menu
Toshkent hokimi byudjetdan ajratilgan 100 mld so‘mga oid qarorni shaxsga doir ma’lumotlar vaji bilan yashirgani aniqlandi 
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov 2024-yilning 10-oktyabr kuni 709-14-0-Q/24 sonli qarorni qabul qilib, yashirib qo‘ygan. Yashirilgan hujjatga “shaxsga oid” degan vaj bilan izoh yozilgan — bu esa qonunchilikka zid

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov 2024-yilning 10-oktyabr kuni 709-14-0-Q/24 sonli qarorni qabul qilib, yashirib qo‘ygan. Yashirilgan hujjatga “ushbu hujjat shaxsga doir ma’lumotlar, vasiylik va homiylik yoki amaldagi qonunchilikka muvofiq boshqa turdagi foydalanishi cheklangan axborot mavjudligi tufayli yashiringan”ligi haqida izoh yozilgan. Bu esa qonunchilikka zid hisoblanadi.

Boisi qaror “Mablag‘ ajratish to‘g‘risida” bo‘lib, ushbu hujjat bilan respublika byudjetidan issiqlik energiyasi va issiq suv ta’minoti xarajatlari uchun Toshkent shahar mahalliy byudjetiga ajratilgan 100 milliard so‘m mavjud qarzdorliklar va kutilayotgan xarajatlarni qoplash nazarda tutilgan.

Buning uchun Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-sentyabrdagi Toshkent shahri issiqlik ta’minoti tizimini davlat-xususiy sheriklik asosida rivojlantirish to‘g‘risidagi qarori asos qilib ko‘rsatilgan. Qarorning 7-bandida Moliya vazirligi Toshkent shahar hokimligi tomonidan taqdim qilinadigan hisob-kitoblar asosida har yili Toshkent shahar mahalliy byudjeti parametrlarini shakllantirishda aholiga issiqlik energiyasi va issiq suvga pasaytirilgan tariflarni qo‘llash natijasida yuzaga keladigan zararlarni qoplash uchun zarur subsidiya mablag‘lari nazarda tutilgan.

Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida oktyabr oyida Yakkasaroy, Shayxontohur, Sirg‘ali, Uchtepa, Mirzo Ulug‘bek, Yangi hayot, Bektemir, Chilonzor, Yunusobod tumanlari hokimlarining qarorlari qabul qilingan. Qarorlarda:

Yashnobod, Olmazor, Mirobod tumanlari hokimlarining qarorlarini topishning iloji bo‘lmadi. Katta ehtimol bilan ushbu tumanlar hokimlarining qarorlari yashirib qo‘yilgan.

Shayxontohur tumani hokimligi qarorga asossiz ravishda XDFU (xizmat doirasida foydalanish uchun) belgisini qo‘ygan. Bundan ko‘rinib turibdiki, qaror hokimlik tomonidan dastlab yashirib qo‘yilgan. Biroq adliya bo‘limi ochib qo‘ygan bo‘lishi mumkin. 

 “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida” qonunining 5-moddasiga ko‘ra, byudjetdan ajratiladigan mablag‘lar, byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘laridan foydalanilishi to‘g‘risida tegishli axborot davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risidagi axborot jumlasiga kirishi belgilangan.

Qonunchilikka muvofiq Toshkent shahar hokimining ushbu qarori byudjet taqsimotiga doir bo‘lganligi bois ochiq ko‘rinib turishi shart.

Afsuski, qaror “shaxsga oid” degan vaj bilan berkitib qo‘yilgan. Hokim nega xarajatlarni asossiz yashirmoqda?

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-sentyabrdagi 594-sonli qaroriga muvofiq aholiga issiqlik ta’minoti xizmatlari bo‘yicha pasaytirilgan tariflar qo‘llanilishi natijasida yuzaga keladigan zararlar mahalliy byudjet hisobidan har oyda subsidiyalar ajratish orqali xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi qarorlariga asosan qoplab berilishi belgilangan. 

Bundan ko‘rinib turibdiki, mablag‘ ajratishga oid ushbu qaror hokim tomonidan emas, kengash tomonidan qabul qilinishi lozim edi.

Mahalliy davlat hokimiyatlari faoliyatini nazorat qilib borishi lozim bo‘lgan hududiy adliya organlari nega muntazam ravishda o‘rganishlar olib bormayapti?

O‘rganish olib borayotgan bo‘lsa, nega yopiq joylashtirilgan qaror va farmoyishlar qonun talabiga ko‘ra ochib qo‘yilmayapti?

“Daryo” mavzu yuzasidan savollarga hokimlik va adliya organlaridan javob kutib qoladi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!