harbiy operatsiya”da qatnashgandan so‘ng Rossiya fuqaroligini soddalashtirilgan holda olish istiqbollari jalb qiladi. Ba’zilar bosim ostida armiyaga yoziladi. 

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!