qarashlar
Bokudan Grozniyga uchayotgan Embraer 190 yo‘lovchi samolyoti 25-dekabr kuni Qozog‘istonning Aqtau shahrida qulab tushdi. Samolyot Azerbaijan Airlines aviakompaniyasiga tegishli bo‘lib, bortida 69 kishi, jumladan, 5 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan.
Grozniy aeroporti matbuot xizmatiga ko‘ra, Bokudan uchgan samolyot Grozniydagi tuman tufayli Maxachqal’aga, keyin esa Aqtauga yo‘naltirilgan. Samolyot halokatga uchrashiga qushlar galasi bilan to‘qnashuv sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Guvohlar qulagan samolyot bortida kislorod balloni portlab ketgani, odamlar hushini yo‘qota boshlaganini aytmoqda.
Qozog‘iston Transport vazirligi ma’lum qilishicha, bortda 37 nafar Ozarbayjon, 6 nafar Qozog‘iston, 3 nafar Qirg‘iziston, 16 nafar Rossiya fuqarosi bo‘lgan. So‘nggi ma’lumotlarda 29 kishi omon qolgani, 20 dan ortiq odam kasalxonadaligi ma’lum. Checheniston rahbari Ramzan Qodirov qurbonlarning oilasiga hamdardlik bildirib, tirik qolgan 12 kishi og‘ir ahvoldaligini aytgan.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev samolyot halokatini tekshirish bo‘yicha komissiya tuzishni buyurgan. Unga bosh vazir o‘rinbosari Bozumbayev rahbarlik qiladi. To‘qayev, shuningdek, jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish uchun Ostonadan Aqtauga shifokorlarni yuborishni buyurgan.
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev aviafojia munosabati bilan Rossiyadagi MDH sammitiga qatnashmay Bokuga qaytgan. U ham qurbonlarning yaqinlariga hamdardlik bildirmoqda.
Ilhom Aliyev topshirig‘iga binoan raqamli rivojlanish va transport vaziri, favqulodda vaziyatlar vaziri, bosh prokuror o‘rinbosari, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, Fuqaro aviatsiyasi davlat agentligi direktori o‘rinbosari, AZAL vitse-prezidenti va boshqa tegishli davlat organlari vakillari voqea joyini o‘rganish uchun Qozog‘istonning Aqtau shahriga yo‘l olishdi.
Comments
0 comment