menu
Tanzila Norboyeva BMT bosh kotibi bilan Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish masalasini muhokama qildi
Senat raisi Nyu-York shahrida BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazdi

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Nyu-York shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekistonning BMT va uning ixtisoslashgan idoralari bilan hamkorligining hozirgi holati va istiqbollari ko‘rib chiqildi. Xususan, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, gender tenglikni taʼminlash, shuningdek, ekologik muammolar, jumladan Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv davomida O‘zbekistonning BMT bilan o‘zaro aloqalari tobora kengayib borayotgani, iqtisodiyot, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, ekologiya, madaniyat va taʼlim yo‘nalishlaridagi hamkorlikning samarali natijalari alohida qayd etildi.

O‘zbekiston BMT doirasida jahon hamjamiyati tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash, inson huquqlarini himoya qilishga amaliy hissa qo‘shayotgan tashabbuslarni ilgari surib kelayotgani qayd etildi.

Guterrish Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi ijobiy holatida O‘zbekistonning muhim roliga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston tashabbuslarini xalqaro maydonda ilgari surish, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishga doir aniq takliflarni qo‘llab-quvvatlashda BMT bilan konstruktiv hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.

Samimiy va amaliy ruhda kechgan muloqot yakunida O‘zbekiston va BMT o‘rtasida barcha sohalarda o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada kengaytirishga kelishib olindi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!