menu
“Savolning oyog‘i Amerikada”: Ozodbek Nazarbekov san’atkorlarga erkinlik berilishi haqida
Vazir anchadan beri muhokamalarga sabab bo‘layotgan “madaniyat sohasida davlat regulyator bo‘lmasligi, vazirlik yopilishi kerakligi”ga oid savolga javob berar ekan, sohani nazoratda ushlash kerakligi, boshqa imkoni yo‘qligini, erkin bo‘lishi uchun jamiyat ham bunga tayyor bo‘lishi zarurligini bildirgan

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Madaniyat vazirligi tomonidan 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisobi hamda 2025-yildagi istiqbolli rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ishtirok etib, dastavval amalga oshirilgan ishlar haqida hisobot berdi. Shuningdek, jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

Vazir anchadan beri muhokamalarga sabab bo‘layotgan “madaniyat sohasida davlat regulyator bo‘lmasligi, vazirlik yopilishi kerakligi”ga oid savolga javob berar ekan, sohani nazoratda ushlash kerakligi, boshqa imkoni yo‘qligini, erkin bo‘lishi uchun jamiyat ham bunga tayyor bo‘lishi zarurligini bildirgan. 

“To‘g‘ri, savolning oyog‘i qayerda turgani muhim. Bu savolning oyog‘i Amerikaning narigi yog‘ida turibdi. Baraka topkurlar, oyog‘ingizni ota-onangiz, bobolaringiz bosgan izga qo‘ying-da, bu savol chiqmaydi sizdan. Boya tushuntirdim, madaniyat sohasi — qush, buni shunday (siqib) ushlash kerak, boshqa imkoni yo‘q. Ochsangiz, ham manfaat bermaydi, faqat buzg‘unchilik olib kiradi. Baraka topkurlar, dunyoni ko‘ringlar sog‘lom odamsizlar-ku.

Erkinlik berib yuborilgan joyda san’atkorlar hamma yerni buzyapti-ku, rasvo qilib yuboryapti-ku. Shuning uchun men erkinlik bermaylik demoqchi emasman, taqiqlarga mutlaq qarshiman. Lekin erkin odamning intellekti shunga loyiq bo‘lishi kerak. U to‘rt devorning ichida ham jinoyat qilmasligi kerak. Ana o‘sha kun kelganda erkinlikni bemalol majburlab beramiz, kerak bo‘lsa. “Yo‘q, bo‘lmayman” desa ham, “yo‘q, sen erkin yashashing kerak” deymiz. Lekin bugun butun jamiyat shunga loyiq deb aytolmaymiz-ku. Bu savolni vijdonimizga qo‘yaylik”, dedi vazir.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!