menu
Qirg‘iziston parlamenti “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qildi
Jogorku Kenesh qonun loyihasini hech qanday muhokamasiz, ikki daqiqada ma’qulladi

Jogorku Kenesh (Qirg‘iziston parlamenti) “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi, “Notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini rasman qabul qildi. Bu haqda 24.kg xabar berdi.

Qonundagi tuzatishlar uchun 66 nafar deputat ovoz bergan, 5 nafari qarshi chiqqan. Kloop xabariga ko‘ra, hujjat ikki daqiqada qabul qilingan. Endi qonunni qabul qilish uchun mamlakat prezidentining imzosi kifoya. Qonun loyihasida nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati ustidan qo‘shimcha davlat nazorati va tekshiruvlar o‘rnatish nazarda tutiladi.

Mahalliy OAVga ko‘ra, agar qonun qabul qilinsa, Qirg‘izistondagi “xorijiy agentlar” “xorijiy vakillar” deb nomlanadi. Ular Rossiyadagi kabi reyestrga kiritiladi. Ular uchun rejali (yiliga bir martadan ko‘p bo‘lmagan) va rejadan tashqari tekshiruvlar o‘tkaziladi.

Shuningdek, qonun loyihasida “xorijiy agentlar” o‘z faoliyati to‘g‘risida, jumladan, xorijiy manbalardan olgan mablag‘lar va ulardan foydalanish auditi, boshqaruv, xodimlar soni va ularning ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘yicha batafsil hisobot berishi shart. Bundan tashqari, har olti oyda bir marta ommaviy axborot vositalarida o‘z faoliyati to‘g‘risida hisobot e’lon qilishadi.

Qonun loyihasining dastlabki versiyasida jurnalistlar u Rossiya qonunidan ko‘chirilganini aytgan. O‘zlashtirish ulushi 69,2 foizni tashkil qilgan.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!