menu
Qozog‘istonda qulagan samolyot o‘qqa tutilgan bo‘lishi mumkin
Samolyotning dum va qanot qismida teshiklar aniqlandi

Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining 25-dekabr kuni Bokudan Grozniyga parvoz qilgan Embraer 190 samolyoti Qozog‘istonga qulab tushgandi. Samolyot Chechenistonga dronlar hujumini qaytarayotgan mudofaa tizimi tomonidan o‘qqa tutilgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.

Aqtau shahri yaqinida yuz bergan aviahalokatning bunday versiyasini Rossiyaning “Baza” Telegram kanali va bir qator harbiy blogerlar ilgari surmoqda. Ular samolyotning tirik qolgan yo‘lovchilari olgan kadrlari va videolarini qo‘lga kiritgan.

Qozog‘istonda qulab tushgan samolyotning dum qismidagi g‘alati izlar aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalmoqda. Teshiklar o‘qqa tutilgandan yoki portlovchi elementlar ta’siridan keyin qoladigan izlarga o‘xshaydi, deyiladi “Baza” Telegram kanalida.

Samolyotning dum qismidagi teshiklar tufayli stabilizator va balandlikni boshqarishda muammolar yuzaga kelishi mumkinligi haqidagi videodan tashqari, “Baza” samolyot parvozi paytida olingan qanotdagi teshikni ko‘rsatuvchi videoni ham e’lon qildi. Videoda samolyot qanotining bir qismi shikastlangani ko‘rinadi — u yerdagi teshik yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shu bilan birga, yo‘lovchi salonida kislorod niqoblari tushgani aks etgan.

Omon qolganlar portlash haqida gapirmoqda

Samolyotning ba’zi omon qolgan yo‘lovchilari samolyot Grozniyga uch marta qo‘nishga uringanini va portlash ovozi oxirgi urinishni to‘xtatganini aytdi. 

Tirik qolgan boshqa bir yo‘lovchi ham portlash tovushlari haqida gapirgan, biroq buni samolyot qushlar bilan to‘qnashgani sababli deb tushungan.

Военный эксперт: Упавший в Казахстане самолёт не мог быть сбит системой ПВО

“VCHK-OGPU” Telegram kanaliga ko‘ra, Embraer samolyotiga “Pansir” zenit-raketa tizimi raketasi teggan bo‘lishi mumkin.

Qozog‘istondagi aviahalokat

Bokudan Grozniyga J28243 reysini amalga oshirayotgan Embraer 190 samolyoti 25-dekabr kuni ertalab Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida halokatga uchradi. Dispetcherlar Grozniy va Maxachqal’ada qo‘nishni rad etganidan keyin layner majburiy qo‘nishni amalga oshirishga urindi. Aqtau aeroportiga bir necha kilometr qolganda u qulab tushdi, portlab, yonib ketdi. Burun qismi to‘liq yonib ketgan, dum qismida esa omon qolganlar bor.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 29 nafar tirik qolgan yo‘lovchi aynan shu qismda bo‘lgan. Ular kasalxonaga olib kelingan. Ozarbayjon prokuraturasi halokat paytida 32 kishi omon qolganini ma’lum qildi, ammo bu yakuniy ma’lumot emas. Samolyot halokatida 7 nafar rossiyalik halok bo‘ldi, 9 nafari tirik qoldi, deya aniqlik kiritdi Qozog‘iston Transport vazirligi rahbari Marat Karabayev.

Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Kanat Bozumbayev, Azerbaijan Airlines samolyoti qulashi oqibatida 38 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi.

“Jasadlar yomon holatda, asosan kuygan”, degan Bozumbayev. Samolyot bortida jami 67 kishi — 62 yo‘lovchi va besh ekipaj a’zosi bo‘lgan, deb yozadi Tengrinews Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlariga tayanib.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!