menu
Surxondaryoda qurilishi va qayta ta’mirlanishiga 16 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan ko‘prik yana xavfli holatga kelib qoldi (video)
2024-yilda ajratiladigan byudjet mablag‘lari hisobidan ushbu obyektdagi nuqsonlar bartaraf etilishi ma’lum qilingan

Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida joylashgan, qurilishi va qayta ta’mirlanishiga 16 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan ko‘prik yana muammoga duch keldi. Bu haqda jamoatchilikka viloyat Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Boshqarma mazkur ko‘prikning 2020-yildagi qayta ta’mirlanishiga 9 milliard sarflangan demoqda. Biroq, “Daryo” jurnalistining mazkur ko‘prik haqidagi surishtiruvlari natijasida 2020-yilda ko‘prikning qayt ta’miriga 9,6 milliard so‘m sarflangani ma’lum bo‘lgandi. 

Holat Surxondaryo viloyati avtomobil yo‘llari Bosh boshqarmasi nazoratiga olinib, 2024-yil ajratiladigan byudjet mablag‘lari hisobidan obyektdagi nuqsonlar bartaraf etilishi bildirilgan.

“Daryo”da 2020-yilda e’lon qilingan maqolada Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Ko‘ganli” mahallasida yashovchi aholi hududda 6,5 milliard so‘mga qurib bitkazilgan ko‘prik hech qancha vaqt xizmat ko‘rsatmay qulab tushganini, yangi qurilayotgan yo‘l ham xuddi shunday sifatsiz bajarilib yaroqsiz holga kelib qolishidan qo‘rqayotganini aytgandi. 

Jurnalist bilan suhbatlashgan aholi vakillaridan biri “Mana shu ko‘prik 1 yil 7 oy deganda shunday avariya holatiga kelib qoldi. Holbuki, bu ko‘prikka 6,5 milliard so‘m sarflangandi. Ish sifatsiz bajarilgani uchun ko‘prikning ‘umri qisqa’ bo‘ldi. Biz yo‘limiz ham shunday sifatsiz ta’mirlanib, hech qancha vaqt o‘tmasdan yaroqsiz holga kelishidan qo‘rqyapmiz”, — degandi. Shundan so‘ng Surxondaryo viloyat hokimligi Qumqo‘rg‘on tumanidagi ko‘prik haqidagi maqolaga munosabat bildirib, sifatsiz ko‘prik qurgan quruvchi ishini dastlab jinoyat ishi ochishni rad etgan transport prokuraturasi o‘rganayotganini ma’lum qildi. Va ko‘prikning qayta ta’miri uchun 9 milliard so‘m sarflanishini ochiqlagandi. 

“Daryo” jurnalisti Surxondaryo viloyati Avtomobil yo‘llari Bosh boshqarmasi axborot xizmati rahbari Rustam Noqulov bilan telefon orqali bog‘lanib, 16 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan ko‘prik muammosini bartaraf etish uchun byudjetdan taxminan yana qancha mablag‘ sarflanishiga aniqlik kiritishga urindi. Qolaversa, suhbatdoshga “ko‘prikning yana muammoga duch kelishi, aniqrog‘i sel suvlari sabab ko‘prik qirg‘oqlarining zararlanishi avvaldan hisobga olinmaganmi, oqibatlari haqida o‘ylanmaganmi?”, deya savol berdi. Suhbatdosh savollarni eshitgach, bunga mutaxassislar orqali aniqlik kiritib berishini aytgan bo‘lsa-da, hozirgacha bu haqda axborot bermadi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!