qarashlar
Avvaliga “Tottenhem” va “Nyukasl”, keyinchalik “Atletiko”, “Chelsi”, “Manchester Siti”, “Lester” jamoalari “Lans” va O‘zbekiston terma jamoasining 20 yoshli markaziy himoyachisi Abduqodir Husanovga qiziqish bildirmoqda. Bunday xabarlarga 4-5 oy oldin ishonish ham qiyin edi, hozir esa uni o‘z safida ko‘rishni xohlayotganlar kun sayin ortmoqda.
Zaxira o‘yinchisi sifatida Fransiyaga olib kelingan futbolchi qisqa vaqt ichida asosiy tarkibiga mustahkam joylashdi, oktyabr oyida esa Liga1 ning eng yaxshi yosh futbolchisi bo‘ldi. “Lans” klubi esa unga himoyachilar uchun bo‘lgan eng qimmat narxni belgiladi.
Husanov qanday qilib Fransiyaga borib qoldi?
Fransiya chempionatining asosiy tarkib himoyachisi uchun 100 ming yevro sarmoya qilish o‘zini oqladi. “Lans” uni qayta sotishdan ancha ko‘p foyda olishi shubhasiz. Futbolchi Belarus chempionatidagi ishonchli o‘yini emas, balki O‘zbekiston yoshlar terma jamoasining U-20 Jahon chempionatidagi o‘yini sabab bo‘ldi. O‘shanda pley-offda o‘zbekistonliklar Isroilga mag‘lub bo‘lgandi. Shundan keyingina uning klubdagi harakatlari kuzatilgan bo‘lsa, ne ajab. “Energetik” klubining ham yosh futbolchiga ishonch bildirganini alohida ta’kidlash zarur.
Abduqodir Belarusda bir yil to‘p surdi: 2022-yilning martida “Bunyodkor”dan u yerga o‘tdi va 2023-yilda fransuz jamoasiga borib qo‘shildi.
Umuman olganda, Abduqodirning karyerasi juda puxta rejalashtirilgan. Uning otasi ham professional futbolchi bo‘lgan: Hikmat Hoshimov uzoq yillar O‘zbekistonning “Metallurg” jamoasida o‘ynagan va milliy terma jamoa safida 15 ta o‘yin o‘tkazgan. Abduqodirning “Bunyodkor” akademiyasidagi murabbiyi Murod Otajonovning aytishicha, otasi Husanov hayotidagi eng muhim inson va unga ibrat namunasi hisoblanadi.
“Lans” endi har yozda Belarusdan futbolchilarni sotib olmoqda: 2023-yilda Husanov, 2024-yilda esa “BATE” vakili Sidi Bane 250 ming yevroga olib kelindi.
“Lans” Abduqodirni 2023-yilning yozida Belarusning “Energetik-BGU” jamoasidan 100 ming yevroga xarid qildi. 2023—24-yilgi mavsumda “Fakunda Medina—Kevin Danso—Jonatan Gradi” triosidan qaysidir biri rotatsiyaga muhtoj bo‘lsa, Husanovga imkoniyat berilardi. Abduqodir faqatgina zaxiradan maydonga tushadigan futbolchi sifatida ko‘rilardi xolos.
2024-yilning yozida “Lans” Dansoni “Roma”ga 22+3 million yevroga sotish ostonasida edi. Lekin rimliklar tibbiy ko‘rikdan so‘ng muzokaralardan voz kechdi. Futbolchining yurak ritmidagi buzilish Italiyada o‘ynash imkonini bermadi. A seriyada bunday tashxis bilan o‘ynash mumkin emas. Shunday qilib, Danso “Lans”da qoladi, ammo tarkibga darhol qaytmadi. Kevin avgust oyi oxiridan oktyabr oyining o‘rtalariga qadar futbol o‘ynay olishiga ishonch hosil qilish uchun testlardan o‘tdi. Aynan mana shu davrdan Husanov unumli foydalanib, asosiy tarkib futbolchisiga aylandi.
Mavzuga doir: Muxlislar talqiniga ko‘ra Abduqodir Husanov oktyabr oyining eng yaxshi o‘yinchisi bo‘ldi
Dastlabki o‘yinda u yorqin o‘yin namoyish etmadi. Konferensiyalar Ligasi saralashida “Panatinaykos”ga qarshi bahsda o‘zbekistonlik futbolchi yomon o‘ynadi, “Lans” esa yutqazdi. Futbolchining chempionatdagi o‘yinlari ishonchli chiqdi. Shuning uchun Danso tarkibga qaytsa-da, Husanov zaxirada qolmadi.
Fransuz futboli muxlislari “Medina—Danso—Gradi” triosini “Lans”ning vaqt sinovidan ishonchli tarzda o‘tgan markaziy himoyachilari sifatida bilar edi. Dansoning atletizmi Medina va Gradining mobilligi bilan birlashgan edi. Ular uch mavsum birgalikda to‘p surgan. Dansoning “Roma”ga o‘tishi haqidagi gap ortidan bu uchlikda o‘zgarish yuz berdi. Husanov rahbariyatni shu qadar ishontirdi-ki, u qolib kimdir zaxiraga olinishga majbur bo‘ldi. Hozircha bu eng yoshi katta himoyachi Jonatan Gradi (32 yosh) bo‘lib turibdi. So‘nggi o‘yinlarda “Lans” odatdagi uch markaziy himoyachi o‘rniga chiziqlarda to‘rt futbolchini afzal ko‘rmoqda: markazda Abduqodir va Danso, qanotlarda esa Medina va Pshemislav Frankovskilar to‘p surmoqda.
Xalqaro sport tadqiqotlari markazi (CIES) 21 yoshgacha bo‘lgan jahonning eng yaxshi markaziy himoyachilari reytingini tuzib chiqdi.
Tashkilot vakillari reytingni Wyscout ma’lumotlariga tayanib tuzib chiqqan. Himoyaviy harakatlarni amalga oshiruvchi markaziy himoyachilar orasida ushbu reytingda Husanov 81,8 ball to‘pladi va reytingning eng yuqori o‘rnidan joy oldi.
Husanov nimasi bilan hammani hayratda qoldirdi?
Husanov yirik gavdali raqiblarni bemalol neytrallashtiradi, to‘qnashuvlarda ustunlik qiladi va sprinterlarni xotirjamlik bilan qarshi oladi, hujumchilar bilan “poyga”larda ortda qolmaydi.
187 sm — bunday baland bo‘y bilan u duellarda g‘olib chiqadi, yugurish kerak bo‘lganda yengil harakat qiladi.
“Husanov shu qadar mukammalki, u Olimpiadada barcha yo‘nalishlarda qatnashishi mumkin edi”, deydi “Lans” murabbiyi Uill Still hazillashib. Bu esa unga berilgan juda chiroyli ta’rif.
Fransiya klubi Husanovga juda ham mos keladi. “Lans” har bir jamoaga alohida moslashadi. Abduqodir odatda markaziy hujumchilarni zararsizlantiradi. Aleksandr Lyakazett, Folarin Balogun, Evan Gessand, Emanuel Emega, Dembele “o‘zbek Ramosi”ga to‘qnash kelgan va ko‘pincha ilojsiz qolgan.
“Lans” nisbatan himoyaviy o‘ynaydi, bu esa o‘zbekistonlik futbolchi uchun qulay.
Abduqodir har o‘yinda o‘rtacha 2,54 marta to‘pni muvaffaqiyatli egallab oladi, bu Fransiya chempionatidagi markaziy himoyachilarning 97 % dan yaxshiroq ko‘rsatkich. Shuningdek, u har o‘yinda o‘rtacha 2,44 marta yuqori to‘plar uchun kurashni yutadi, bu esa markaziy himoyachilarning 84 % dan yaxshiroq degani. Abduqodir, shuningdek, podkatlar bo‘yicha ham usta.
Tajovuzkor o‘yin uslubi. Still markaziy himoyachilarda aynan shuni ko‘rishni xohlaydi. “Men mashg‘ulotlarda u bilan kurashishni xohlamayman”, deydi jamoadoshi Adrien Tomasson.
Liga1 da faqatgina “Lans” (14) hamda “PSJ” (14) o‘z darvozasidan eng kam gol olib chiqqan jamoalar bo‘lib turibdi. Bu birinchi navbatda darvozabon Bris Samba bilan bog‘liq, ammo himoya chizig‘i ham sifatli ish bajaradi, Abduqodir esa himoyachilar orasida eng yaxshisi. Abduqodir qizil kartochka sabab ikki o‘yinni o‘tkazib yubordi. Qizig‘i, jamoa 5 ta golni aynan shu o‘yinlarda o‘tkazib yubordi.
Mavzuga doir: Abduqodir Husanov nechta o‘yinga chetlatilgani ma’lum bo‘ldi
Husanov to‘psiz samarali harakat qilishdan tashqari, unda boshqa qobiliyatlar ham yaxshi rivojlangan.
Birinchidan, Husanovda uzoq masofadan zarba berish mahorati shakllangan. Hozircha u “Lans” uchun uzoqdan gol urmagan bo‘lsa-da, “Energetik-BGU”da bunday zarbalar bilan bir necha bor muvaffaqiyatga erishgan.
“Lans” bundan xabardor bo‘lib, shuning uchun Husanovga jarima to‘pidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarba berishni ishonib topshirgan va u ancha xavfli zarbalar berdi. Abduqodir deyarli aylantirmasdan, ya’ni “naklbol” usulida zarba bera oladi. Bu uning zarbalarini kuchli va trayektoriyasini oldindan aytib bo‘lmaydigan qiladi.
Ikkinchidan, Husanov pas berish sifatini oshiryapti. Uzatmalar sifati ancha yuqori, lekin yanada yuqori ko‘rsatkichga yetkazish imkoni bor. U maydonni yaxshi ko‘ra oladi va ba’zida ajoyib uzun uzatmalarni amalga oshiradi. “Lans” uchun bu juda muhim, chunki jamoaning asosiy uslublaridan biri – raqibning puxta himoya chizig‘ini buzish uchun sinxron tarzda orqaga yoki bo‘sh hududga to‘pni oshirib, qayta hujumga o‘tish. Husanov bir necha bor birinchi pasni a’lo darajada berdi, ammo “Lans”ning boshqa himoyachilari bu borada hozircha undan kuchliroq.
O‘rinli savol: nima uchun Husanov o‘tgan mavsumda emas, aynan hozir yulduz bo‘lib porladi?
Biz 20 yoshli futbolchi haqida gapirayotganimizni yodimizdan chiqarmaylik. Futbolchi hali yetilish jarayonida. Jismoniy jihatdan Husanov bu yil yanada kuchaygan. Yana bir muhim jihat: futbolchi nimalarga qodir ekanini anglab yetdi. Kurashlarda u dominantlik qiladi, o‘tgan yili esa biroz tortinchoqlik qilar edi.
Bundan tashqari, u mahoratini oshirmoqda. Husanov to‘p olib qo‘yish uchun vaziyatlarni “o‘qish”da, havoda yakkama-yakka kurashda sezilarli darajada o‘sdi, to‘qnashuvlardagi ustunliklar sonini to‘rt baravarga oshirdi.
Moslashuv omilini ham unutmaslik lozim: Husanov kelganda, hatto, ingliz tilida ham gapira olmasdi.
Husanov ko‘proq kolumbiyalik Joanner Chaves (to‘liq ismi — Joanner Stalin Chaves Kintero) bilan muloqot qiladi. Bosh murabbiy haligacha ular bir-birlarini qanday tushunayotganiga hayron. Abduqodir polyak Frankovski rus tilini ozroq bilishi, bu esa ularning muloqotida ancha yordam berishini aytgan.
Albatta, Husanov hozircha top-himoyachi emas, ammo salohiyati juda yuqori. U o‘sishi kerak bo‘lgan nuqtalar bormi?
Shunga qaramay 20 yoshda Husanov yaxshi futbol namoyish etmoqda.
“Lans” hujumchisi Anjelo Fyuljeni Abduqodir iste’dodining eng katta muxlisi hisoblanadi: “Jamoa bilan kechki ovqatlarda men doimo uning kelajagi porloqligini ta’kidlayman. Umid qilamanki, Qodir biz bilan imkon qadar uzoqroq muddat qoladi, biroq shubhasiz, unda jahonning eng yirik klublarida o‘ynash salohiyati mavjud”.
Mavzuga doir: Abduqodir Husanov va Krishtianu Ronalduning transfer bahosi tenglashdi
Xulosa o‘rnida, Husanov o‘zbek futbolida kamdan-kam uchraydigan jismonan kuchli futbolchilardan biri hisoblanadi. Vitaliy Denisovdan keyin bunday to‘pni egallashda ishonchli harakat qiladigan, jismonan kuchli himoyachini ko‘rgani yo‘q edi. To‘g‘ri, Anzur Ismoilov ham jismonan kuchli va ikkinchi qavatda juda yaxshi harakatlarni amalga oshirar edi, ammo uning tezligi Husanovdek emasdi.
“Lans”da ham agressiv himoyachilar qadrlanadi, bundan tashqari, klubda himoya chizig‘i ajoyib tuzilgan. Shuning uchun Abduqodir yakka holda hujumlarni qaytarishga majbur bo‘lmaydi.
Husanov hozir top klublar qiziqishi haqida kamroq o‘ylab o‘ziga bo‘lgan ishonchni yanada ortirishi, agressiyadan ongli foydalanib, eng yaxshi himoyachi bo‘lishga harakat qilishi zarur.
Comments
0 comment