menu
Suriya Asad rejimini qo‘llab-quvvatlagani uchun Erondan 300 milliard dollar tovon puli talab qilmoqchi
Ayni damda Suriyaning yangi rahbariyati va Eron o‘rtasidagi diplomatik aloqalar to‘liq uzilgan

Suriyaning yangi hukumati Erondan mamlakatning sobiq prezidenti Bashar al-Asadni qo‘llab-quvvatlagani uchun 300 milliard dollar to‘lashni talab qilib xalqaro sudlarga da’vo arizasi kiritmoqchi.

Bu haqda Suriyadagi yangi siyosiy ma’muriyatga yaqin manbaga tayanib, Al Modon gazetasi xabar berdi.

“Eronning Suriya xalqi va infratuzilmasiga nisbatan jinoiy va o‘zboshimchalik harakati hamda siyosati natijasida yetkazilgan zarar uchun 300 milliard dollar miqdorida tovon to‘lashini talab qiluvchi memorandum tayyorlash ustida ishlanmoqda”, deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, ayni damda Suriyaning yangi rahbariyati va Eron o‘rtasidagi diplomatik aloqalar to‘liq uzilgan va Suriyaning amaldagi ma’muriyati ularni yaqin kelajakda tiklashni rejalashtirmagan.

Avvalroq AQSH Suriyada hokimiyat tepasiga kelgan Abu Muhammad al-Juloniy laqabi bilan tanilgan “Hay’at Tahrir ash-Shom” (HTSH) qurolli guruhi va uning rahbari Ahmad al-Sharaga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish masalasini ko‘rib chiqayotgani xabar berilgandi.

“Biz barcha sanksiyalarni qaytadan ko‘rib chiqmoqdamiz. Nafaqat o‘zimiz joriy qilgan sanksiyalar, balki boshqa cheklovlarni ham. BMT HTSH va uning rahbariga nisbatan sanksiyalar kiritgandi. Menimcha, biz Damashqda inklyuziv dunyoviy hukumat qurish bo‘yicha aniq qadamlarni ko‘rishimiz kerak, bu esa oxir-oqibatda o‘tish davriga, keyin esa saylovlar tashkil qilishga olib keladi”, dedi AQSH davlat kotibi Entoni Blinken.

Al-Juloniy BBC’ga bergan intervyusida Suriya ikkinchi Afg‘onistonga aylanmasligini ta’kidlagandi.

Al-Juloniyga ko‘ra, Suriya urushdan charchagan, qo‘shnilari yoki G‘arb uchun hech qanday xavf tug‘dirmaydi. Shu sababli u HTSHni terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarishga chaqirdi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!