menu
Shavkat Mirziyoyev aviahalokat munosabati bilan Aliyev va Putinga hamdardlik yo‘lladi
Azerbaijan Airlines yo‘lovchi samolyoti qulashi oqibatida ko‘plab odamlar qurbon bo‘lgandi

Shavkat Mirziyoyev samolyot halokatga uchragani munosabati bilan Ozarbayjon va Rossiya prezidentlariga hamdardlik yo‘lladi.

Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida Azerbaijan Airlines yo‘lovchi samolyoti halokatga uchragani oqibatida ko‘plab odamlar qurbon bo‘lgandi. Prezident matbuot xizmatining bildirishicha, davlat rahbari barcha jarohat olganlar tez fursatda sog‘ayib ketishlarini tiladi.

Qozog‘istondagi aviahalokatga oid so‘nggi ma’lumotlar

Bokudan Grozniyga uchayotgan Embraer 190 yo‘lovchi samolyoti 25-dekabr kuni Qozog‘istonning Aqtau shahrida qulab tushdi. Samolyot Azerbaijan Airlines aviakompaniyasiga tegishli bo‘lib, bortida 69 kishi, jumladan, 5 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. 

Grozniy aeroporti matbuot xizmatiga ko‘ra, Bokudan uchgan samolyot Grozniydagi tuman tufayli Maxachqal’aga, keyin esa Aqtauga yo‘naltirilgan. Samolyot halokatga uchrashiga qushlar galasi bilan to‘qnashuv sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Guvohlar qulagan samolyot bortida kislorod balloni portlab ketgani, odamlar hushini yo‘qota boshlaganini aytmoqda.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev aviafojia munosabati bilan Rossiyadagi MDH sammitiga qatnashmay Bokuga qaytgan. U ham qurbonlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi.

Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, aviahalokatdan omon qolganlarning 10 nafari Rossiya, 14 nafari Ozarbayjon, 2 nafari Qirg‘iziston fuqarolaridir, 3 nafarining fuqaroligi aniqlanmagan.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev samolyot halokatini tekshirish bo‘yicha komissiya tuzishni buyurdi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!