menu
Qarshida onasi va o‘gay otasi tomonidan qiynoqqa solingani aytilgan bola taqdiri sudda ko‘riladi
Ulug‘bek Azizov fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudiga murojaat qilib, bolaning yashash joyini belgilash hamda sobiq turmush o‘rtog‘i Laylo Jovliyevani onalik huquqidan mahrum qilishni talab qilib, da’vo kiritgan

Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida yashovchi hali olti yoshga ham to‘lmagan Akbarshoh Qanoatov onasi va o‘gay otasi tomonidan qiynoqqa solinganini, “dom”dan pastga tashlab yuborish bilan qo‘rqitilganini aytgani xabar berilgandi. Bolaning otasi Ulug‘bek Azizovning “Daryo”ga ma’lumot berishicha, Akbarshohning taqdiri sudda ko‘rib chiqiladi. 

Ulug‘bek Azizovning bildirishicha, u fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudiga murojaat qilib, bolaning yashash joyini belgilash hamda sobiq turmush o‘rtog‘i Laylo Jovliyevani onalik huquqidan mahrum qilishni talab qilib, da’vo kiritgan. 

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudining 2024-yil 13-mart kuni bo‘lib o‘tadigan navbatdagi majlisida da’vogar sifatida ko‘rinish beradigan Ulug‘bek Azizov suddan farzandiga qilingan jismoniy hamda ruhiy tazyiqlarni inobatga olib, o‘g‘lining yashash joyini u yashayotgan manzilga ko‘chirishni hamda Laylo Jovliyevani onalik huquqidan mahrum qilishni so‘ragan.

“Daryo” jurnalisti Laylo Jovliyeva bilan bog‘lanib, uning bu boradagi fikrlarini olishga urindi. Shuningdek, u ham sudga davo ariza kiritgan yoki kiritmaganiga aniqlik kiritishga harakat qildi. Biroq Laylo Jovliyeva qayta-qayta qilingan telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

Farzandi taqdiridan tashvishlanayotganini aytgan ota Ulug‘bek Azizov tahririyatga qilgan dastlabki murojaatida qiynoqqa solinayotganini aytgan bolasining taqdiridan tashvishlanib, ko‘plab tashkilotlarga murojaat qilganini, o‘nlab rahbarlar eshigini qoqqanini, biroq, hech qanday natijaga erishmaganini hikoya qilib bergandi.

“Daryo”ga taqdim qilingan videomateriallarda bolaning tanasida qontalashlar borligini, ko‘karishlar yuzaga kelganini ko‘rish mumkin. Shuningdek, bolaga Ichki ishlar xodimlari ekani aytilgan suhbatdoshlarning savol bergani, Laylo ismli ayolga borishi kerakligini aytgani eshitilgan. Bunga javob bergan bola esa Laylo va Jasur ismli fuqarolar uni urganini aytib, onasiga bormasligini gapirgani eshitilgan.

“Daryo” 2024-yilning 13-mart kuni bo‘lib o‘tadigan sud jarayonlari va uning yakuni haqida to‘xtaladi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!