qarashlar
Aqtauda qulab tushgan samolyotning omon qolgan yo‘lovchisi Subxonqul Rahimov halokatdan keyingi dastlabki soniyalar haqida gapirib berdi.
48 yoshli Subxonqulning so‘zlariga ko‘ra, samolyot 2-3 marta Grozniy hududida qo‘nishga uringan, biroq quyuq tuman tufayli qo‘na olmagan.
Keyin u va boshqa yo‘lovchilar portlash ovozini eshitgan, biroq nima portlagani va qayerda bo‘lganini tushuna olmagan. Shundan so‘ng samolyot boshqa yo‘nalishda ucha boshlagan.
Uning aytishicha, avariya holati tufayli samolyotda kislorod niqoblari tushganda, ularda kislorod deyarli yo‘q ekani ma’lum bo‘lgan. U orqa o‘rindiqqa o‘tib, boshqa niqobni taqishga uringan. Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, yiqilishdan oldin samolyot bir muddat havoda aylangan.
Subxonqulning joyi samolyotning dum qismida bo‘lgan, uning yonida o‘tirganlarning barchasi tirik qolgan.
Subxonqul halokatada o‘zining tirik qolishini mo‘jiza deb atadi. U jiddiy jarohat olmagan, faqat boshi qattiq og‘riyotganini ma’lum qilgan.
Qozog‘istondagi aviahalokatga oid so‘nggi ma’lumotlar
Bokudan Grozniyga uchayotgan Embraer 190 yo‘lovchi samolyoti 25-dekabr kuni Qozog‘istonning Aqtau shahrida qulab tushdi. Samolyot Azerbaijan Airlines aviakompaniyasiga tegishli bo‘lib, bortida 69 kishi, jumladan, 5 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, halokatda 32 kishi, jumladan, bir nafar ekipaj a’zosi omon qolgan. Ularga zarur tibbiy va ruhiy yordam ko‘rsatilmoqda. 12 kishining ahvoli og‘ir ekani aytilgan.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev samolyot halokatini tekshirish bo‘yicha komissiya tuzishni buyurgan.
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev aviafojia munosabati bilan Rossiyadagi MDH sammitiga qatnashmay, Bokuga qaytgan.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev samolyot halokatga uchragani munosabati bilan Ozarbayjon va Rossiya prezidentlariga hamdardlik yo‘lladi.
Comments
0 comment