menu
To‘rt tilda so‘zlasha oladigan, turk aktyori qalbini zabt etgan va davosiz kasallikdan aziyat chekadigan Yulduz Rajabova 35 yoshda (foto, video)
“Insonlarning ko‘nglini olish uchun o‘zimni yo‘qotib qo‘yganimni his qildim. Bu menga halovat bermadi. Ular bilan jismonan yaqin edim, biroq qalblar orasidagi masofa mashriq bilan mag‘rib oralig‘igacha edi”, deydi Yulduz Rajabova

Yulduz Rajabova — asl san’at uchun ijod qiladigan sanoqli yosh aktrisalardan biri hisoblanadi. Shu boisdan ham u bilan nafaqat o‘zbek, balki xorijlik rejissyorlar ham hamkorlik qilishni istashadi. Bu yil 35 yoshni qarshilaydigan aktrisaning muvaffaqiyat siri nimada? Aktrisaning moddiy qiyinchiliklarga uchragani, bir necha urinishdan so‘ng institutga qabul qilingani va shaxsiy munosabatlari haqida batafsil ma’lumot beramiz.

Ikki yil institutga kirolmaganman

Yulduz Rajabova 1989-yilning 23-dekabrida Navoiy shahrida tug‘ilgan. Onasi uy bekasi, otasi esa jurnalist bo‘lib, aktrisaning bir akasi bor. Yulduz bolaligida sanʼatga qiziqishi bois Navoiy shahridagi Farhod nomli madaniyat saroyidagi raqs to‘garagiga qatnashgan. O‘rta maktabni tamomlagach, tarjimon bo‘lish niyatida chet tillarini o‘rganishni boshlagan.

 

— Bolalikdan raqs sanʼatiga qiziqqanman, ammo tarjimon bo‘lish xohishi ustunlik qilgan. Ingliz tilini o‘rganishga jiddiy kirishganman, ammo ikki yil Jahon tillari universitetiga hujjat topshirib kirolmaganman. Uchinchi yil O‘zbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutiga hujjat topshirish fikri tug‘ilgan. Albatta, qarshiliklar bo‘lgan, ammo onam hamisha qo‘llab-quvvatlab, imtihonlarga o‘zi olib kelgan. Har qanday inson qo‘llab-quvvatlaydigan odamga muhtojlik sezadi. Biror ishni qilishda ikkilanib tursangiz, o‘sha insonning ishonchi katta kuch beradi. Aktrisa bo‘lishimga onamning ishonchi yuqori bo‘lgan. Hozir ingliz tilini bilaman va o‘rganishda davom etyapman, deydi aktrisa.

Yulduz Rajabova o‘zbek tilidan tashqari rus, turk, ingliz tillarida ham erkin so‘zlasha oladi. 



Qo‘shiqchilikka ishtiyoqim baland

Yulduz Rajabovaning yaxshi qo‘shiq ayta olishini ko‘pchilik muxlislari biladi. Aktrisa bundan bir necha yil avval Maksim Fadeyevning “Oynalardagi raqslar” qo‘shig‘ini ijro etib, Instagram’dagi sahifasiga joylashtirgan hamda muxlislarining tahsiniga sazovor bo‘lgan edi. Xonanda intervyularidan birida rep kuylashga qiziqishini aytib o‘tgan.

 

— Rep yo‘nalishidagi qo‘shiqni aytishga qiziqaman. Bolalikdan qo‘shiqchilikka ishtiyoqim baland bo‘lgan. Lekin aynan sof rep yo‘nalishida qo‘shiq aytishni orzu qilaman, degandi aktrisa.

 “Oyoqqa turishimiz qiyin bo‘ldi” 

Aktrisa intervyularidan birida bolaligida onasi bilan bo‘lgan ayanchli voqea haqida so‘zlab bergan.

— Onam bozorda kitob sotardi. Men ham maktabdan so‘ng onamning yoniga borib, unga yordam berardim. Kitoblarni birgalikda sotardik. Bir kun bozorga tekshiruvchilar keldi. Bizda ruxsatnoma bor edi, biroq uning amal qilish muddati biroz o‘tgandi. Toshkentdan kelgan tekshiruvchilar qo‘limizda nima bo‘lsa, hammasini tortib olishdi. Kitob, daftar, qalam, ruchka — hammasidan ayrildik. O‘sha kuni onamning yuz ifodasini, nimalar his etganini juda yaxshi xotirlayman. Bir farzand o‘laroq onangga yordam bera olmaslik juda ham og‘ir. Bu kun hech qachon esimdan chiqmaydi. Biz u insonlarga yalindik, yolvordik, ammo hech qanday natija bo‘lmadi. Undan so‘ng oyoqqa turishimiz juda qiyin bo‘ldi. Onam katta qarz ko‘tarib, ishini noldan boshladi. Qarzlarni sekin-asta uzib, oyoqqa turdik, deya xotirlaydi Yulduz Rajabova.

“Suxarik yeb kunimiz o‘tardi”

Keyinchalik O‘zbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutida tahsil olgan. Yulduz o‘z ijodiy faoliyatini shu oliygoh qoshidagi teatrda boshlagan. Keyinchalik videokliplardagi ishtiroki bilan tanila boshlagan.

— Institutda o‘qigan paytlarimda pul masalasida qiynalganman. To‘rtta kursdoshim bilan nonni olib, kesib “suxarik” qilardik — butun kun davomida shuni yeb yurar edik. Stipendiya olish uchun ijtimoiy fanlardan ham yaxshi bahoga o‘qiganman. Stipendiyani olishim bilan turadigan uyimizning ijara haqqini berardim. Inson o‘zini o‘zi eplay oladi, lekin oilasi bilan bo‘lsa qaysidir narsalardan voz kechib, pul ishlashiga to‘g‘ri keladi, deydi aktrisa.

“Bunda muhabbat bor”

Aktrisa o‘zbek va turk ijodkorlari tomonidan suratga olingan “Mendirman Jaloliddin” serialida asosiy rollardan birini ijro etgan. Aktrisa serial borasidagi tanqidlarga quyidagicha fikr bildirgandi.

 

— “Mendirman Jaloliddin” seriali haqida boshidan salbiy izoh berila boshlandi. Fikrlar faqat salbiy bo‘ldi. Men Ozodbek akaning fikrlarini tushundim, bu serial faqat biz uchun emas, tariximizni chet elga sotish uchun bizdagi jahon standartlariga mos bo‘lgan aktyor-aktrisalarni ko‘rsatish, jahon standartlariga mos bo‘lgan loyiha yaratish uchun qilindi. Bir haftada serialning bitta qismi namoyish etildi. Boshqa mamlakatlarda ham seriallarning bitta qismi haftada bir marta chiqadi.

Biz ham butun dunyoga moslab shu narsani qo‘llab ko‘rdik. Kunlik serial olish juda ham qiyin. Turkiyada, Qozog‘istonda yoki boshqa mamlakatlarda seriallarning bir qismi haftada bir marotaba berib boriladi. Bir haftada birinchi, ikkinchi haftada ikkinchi va uchinchi haftada uchinchi qismini taqdim etishadi, sifat ham shunga yarasha bo‘ladi.

Bir kunda 35 ta epizod suratga olinsa, serial sifatsiz bo‘lib qoladi. Serialni tomosha qilish yoki qilmaslik har kimning ishi. Biz unga jonimizni berib ishladik. Yaxshi narsa chiqdi, juda ham katta mehnat bor bo‘lgan loyiha bo‘ldi. Serialda juda katta muhabbat bor.

Yulduz va Emre sevgisi…

Yulduz Rajabova “Mendirman Jaloliddin” serialining suratga olish jarayonlarida turk aktyori Emre Kiviljim bilan tanishdi. Emre serialda Jaloliddinni, Yulduz esa Jaloliddinning sevgilisi Qutlibekani ijro etdi. Bora-bora aktyorlarning ekrandagi sevgisi hayotga ham ko‘chdi. Yulduz va Emrening bir-birga befarq emasligi “Mendirman Jaloliddin”ning Toshkentdagi taqdimotida sezildi.

 

Oradan biroz vaqt o‘tgach, Emre Instagram sahifasi orqali Yulduzni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi hamda “Tug‘ilgan kuning bilan, sevgilim” deb yozdi. Shundan so‘ng Yulduz va Emre o‘rtasidagi muhabbat muxlislarga oshkor bo‘ldi. Ular bir necha bor chet el sayohatlarida ham birgalikda ko‘rinish berdi.

Oradan ikki yil o‘tib, Emre Kiviljim “Vido maktubi” deb nomlangan serialda suratga tushdi. Shundan so‘ng Emrening serialdagi partnyori Robiya Soyturkka ko‘ngil qo‘ygani haqida mish-mishlar tarqaldi. Biroq Emre jurnalist Jasur Hamroyevga bergan intervyusida Yulduzga bo‘lgan hislari haqiqiy ekanini ta’kidladi.

 

“Yulduz bilan hali ham gaplashamiz, ko‘rishib turamiz. Munosabatlarimiz hammasi yaxshi. Sevgimiz bitmas, u mozorga qadar. Yulduzni haliyam yuragimdan sevaman”, dedi Emre.

“Bu tuzaladigan kasallik emas”

Yulduz intervyularidan birida bir necha yildan buyon bosh og‘riqlaridan aziyat chekishi haqida gapirgan. 

— Juda ko‘p yillardan beri meni bosh og‘riqlar qiynab keladi, bu migren bilan bog‘liq. Aynan shu kasalligi bor insonlar meni yaxshi tushunadi. Bu bosh og‘riq bilan hech narsa qila olmaysiz. Ba’zida shunday og‘riydi, hech qanday dori yordam bermaydi. Migrenni davolash qiyin. Men bir nechta shifokorlar bilan maslahatlashib, bu tuzaladigan kasallik emas, degan fikrga keldim. Og‘riqni qandaydir usullar bilan kamaytirish yoki har olti oyda ukolini olish mumkin. Hozirda shulardan foydalanyapman, deydi aktrisa.



“Do‘stsiz qolaman deb o‘ylamagandim”

— Birinchi navbatda inson shaxsiy hayoti haqida gapirishga tayyor bo‘lishi kerak. Inson shaxsiy hayoti haqida yangi hayotga qadam qo‘yayotganda, o‘ziga ishonch hosil qilgandan keyin aytishi kerak deb o‘ylayman.

Hayotdagi tanlovlar borasida o‘zim ishongan 3-4 kishidan maslahat olaman. Bir vaqtlar atrofimda do‘stlarim bor edi, ammo vaqt o‘tib bitta o‘zim qolib ketgan paytlar ham bo‘ldi. Bu borada hech kimni aybdor qilmoqchi emasman, lekin Alloh sinov berganda oldimizda kim qolishini va qolmasligini ko‘rsatib berar ekan. Hech qachon do‘stsiz bir o‘zim qolib ketaman, deb o‘ylamaganman. Yaxshi ham shunaqa bo‘ldi, shundan keyin o‘zimni eshitishni boshladim.

O‘sha paytda atrofimda qolgan 3-4 kishining fikri meniki bilan hamohang ekanini tushunib yetdim. Bugungi kunda do‘st tanlamayman, atrofimda o‘zim ishongan yaqinlarim bor. O‘rtoqlarim bo‘lishi mumkin, lekin men ularni o‘zim ishongan to‘rt inson darajasiga qo‘ymayman. Chunki hayotda nima bo‘lishidan qat’i nazar, oila a’zolaringizdan tashqari boshqa hech kimga sizning sog‘lig‘ingiz ham, omadli va to‘g‘ri bo‘lganingiz ham kerak emas, deydi aktrisa.

“Og‘ir ahvolda edim”

Aktrisa Yulduz Rajabova boshlovchi jurnalist Tursunoy Alimovaga bergan intervyusida qalb kechinmalari bilan o‘rtoqlashdi.

— So‘nggi uch-to‘rt yil ichida men emas, balki ijtimoiy tarmoqlarda hayotim haqida ko‘proq biladigan insonlar bordek tuyuldi. U paytda juda og‘ir ahvolda edim. Shu narsani tushunib yetdimki, agar qiz bola tug‘ilganidanoq otasi yoki akasi unga sevgi qanday bo‘lishi kerakligini ko‘rsatmasa yoki mehr bermasa, ayol sevgi qanday bo‘lishini bilmaydi.

Mehr ko‘rmagan qiz ertami-kechmi kelin bo‘lganida, ehtimol turmush o‘rtog‘i unga qo‘l ko‘tarsa, buni normal holat deb o‘ylaydi. Ayol kishining hayoti bolalikdagi mehrga qanchalik bog‘liq ekanini tushunyapsizmi? Hozir meni xafa qilgan narsalar bilan yana bir bor yuzlashyapman va takror og‘riqlarni his qilyapman. Meni “Nimaga o‘shanda o‘zimni himoya qila olmadim?” degan savol qiynamoqda, deydi aktrisa.

Yulduz Rajabova qanday xatolar kechirilmasligi haqida gapirdi.

— Nazarimda kechirilmaydigan xatolardan biri — bir insonning hayotini, turmush tarzini, tarbiyasini yoki fikrlarini o‘ziga mos qilib o‘zgartirish harakatidir, deb o‘ylayman. Misol uchun, sizning boshingizdan o‘tgan narsani men his qilolmayman. Men faqat eshitishim va uni sal bo‘lsa ham his qilib ko‘rishga harakat qilishim mumkin. Lekin men agar xohishim bilan sizni o‘zgartirmoqchi bo‘lsam, bu bir insonning hayotiga ruxsatsiz kirish bo‘ladi.
Tasavvur qiling, siz bir inson uchun o‘zligingizdan voz kechyapsiz. Agar o‘sha insonga kerak bo‘lmay qolsangiz nima bo‘ladi?

Men insonlarning ko‘nglini olish uchun o‘zimni yo‘qotib qo‘yganimni his qildim. Bu menga halovat bermadi. Ular bilan jismonan yaqin edim, biroq qalblar orasidagi masofa mashriq bilan mag‘rib oralig‘igacha edi, deydi Yulduz Rajabova.

Prezident e’tirofi

Yulduz Rajabova 2021-yilda Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida prezident farmoni bilan “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Aktrisa davlat rahbari bilan uchrashuv haqida intervyularidan birida katta hayajon bilan so‘zlab bergan. O‘shanda 8-mart bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev aktrisa Yulduz Rajabova ishtirokidagi “Mendirman Jaloliddin” serialini e’tirof etib, uni ijodni susaytirmaslikka chaqirgan edi.

— 8-mart—Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan marosimda davlatimiz rahbari o‘sha tadbirda qatnashgan barcha ayollarni tabriklab, birma-bir so‘rashib chiqdi. Ularning bunday oliyjanobligini ko‘rib, ayrim ayollar xursandligidan yig‘lab ham yubordi.

Prezidentimizning marosimdagi xotin-qizlar bilan so‘rashishlarini sira kutmagandim. Men bilan so‘rashayotgan vaqtda ‘Kino zo‘r chiqdi, ijodni susaytirmang’, deya aytgan e’tirofi juda hayajonlantirdi va o‘zimga nisbatan ishonchni kuchaytirdi. Shuningdek, bunday e’tibor o‘z ustimda yanada qattiq ishlashimga bir turtki bo‘ldi, mas’uliyatni oshirdi.

Darvoqe, aktrisa faoliyatini 2013-yilda Said Muxtorovning “Xazon” nomli qisqa metrajli filmida suratga tushish bilan boshlagan. U faoliyati davomida “Turist” (2013), “Sotqin” (2016), “Yuragimdasan” (2018), “Oyqiz ertagi”, “Maqsad” (2018) “Skorpion”(2018), “Yolg‘on girdobi” (2018) kabi filmlar va “Mendirman Jaloliddin” nomli serialda suratga tushdi. Yulduz ayni damda “Diydor” teatr studiyasida faoliyat yuritadi. Aktrisa Oskar mukofotiga tavsiya etilgan “Faridaning ikki ming qo‘shig‘i” filmida ham bosh rolni ijro etgan. Aktrisa hozircha oila qurgani yo‘q.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!