menu
Sadir Japarov rafiqasi bilan Navro‘z bayramida ishtirok etdi (fotoreportaj) 
Respublika rahbari Bishkekning markaziy maydonida o‘rnatilgan o‘tov shaharchasini ko‘zdan kechirib, sumalak tatib ko‘rdi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov rafiqasi bilan 21-mart kuni Markaziy Ala-Too maydonida o‘tkazilgan Navro‘z bayramida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Japarov tadbirda nutq so‘zlab, tabiat va insonning ajralmas birligini tarannum etuvchi Navro‘z bayrami yuksak ahamiyat va muqaddas ekanini ta’kidladi. U tarix, an’analarni asrab-avaylash, ta’lim-tarbiyaga intilish muhimligini alohida ta’kidladi. 

“Ilgari maktab binolarini rekonstruksiya qilish, o‘qituvchilarning oylik maoshlarini oshirishga ahamiyat berilgan bo‘lsa, endilikda maktab dasturlari va darsliklar sifatiga alohida e’tibor qaratiladi”, — dedi Qirg‘iziston prezidenti.

Shuningdek, Sadir Japarov rafiqasi Oygul Japarova bilan birgalikda Bishkekning markaziy maydonida o‘rnatilgan o‘tov shaharchasini ko‘zdan kechirdi, sumalak tatib ko‘rdi. Tadbir konsert dasturi bilan davom etdi.

“Men har bir qirg‘izistonlikka bu yil muvaffaqiyatlar, ulkan yutuqlar, birdamlik va mamlakatimiz iqtisodiy yuksalishi yili bo‘lishini tilayman”, — dedi prezident.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!