menu
Toshkentda ustiga daraxt qulagan Gentra zararini kim qoplaydi?
“Daryo” bunga aniqlik kiritdi

Toshkent shahrining Yashnobod tumanida Gentra avtomobili ustiga daraxt qulab tushgani, jarohat olganlar yo‘qligi, holat bartaraf etilgani xabar qilingandi. Shundan so‘ng nafaqat mulk egasi, ko‘pchilikda avtomobil zararini kim qoplaydi, degan savol tug‘ildi. “Daryo” bunga aniqlik kiritdi. 

“O‘zagrosug‘urta” kompaniyasi mas’uli Muzaffar Ibragimovning “Daryo”ga bildirishicha, bu holatda haydovchi o‘z avtomobilini ixtiyoriy sug‘urta qildirgan bo‘lsa, bu uning zararni qoplatishdagi ustunligi hisoblanadi. 

Mas’ulning tushuntirishicha, agar sug‘urta kompaniyasi, deylik, 14-mart kuni daraxt bosib qolgan Gentra avtomobili ixtiyoriy sug‘urtalangan bo‘lsa va mashina tiklab bo‘lmaydigan holatga keldi, degan xulosa bo‘lsa, tuzilgan shartnoma bandlariga ko‘ra avtomobil bozor narxining 85 foizidan 100 foizgacha bo‘lgan narxini to‘lab beradi. 

Majburiy sug‘urtalangan avtomobilning 40 million so‘mgacha bo‘lgan sug‘urta puli sug‘urtalangan avtomobildan zarar ko‘rgan jabrlanuvchilarga to‘lab beriladi. 

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bosh mutaxassisi Murod Nurmatovning “Daryo”ga qo‘shimcha qilishicha, jamoat joylaridagi, katta ko‘cha yuzidagi ko‘p yillik daraxtlarning bexosdan qulab tushishining oldini olish maqsadida vazirlik hamda joylardagi Obodonlashtirish boshqarmalari hamkorligida o‘rganishlar olib boriladi.  

Toshkentda daraxt ostida qolib, majaqlangan avtomobilning aynan qaysi sug‘urta kompaniyasida sug‘urtalangani tahririyatga noma’lum. “O‘zagrosug‘urta” vakillarining savolga javob berishi tahririyatning aynan shu kompaniya vakillarini tanlashi bilan bog‘liq. Avtomobil shu kompaniya tomonidan sug‘urtalangan ekan, degan xulosaga kelish noto‘g‘ri.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!