qarashlar
Shavkat Mirziyoyev 25-dekabr kuni amaliy tashrif bilan Sankt-Peterburgga yetib bordi.
Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, “Pulkovo” xalqaro aeroportida prezidentni Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
So‘ng davlat rahbari gubernator hamrohligida Isaakiy maydonida piyoda sayr qildi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston yetakchisi 25—26-dekabr kunlari Sankt-Peterburg shahrida MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvi hamda Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida kuzatuvchi maqomida ishtirok etadi.
Sammitlar kun tartibidan mazkur ko‘p tomonlama birlashmalar doirasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari o‘rin olgan. Birgalikda qilingan ishlarning asosiy yakunlari sarhisob qilinadi va kelgusi yilgi amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashiladi.
Shavkat Mirziyoyev so‘nggi marta Rossiyaga amaliy tashrif bilan 2024-yil fevralida borgandi. Prezident “Kelajak O‘yinlari” musobaqasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etgandi. Tashrif davomida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv o‘tkazib, ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb jihatlarini muhokama qilgandi. Rossiyaga rasmiy tashrif bilan esa 2023-yilning oktyabrida borgandi.
O‘zbekiston prezidenti 2023-yil 26-dekabrda Sankt-Peterburgda MDHga a’zo davlatlar rahbarlarining norasmiy uchrashuvida qatnashgandi. Uchrashuvda 2023-yilgi ko‘p tomonlama hamkorlikning asosiy yakunlari sarhisob qilindi va kelgusi yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar ko‘rib chiqildi.
Comments
0 comment