qarashlar
Shavkat Mirziyoyev aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 14-mart kuni Sirdaryo viloyatiga yo‘l oldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Safar asnosida davlat rahbari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov bilan samimiy suhbatlashdi. Muloqotda diniy-maʼrifiy yo‘nalishlardagi ishlar, muborak ramazon oyining fazilatlari haqida so‘z bordi.
Maʼlumki, 11-mart kuni butun islom ummati qatori O‘zbekiston musulmonlari ham bu qutlug‘ oyni xursandchilik bilan kutib oldi. Ro‘zadorlar mamlakatdagi tinchlik va farovonlik sharofatidan ibodatlarini emin-erkin ado etmoqda, buning uchun Alloh taologa cheksiz shukronalar aytmoqda. Masjidlarda Qurʼoni karim xatm etilib, xalqimizga osoyishtalik, fayzu baraka tilab duolar qilinmoqda.
Prezident bu oyni yuksak darajada o‘tkazish, mamlakatdagi tinchlikni qadrlash va mehr-oqibat muhitini mustahkamlash bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi. Inson qadrini ulug‘lash maqsadiga muvofiq, xalq manfaatlarini taʼminlash, muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash davom ettirilishini aytdi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish, tomorqa va uy xo‘jaliklaridagi imkoniyatlarni to‘liq ishga solish orqali qishloq aholisi turmushini yuksaltirish muhimligi taʼkidlandi. Yoshlarni bilim-maʼrifatli va vatanparvar etib tarbiyalash, ularni o‘qishga, mehnatsevarlikka undashning ahamiyati haqida suhbatlashildi.
Comments
0 comment